Grafik Dizayner va UX/UI Dizayner: Orasidagi 5 ta Asosiy Farq Nimada?

IT va dizayn sohasiga kirmoqchi bo'lgan ko’p odamlar odatda bir savolga duch keladi: "Grafik dizaynerlikni o'rganaymi yoki UX/UI dizaynerlikni?" Ikkala kasb nomi ham "dizayner" so'zi bilan tugaydi, ikkalasida ham rang, shrift va kompozitsiya bor. Aynan shu o'xshashlik ko'pchilikni chalg'itadi va natijada noto'g'ri yo'nalishni tanlab qo’yishiga sabab bo’ladi.

Aslida bu ikki kasb bir-biridan farq qiladi. Grafik dizayner sizga chiroyli ko'rinadigan narsa yaratadi, UX/UI dizayner esa qulay va ishlaydigan narsa yaratadi. Bir qarashda arzimas farqdek tuyulishi mumkin, lekin aynan shu farq ish jarayonini, kerakli ko'nikmalarni va hatto oylik maoshni ham belgilab beradi. Ushbu maqolada grafik dizayner va UX/UI dizaynerning vazifalari, ish uslubi va kerakli ko'nikmalari o'rtasidagi eng muhim farqlarni ko'rib chiqamiz hamda qaysi yo'nalish sizga ko'proq mos kelishini aniqlashga yordam beramiz.

Grafik dizayner kim va nima bilan shug'ullanadi?

Grafik dizayner - g'oyani vizual til orqali yetkazadigan mutaxassis. Uning asosiy vazifasi statik, ya'ni harakatsiz vizual kontent yaratish: logotip, banner, ijtimoiy tarmoq postlari, jurnal sahifalari, kitob muqovalari, mahsulot qadoqlari va reklama materiallari. Grafik dizayner ishlagan har bir loyiha bitta maqsadga xizmat qiladi - brendning xabarini tomoshabinga chiroyli va ta'sirchan tarzda yetkazish.

Bu sohada muvaffaqiyat qozonish uchun rang nazariyasi, tipografika, kompozitsiya va vizual ierarxiya kabi asoslarni chuqur bilish talab etiladi. Grafik dizaynerning asosiy ish quroli - Adobe Photoshop, Illustrator, InDesign va Canva kabi dasturlar. Muhimi shundaki, grafik dizaynerning natijasi odatda bir martalik va ko'rish uchun mo'ljallangan: foydalanuvchi bannerni ko'radi, o'qiydi va ta'sirlanadi, lekin u bilan "muloqot qilmaydi".

UX/UI dizayner kim va uning vazifasi nimadan iborat?

UX/UI dizayner ikkita tushunchani birlashtiradi: UX - User Experience, ya'ni foydalanuvchi tajribasi va UI - User Interface, ya'ni foydalanuvchi interfeysi. UX dizayner foydalanuvchi mahsulot bilan ishlash jarayonida qanday his qilishini, qanchalik qulay va tushunarli bo'lishini o'rganadi. UI dizayner esa shu tajribani aniq tugmalar, ranglar, ikonkalar va ekranlar orqali vizual shaklga keltiradi.

Oddiy qilib aytganda, UX/UI dizayner mobil ilova yoki veb-sayt ekranlarini ishlab chiqadi va foydalanuvchi u yerda adashmasdan, qiynalmasdan kerakli natijaga erishishini ta'minlaydi. Bu jarayon foydalanuvchi tadqiqotidan boshlanadi, keyin wireframe va prototip bosqichlariga o'tadi hamda real foydalanuvchilar bilan testlash orqali yakunlanadi. Bu yerda asosiy vositalar - Figma, Adobe XD va Sketch. Grafik dizaynerdan farqli o'laroq, UX/UI dizaynerning natijasi interaktiv: foydalanuvchi tugmani bosadi, sahifalar orasida harakatlanadi va tizim bilan haqiqiy "muloqotda" bo'ladi.

Grafik dizayner va UX/UI dizayner o'rtasidagi asosiy farqlar nimada?

Ikkala kasb ham "dizayn" so'zi bilan boshlangani uchun ko'pchilik ularni bir xil deb o'ylaydi, maqsad, jarayon va natija nuqtai nazaridan orasida sezilarli farq bor. Endi ikkala kasbni bevosita solishtirib ko'ramiz.

Birinchi farq - maqsadda. Grafik dizayner estetika va xabar orqali hissiyot uyg'otishga e'tibor qaratadi, UX/UI dizayner esa qulaylik va funksionallikka e'tibor qaratadi. Ya'ni grafik dizayner "bu chiroyli ko'rinyaptimi?" deb so'rasa, UX/UI dizayner "bu tushunarli va qulaymi?" deb so'raydi.

Ikkinchi farq - yakuniy natijada. Grafik dizaynerning ishi odatda statik fayl, ya'ni rasm, banner yoki PDF sifatida yakunlanadi. UX/UI dizaynerning ishi esa interaktiv prototip yoki to'liq ishlaydigan interfeys sifatida yakunlanadi va keyin dasturchiga kod yozish uchun topshiriladi.

Uchinchi farq - ish jarayonida. Grafik dizayner ko'pincha kreativ brifdan boshlab to'g'ridan-to'g'ri dizayn yaratishga o'tadi. UX/UI dizayner esa avval foydalanuvchini o'rganadi, muammoni aniqlaydi va keyingina dizayn yechimini taklif qilib, uni haqiqiy foydalanuvchilar bilan sinab ko'radi.

To'rtinchi farq - vositalarda. Grafik dizaynerning asosiy quroli Photoshop va Illustrator bo'lsa, UX/UI dizayner asosan Figma kabi prototiplash dasturlarida ishlaydi.

Beshinchi farq - kerakli bilimda. Grafik dizaynerga vizual savodxonlik, tipografika va brending muhim bo'lsa, UX/UI dizaynerga bulardan tashqari foydalanuvchi psixologiyasi, mantiqiy fikrlash va hatto asosiy darajada dasturlash mantig'ini tushunish ham katta afzallik beradi.

Qaysi yo'nalishni tanlash kerak: grafik dizaynmi yoki UX/UI dizaynmi?

Agar siz rasm chizishni, ranglar bilan ishlashni va vizual go'zallik yaratishni yoqtirsangiz, grafik dizayn sizga ko'proq mos keladi. Agar esa mantiqiy fikrlashni, muammoni tahlil qilishni va odamlarning xatti-harakatini o'rganishni yoqtirsangiz, UX/UI dizayn sizni ko'proq qiziqtirishi mumkin.

Ko'plab professional UX/UI dizaynerlar aynan grafik dizayndan boshlagan. Chunki rang nazariyasi, tipografika va kompozitsiyani bilish - bu UI dizaynida ham asosiy poydevor hisoblanadi. Shuning uchun agar hali qaysi yo'nalishni tanlashga qat'iy qaror qilmagan bo'lsangiz, grafik dizayndan boshlash yomon tanlov emas: bu sizga vizual asoslarni mustahkam o'rganish va keyinchalik UX/UI tomon ham yo'l ochish imkonini beradi. UX/UI ni grafik dizaynni o’rganishdan boshlasangiz bu sizga fundament vazifasini o’taydi.

Aynan shu mustahkam asosni endilikda mutlaqo yangilangan Najot Ta'limning AI dizayn kursida o’rganishingiz mumkin. Zamonaviy dizayn olamini bugun sun'iy intellektsiz tasavvur qilib bo'lmaydi va shu talabdan kelib chiqib, an'anaviy grafik dizayn kursi innovatsion AI dizayn formatiga o'zgartirildi. Ushbu kursda siz dizaynning fundamental asoslarini o'zlashtirish bilan bir qatorda, sun'iy intellekt  yordamida qisqa vaqt ichida tezkor, kreativ va kuchli dizaynlar yaratish sirlarini o'rganasiz. Bu esa keyinchalik xohlasangiz zamonaviy dizaynerlikda davom etishingiz yoki UX/UI dizayn tomon o'sishingiz uchun tramplin bo'ladi. Agar dizayn sohasida ilk qadamingizni qo'yishni va ko'nikmalaringizni sun'iy intellekt orqali professional darajaga olib chiqishni istasangiz kelajak kasbini bugundan o’rganing.


AI Dizayn kursiga ro'yxatdan o'tish
Administratorga bog'lanish
78-888-9-888