AI agent - berilgan maqsadga erishish uchun oʻzi reja tuzadigan, kerakli maʼlumotni topadigan va vazifani bosqichma-bosqich bajaradigan sunʼiy intellekt dasturi. Oddiy chatbot savolingizga javob beradi. AI agent ishni oxirigacha yetkazadi.

Soʻnggi paytda “AI agent” iborasi texnologiya yangiliklarida tez-tez uchrayapti. Katta kompaniyalar oʻz agentlarini chiqaryapti, ish eʼlonlarida esa agentlar bilan ishlay oladigan mutaxassislar soʻralyapti. Bu maqolada AI agent nima ekanini, u chatbotdan nimasi bilan farq qilishini, qanday ishlashini va undan kundalik hayotda qanday foydalanish mumkinligini koʻrib chiqamiz.

AI agent chatbotdan nimasi bilan farq qiladi?

Asosiy farq - mustaqillikda. Chatbot bilan siz savol-javob qilasiz: bitta soʻrov yozasiz, bitta javob olasiz. Keyingi qadamni yana oʻzingiz oʻylaysiz. AI agentga esa maqsad berasiz, qolgan qadamlarni u oʻzi rejalashtiradi.

Masalan, chatbotdan “Samarqandga arzon chipta qanday topsam boʻladi?” deb soʻrasangiz, u maslahat beradi. AI agentga “Kelasi juma kuni Samarqandga eng arzon poyezd chiptasini topib ber” desangiz, u saytlarni ochadi, narxlarni solishtiradi va sizga tayyor variantlarni koʻrsatadi.

Boshqacha aytganda, chatbot - maslahatchi, AI agent yordamchi xodim. Biri nima qilishni aytadi, ikkinchisi ishni oʻzi bajaradi.

AI agent qanday ishlaydi?

AI agentning ishi odatda uch bosqichdan iborat. 

1. Maqsadni tushunadi va reja tuzadi

Agent sizning topshirigʻingizni oladi va uni kichik vazifalarga boʻladi. Masalan, “haftalik hisobot tayyorla” degan topshiriq uning uchun quyidagicha boʻlinadi: maʼlumotlarni yigʻish, jadval tuzish, xulosa yozish.

2. Kerakli maʼlumotni yigʻadi

Keyin agent ishni bajarish uchun zarur maʼlumotni qidiradi. U internetdan izlashi, fayllarni oʻqishi yoki boshqa dasturlardan maʼlumot olishi mumkin.

3. Vazifani bajaradi va natijani tekshiradi

Agent vazifalarni ketma-ket bajaradi va har qadamda maqsadga qanchalik yaqinlashganini tekshiradi. Agar biror narsa chiqmasa, rejani oʻzgartiradi yoki yangi qadam qoʻshadi.

AI agent nimalardan tashkil topgan?

Har bir AI agentning ichida bir nechta asosiy qism bor. Ularni bilsangiz, agent qanday “oʻylashini” tushunish osonlashadi:

  • Til modeli (LLM) - agentning “miyasi”. ChatGPT, Gemini yoki Claude kabi modellar matnni tushunadi va qaror qabul qiladi.

  • Rejalashtirish - katta maqsadni kichik, bajarsa boʻladigan qadamlarga boʻlish qobiliyati.

  • Xotira - oldingi qadamlar va suhbatlarni eslab qolish. Shuning uchun agent bir xil savolni qayta-qayta bermaydi.

  • Vositalar (tools) - brauzer, kalkulyator, pochta, jadval kabi dasturlar. Agent aynan shu vositalar orqali real harakat qiladi.

Buni oshxonaga oʻxshatish mumkin. Til modeli  oshpaz, reja - retsept, xotira - oshpazning tajribasi, vositalar bo'lsa pichoq, qozon va plita. Vositalar boʻlmasa, eng yaxshi oshpaz ham ovqat pishira olmaydi.

AI agentlardan qayerda foydalaniladi?

AI agentlar hozir koʻplab sohalarda ishlatilmoqda. Eng koʻp uchraydigan holatlar:

  • Mijozlarga xizmat. Masalan, internet-doʻkonning Telegram botidagi agent buyurtma holatini tekshiradi, yetkazib berish sanasini aytadi va kerak boʻlsa, murojaatni operatorga oʻtkazadi.

  • Dasturlash. Agent kod yozadi, xatoni topadi va uni tuzatishni taklif qiladi. Dasturchi esa koʻproq arxitektura va mantiq ustida ishlaydi.

  • Marketing. Agent raqobatchilar narxini kuzatadi, ijtimoiy tarmoq postlari uchun gʻoyalar yigʻadi va hisobot tayyorlaydi.

  • Shaxsiy ishlar. Pochtani saralash, uchrashuvlarni kalendarga qoʻshish, uzun hujjatlardan qisqa xulosa chiqarish.

Masalan, hh.uzʼda ish qidirayotgan odam agentga “Toshkentdagi junior frontend vakansiyalarini topib, talablarini jadvalga yigʻ” deb topshiriq berishi mumkin. Qoʻlda bir soat ketadigan ishni agent bir necha daqiqada bajaradi.

AI agentlar xato qiladimi?

Ha, qiladi. Agent maʼlumotni notoʻgʻri tushunishi, eskirgan saytga tayanishi yoki keraksiz qadam qoʻyishi mumkin. Shuning uchun muhim qarorlarni toʻlov qilish, xat yuborish, hujjatni oʻchirish har doim oʻzingiz tekshiring. Yaxshi agentlar ham bunday qadamlardan oldin odatda sizdan tasdiq soʻraydi. Bu xavfsizlik uchun qilingan, shuning uchun tasdiqlashdan oldin agent nima qilmoqchi ekanini diqqat bilan oʻqib chiqing.

Bundan tashqari, agentga shaxsiy maʼlumotlarni berishda ehtiyot boʻling. Masalan, karta raqami yoki Click, Payme parollarini hech qachon agentga yozmang.

AI agentlar ishimizni olib qoʻyadimi?

Aslida agentlar ishni emas, koʻproq takrorlanadigan vazifalarni oʻz zimmasiga oladi. Hisobot yigʻish, maʼlumot qidirish, oddiy javoblar yozish kabi ishlar avtomatlashadi. Lekin maqsad qoʻyish, natijani baholash va masʼuliyatni oʻz zimmasiga olish hali ham insonning vazifasi.

Demak, xavf agentning oʻzida emas, undan foydalanishni bilmaslikda. Agent bilan ishlay oladigan mutaxassis bir xil vaqtda koʻproq ish bajaradi, shuning uchun ish beruvchi uchun qimmatliroq boʻladi. Agentga toʻgʻri topshiriq berish uchun esa aniq prompt yozishni bilish kerak - bu haqda prompt yozish boʻyicha qoʻllanmamizda batafsil yozganmiz.

AI agentdan foydalanishni qanday boshlash mumkin?

Buning uchun dasturchi boʻlish shart emas. ChatGPT, Gemini va Claude kabi xizmatlarda agent rejimi yoki shunga oʻxshash funksiyalar bor. Boshlash uchun shular yetarli:

  • Kichik vazifadan boshlang. Masalan, bir nechta saytdan maʼlumot yigʻib, qisqa jadval tuzishni topshiring.

  • Maqsadni aniq yozing. Narxlarni bilib bermas, Toshkentdagi uchta doʻkondagi noutbuk narxlarini jadvalga yig' deb yozing.

  • Natijani tekshiring. Agent topgan maʼlumotlarni bir-ikkita manba bilan solishtiring.

.

 

Agar AI vositalaridan ishda unumli foydalanishni tizimli oʻrganmoqchi boʻlsangiz, Najot Taʼlimning Sunʼiy intellekt kursida asoslardan boshlab amaliy topshiriqlar orqali oʻrganishingiz mumkin.

Kurslarga roʻyxatdan oʻtish

Administratorga bogʻlanish

78-888-9-888