Universitetda o‘qish bilan birga IT o‘rganish mumkinmi? Albatta, mumkin. Buning uchun universitetdagi o‘qishni tashlash yoki barcha bo‘sh vaqtingizni ITga sarflash shart emas. Muhimi, o‘zingizga mos yo‘nalishni tanlash va o‘qish jarayonini to‘g‘ri tashkil qilish.


Universitetdagi yo‘nalish IT bo‘lmasa-chi?

Ko‘pchilikni to‘xtatib turadigan birinchi fikr shu: “Men universitetda IT yo‘nalishida o‘qimayman. Qanday qilib IT o'rgansam bo'ladi?”

Universitetdagi mutaxassislik bilan keyinchalik egallaydigan amaliy kasbingiz doim bir xil bo‘lishi shart emas. IT sohasiga kirish uchun ham barcha yo‘nalishlarda kompyuter injiniringi yoki dasturiy injiniring diplomi talab qilinmaydi. Aniq talab kompaniya va kasbga qarab farq qiladi, albatta.

Masalan, iqtisod yo‘nalishida o‘qiyotgan talaba data analitikani o‘rganishi mumkin. Chunki u iqtisodiy tushunchalarni biladi, ustiga Excel, SQL va ma’lumotlarni vizual ko‘rsatish ko‘nikmalarini qo‘shadi.

Marketing talabasi analitika, digital marketing yoki mahsulot bilan bog‘liq yo‘nalishlarga kirishi mumkin. Filologiya talabasi kontent, UX kontent marketing yoki boshqa raqamli yo‘nalishlarni o‘rganishi mumkin. Muhandislikda o‘qiyotgan talaba esa dasturlash, avtomatlashtirish yoki data bilan ishlashni qo‘shimcha ko‘nikma sifatida rivojlantirishi mumkin.

Hatto hozirgi mutaxassisligingiz IT bilan umuman bog‘liq bo‘lmasa ham, alohida amaliy ko‘nikma sifatida dasturlash, dizayn yoki boshqa yo‘nalishni o‘rganishingiz mumkin.

Muhimi, universitetdagi yo‘nalishingizni IT bilan bog‘lash emas. 

ITni o‘rganishni nimadan boshlash kerak?

“IT o‘rganaman” degan maqsad juda umumiy. Chunki ITning o‘zi bitta kasb emas.

Masalan, frontend dasturchi sayt va ilovalarning foydalanuvchi ko‘radigan qismini yaratadi. Backend dasturchi esa tizimning ichki ishlashi, server va ma’lumotlar bilan ko‘proq ishlaydi. Mobil dasturchi telefon ilovalarini yaratadi.

Kod yozishga unchalik qiziqmasangiz ham variantlar bor. UI/UX dizaynda interfeys bilan, data analitikada raqamlar va ma’lumotlar bilan, QA yo‘nalishida dastur sifatini tekshirish bilan shug‘ullanish mumkin. Kiberxavfsizlik va tizim administratsiyasi esa kompyuter tizimlari, tarmoqlar va xavfsizlikka ko‘proq yaqin.

Boshlashdan oldin o‘zingizga bir nechta oddiy savol bering:

  • Vizual ish qilish menga yoqadimi?

  • Sonlar va ma’lumotlarni tahlil qilishdan zerikmaymanmi?

  • Mantiqiy masalalarni yechishni yaxshi ko‘ramanmi?

  • Kod yozishni o‘rganishga qiziqamanmi?

  • Tayyor mahsulotning tashqi ko‘rinishi bilan ishlashni xohlaymanmi yoki uning ichki mexanizmi qiziqroqmi?

Keyin ikki-uchta yo‘nalish haqida boshlang‘ich ma’lumot ko‘rib, bittasini tanlang.

Bir vaqtning o‘zida Python, frontend, grafik dizayn va kiberxavfsizlikni boshlash yaxshi reja emas. Birinchi oyda hammasi qiziq tuyulishi mumkin, lekin hech birida yetarli asos shakllanmaydi.

Avval bitta yo‘nalishda poydevor yarating. Keyinchalik zarur bo‘lsa, unga yaqin boshqa ko‘nikmalarni qo‘shish ancha oson bo‘ladi.

Universitet bilan IT o‘rganishga vaqtni qayerdan topish mumkin?

Talabaning jadvali har doim bir xil emas. Bir hafta nisbatan yengil o‘tadi, keyingi haftada ikkita topshiriq, prezentatsiya va oraliq nazorat bir kunga to‘g‘ri kelishi mumkin.

Shuning uchun “har kuni aniq ikki soat IT o‘qiyman” degan qat’iy reja hamma uchun ishlamaydi.

2026-yilda universitet talabalari bo‘yicha 31 tadqiqot va 13 mingdan ortiq ishtirokchini birlashtirgan meta-tahlilda vaqtni boshqarish bilan ta’lim natijalari o‘rtasida ijobiy bog‘liqlik aniqlangan. Oddiy qilib aytganda, faqat ko‘p vaqt sarflash emas, mavjud vaqtni qanday tashkil qilish ham muhim.

Dushanba–juma: darslar nisbatan yengil kunlarda 90–120 daqiqalik IT darslari. Juda band kunlarda yangi mavzu o‘rniga 30-40 daqiqa oldingi bilimlarni takrorlash ham yetarli.

Shanba: ikki-uch soatni amaliy loyiha, vazifa yoki chuqurroq mashq uchun ajratish.

Yakshanba: o‘tgan haftani ko‘rib chiqish, tushunilmagan mavzularni takrorlash va keyingi hafta rejasini yozish.

Bu jadval qoida emas. Kimdir yotoqxonada yashab, yo‘lga vaqt sarflamaydi. Boshqa talaba universitetga borib-kelishning o‘ziga ancha vaqt yo‘qotadi. Viloyatda yashaydigan talabaning internet yoki kompyuterga kirish imkoniyati boshqacha bo‘lishi mumkin. Yana kimdir o‘qish bilan birga ishlaydi.

Shuning uchun avval haftangizda haqiqatan bo‘sh bo‘lgan vaqtni toping, keyin IT o'rganishni shu vaqtga joylashtiring.

Imtihonga yaqin ITga ajratilgan vaqtni kamaytirish ham normal. Muhimi, “bu hafta kamroq o‘qidim, demak tashlab yubordim” degan fikrga tushmaslik.

6 soat bir kunda emas, muntazam o‘qish muhim

Yakshanba kuni olti soat kod yozib, keyingi olti kun umuman shug‘ullanmaslikdan ko‘ra, haftada bir necha marta qisqaroq mashg‘ulot qilish ko‘pincha samaraliroq.

Ta’lim usullarini tahlil qilgan yirik ilmiy sharhda ham bilimni vaqt oralig‘iga bo‘lib takrorlash, ya’ni hammasini bir o‘tirishda o‘rganishga urinishdan ko‘ra darslarni taqsimlash - samarali usullardan biri sifatida baholangan.

Bu IT o‘rganishda ayniqsa qulay. Chunki sizga bir kunda butun JavaScript yoki SQLni tugatish shart emas.

Bugun bitta tushuncha.

Ertaga uni ishlatib kichik vazifa.

Dam olish kuni esa shu bilimlarni birlashtiradigan loyiha.

Shu tarzda bilim asta-sekin yig‘iladi.

Dars ko‘rish boshqa, amaliyot qilish boshqa

IT o‘rganishda eng ko‘p uchraydigan xatolardan biri - o‘qishni faqat videodars ko‘rish deb tushunish.

Frontend o‘rganyapsiz deylik. HTML haqida 20 ta video, CSS haqida yana 30 ta video ko‘rdingiz. Hammasi tushunarli tuyuladi.

Lekin bo‘sh sahifani ochib, mustaqil sayt qilish kerak bo‘lganda nima yozishni bilmay qolasiz.

Bu normal. Chunki ko‘rish bilan bajarish boshqa-boshqa ko‘nikma.

225 ta universitet darajasidagi STEM tadqiqotlarini birlashtirgan PNAS meta-tahlilida ham talabani faol ishlashga undaydigan ta’lim usullari faqat ma’ruza tinglashga asoslangan o‘qishga nisbatan yaxshiroq natijalar bergan.

Shuning uchun IT o‘rganish jarayoni shunday bo‘lishi kerak:

o‘rganish → takrorlash → bajarish → xato qilish → tuzatish → mustaqil loyiha

Frontend o‘rganuvchi oddiy sahifa, keyin moslashuvchan landing page, undan keyin kichik sayt qilishi mumkin.

Data analitika o‘rganuvchi faqat Excel, SQL yoki Power BI bo‘yicha dars ko‘rmasdan, ma’lumotlar to‘plamini olib, savol qo‘yishi va undan xulosa chiqarishga urinishi kerak.

UI/UX o‘rganuvchi esa faqat Figma tugmalarini bilish bilan cheklanmasdan, masalan, mobil ilovaning biror ekranini qayta ishlab, nima uchun aynan shunday qaror qilganini tushuntira olishi kerak.

Kursga borish kerakmi yoki mustaqil o‘rgansa bo‘ladimi?

Ikkalasi ham ishlashi mumkin.

Mustaqil o‘rganish sizga mos bo‘lishi mumkin, agar siz kerakli manbalarni topa olsangiz, o‘quv rejasini tuza olsangiz, muntazam ishlasangiz va tushunmagan joyingizda javob qidirishdan qo‘rqmasangiz.

Bunda bepul videodarslar, dokumentatsiya, maqolalar va amaliy platformalardan foydalanish mumkin. Xarajat kamroq bo‘ladi, o‘qish tezligini ham o‘zingiz boshqarasiz.

Lekin bitta muammo bor: internetda material juda ko‘p.

Bugun bitta YouTube kursi, ertaga boshqa roadmap, keyingi kuni Telegramdagi boshqa kurs. Natijada o‘rganishdan ko‘ra “nimani o‘rganish kerakligini” qidirishga ko‘proq vaqt ketib qolishi mumkin.

Kurs esa sizga tuzilma, mentor yordami, vazifalar, muddat va guruh muhiti kerak bo‘lsa foydali bo‘lishi mumkin.

Qaysi formatda siz muntazam o‘rganib, amaliyot qilib va xatolaringizni tuzatib bora olasiz? — muhim savol shu.

Universitetni butunlay ikkinchi o‘ringa tushirib yubormang

ITga qiziqib qolgan ayrim talabalar bir paytning o‘zida universitetni deyarli tashlab qo‘yishadi.

Bunga ham e'tibor belish kerak.

Oddiy o‘quv haftasida IT uchun ko‘proq vaqt ajratishingiz mumkin. Oraliq nazorat, imtihon yoki katta kurs ishi yaqinlashsa, IT mashg‘ulotini vaqtincha kamaytirasiz. Ta’til davrida aksincha, amaliyot va loyihalarni ko‘paytirish mumkin.

Maqsad universitet va ITni har kuni 50/50 qilish emas.

Maqsad - yil davomida ikkalasini ham tashlab yubormaydigan tizim qurish.

Oilada “avval universitetni bitir” degan bosim bo‘lsa ham, IT o‘rganishni universitetning o‘rniga qo‘yish shart emas. Uni parallel ravishda shakllanadigan amaliy kasb sifatida ko‘rish ancha sog‘lom yondashuv.

Ingliz tilim yaxshi bo‘lmasa, IT boshlamasam ham bo‘ladimi?

Ingliz tilini mukammal bilishni kutib o‘tirish shart emas.

Dasturlashni o‘rganishni boshlashingiz va parallel ravishda ingliz tilingizni yaxshilashingiz mumkin. Xuddi shunday data analitika, dizayn yoki boshqa yo‘nalishlarda ham.

Lekin vaqt o‘tishi bilan ingliz tili katta yordam beradi. Dokumentatsiyani o‘qish, xatoga yechim izlash, xalqaro darslarni ko‘rish va professional hamjamiyatlardagi materiallardan foydalanish osonlashadi.

O‘zbekiston bo‘yicha Jahon bankining Digital Inclusion loyihasida ham yoshlarni raqamli iqtisodiyotdagi ishlarga tayyorlashda raqamli ko‘nikmalar bilan birga kommunikatsiya va xorijiy tillar kabi ko‘nikmalarni rivojlantirish alohida yo‘nalish sifatida ko‘rsatilgan.

Shuning uchun IT yoki ingliz tili deb tanlash o‘rniga, IT va ingliz tilini parallel rivojlantirish foydaliroq.

Portfolio yig‘ishni qachon boshlash kerak?

“Avval hammasini o‘rganib olay, keyin portfolio qilaman” degan fikrni unuting.

ITda “hammasini o‘rganib bo‘ldim” degan nuqta deyarli yo‘q.

Portfolio o‘qish jarayonining o‘zida paydo bo‘lishi kerak.

Dasturchi birinchi yaxshi ishlangan landing page portfolioning boshlanishi bo‘lishi mumkin. Dizaynerda mobil ilova ekranlari va case study, data analitikda dashboard yoki ma’lumotlar tahlili, mobil dasturchida esa kichik ishlaydigan ilova birinchi loyiha bo‘la oladi.

Oddiy tamoyil:

o‘rganing → amalda bajaring → loyiha yarating → yaxshilang.

Qachon amaliyot yoki ish izlashni boshlash mumkin?

Bu yerda “uch oyda ishga kirasiz” yoki “olti oyda junior bo‘lasiz” degan aniq formula yo‘q.

Bir inson dasturlash asoslarini tezroq o‘zlashtiradi, boshqasiga ko‘proq vaqt kerak bo‘ladi. Data analitika, kiberxavfsizlik yoki machine learning kabi yo‘nalishlarning kirish nuqtasi ham bir xil emas.

Natijaga tanlangan soha, haftalik vaqt, amaliyot sifati, portfolio, ingliz tili, muloqot ko‘nikmalari va bozordagi raqobatning hammasi ta’sir qiladi.

Lekin umumiy yo‘lni ko‘rsatish mumkin:

o‘rganish → kichik loyihalar → portfolio → amaliy tajriba → internship yoki kichik buyurtmalar → junior imkoniyatlari

Birinchi tajriba faqat rasmiy ish joyidan kelishi shart emas. Universitetdagi loyiha, hackathon, ko‘ngilli loyiha, stajirovka yoki kichik frilans topshirig‘i ham amaliy tajriba bera oladi.

Talabalar IT o‘rganishda eng ko‘p qiladigan xatolar

Bir vaqtning o‘zida bir nechta yo‘nalishni boshlash. Natijada hech birida yetarlicha chuqurlik paydo bo‘lmaydi.

Faqat kurs ko‘rish. Video tugaydi, lekin mustaqil vazifa boshlanganda bilim yetishmay qoladi.

Har hafta yangi manbaga o‘tish. Bitta kursni yarmida tashlab, boshqasini boshlash rivojlanayotganingizdek tuyuladi, aslida esa bir xil boshlang‘ich mavzularni qayta-qayta ko‘rishingiz mumkin.

Haddan tashqari katta reja tuzish. Ertalab universitet, kechqurun ish yoki kurs bo‘la turib, har kuni yana to‘rt soat mustaqil shug‘ullanishni rejalashtirish ko‘pincha uzoqqa bormaydi.

Faqat sertifikat yig‘ish. Ish beruvchiga sertifikatdan tashqari nimani qila olishingizni ko‘rsata olish ham muhim.

Universitet bilan birga IT o‘rganish uchun 6 qadam

1. Bitta yo‘nalishni tanlang

Keyingi bir necha kunni dasturlash, SMM, mobilografiya, data analitika, QA yoki dizayn kabi sizni qiziqtirgan yo‘nalishlarni tushunishga sarflang. Keyin bittasida to‘xtang.

Mukammal tanlov qilish shart emas. Hozir sizga boshlash uchun yetarlicha mos yo‘nalish kerak.

2. Keyingi 3–6 oy uchun boshlang‘ich reja tuzing

Bu “olti oyda ishga kiraman” degani emas.

Bu shunchaki oldingizdagi yo‘lni ko‘rish uchun muddat. Masalan, birinchi oy asoslar, keyingi bosqichda mashqlar, undan keyin kichik loyihalar.

Reja qancha sodda bo‘lsa, unga amal qilish shuncha oson.

3. Haftada qancha vaqt ajrata olishingizni halol hisoblang

Avval universitet darslari, yo‘l, uy vazifasi, ish, uyqu va shaxsiy majburiyatlarni yozing.

Shundan keyin IT uchun vaqt toping.

Haftasiga olti soat real bo‘lsa, o‘n besh soatlik reja tuzmang.

4. Har bir mavzuni amalda ishlating

HTML o‘rgandingizmi - page yarating.

SQL o‘rgandingizmi - ma’lumotlar bilan so‘rov yozing.

Figma o‘rgandingizmi - interfeys tayyorlang.

Faqat “tushundim” bilan cheklanmay, “mustaqil bajara olamanmi deb tekshirib ko'ring.

5. Kichik loyihalardan portfolio yig‘ing

Birinchi loyiha mukammal bo‘lishini kutmang.

Bir oy oldingi ishingizga qarab xatolarni ko‘ra boshlagan bo‘lsangiz, bu yomon emas. Aksincha, o‘sganingizni bildiradi.

6. Yetarli bilim olgandan keyin, real loyihalar qidirib ko'ring.

Amaliyot, kichik frilans loyiha, universitet ichidagi loyiha, hackathondan boshlash mumkin.

Maqsad darhol katta daromad emas. Birinchi bosqichda real vazifa, muddat, jamoa va mas’uliyat bilan ishlash tajribasi ham juda qimmatli.

Rejani mustaqil tuzish qiyin bo‘lsa nima qilish kerak?

Ba’zi talabalar nimani o‘rganishini yaxshi biladi, lekin yo‘lni mustaqil tuzishda qiynaladi. Qaysi mavzudan keyin qaysi mavzuga o‘tish, vazifani kim tekshirishi, xatoni qayerdan topish va o‘qishni qanday muntazam davom ettirish noaniq bo‘lib qoladi.

Bunday vaziyatda aniq o‘quv dasturi, amaliy topshiriqlar, mentor yordami, muddatlar va guruh muhiti foydali bo‘lishi mumkin.

Masalan, Najot Ta’limning hozirda dasturlash, sun’iy intellekt, marketing, dizayn va data analitika kabi yo‘nalishlardagi amaliyotgan asoslangan kurslar bor. Mentorlar va bilimni amaliyot bilan qo'llashga ham alohida urg‘u berilgan. Shuning uchun o‘quv yo‘lini yolg‘iz tuzish qiyin bo‘lsa, o‘zingizga mos yo‘nalishni u yerdan ham ko‘rib chiqishingiz mumkin.

Kurslarga ro’yxatdan o’tish

Administratorga bog‘lanish

78-888-9-888