“Internet orqali ishlashni boshlamoqchiman, lekin qayerdan boshlashni bilmayman” degan gapni ko‘p eshitamiz. Kimdir grafik dizaynni biladi, kimdir video montaj qiladi, yana kimdir SMM, dasturlash yoki matn yozish bilan shug‘ullanadi. Lekin shu ko‘nikmalarni daromad manbaiga aylantirishda qiyinchilikka duch keladi.

Frilanserlik aslida murakkab emas. Oddiy ishda siz bitta kompaniyada ma’lum vazifalarni bajarib, odatda doimiy maosh olasiz. Frilanserlikda o‘z ko‘nikmangiz bilan turli mijozlarning alohida loyihalarini bajarasiz va qilgan ishingiz uchun haq olasiz.

Masalan, grafik dizayner bir kompaniyada shtatda ishlashi mumkin. Frilanser grafik dizayner bo‘lsa, bugun kafega menyu, ertaga o‘quv markaziga Instagram postlari, keyingi hafta boshqa biznesga logo tayyorlashi mumkin.

O‘zbekistonda turib frilanser bo‘lishni qanday boshlash mumkin?

 

Frilanser bo‘lib kimlar ishlashi mumkin?

Frilans faqat dasturchilar uchun emas. Mijozga masofadan turib topshirish mumkin bo‘lgan xizmat bo‘lsa, uni frilans shaklida sotish imkoniyati bor.
Masalan, grafik dizayn, SMM, target, video montaj, kopirayting, tarjima, dasturlash, web-dizayn, UI/UX, SEO, prezentatsiya tayyorlash, data analitika kabi yo‘nalishlarda frilanser bo‘lib ishlash mumkin.

Muhimi, “men frilanser bo‘laman” deb boshlash emas, “men mijozning qaysi muammosini hal qila olaman?” degan savolga javob topish.

Masalan, “Men SMM menejerman” deyish juda umumiy. “Toshkentdagi kichik bizneslar uchun Instagram kontent reja va post matnlarini tayyorlayman” deyilsa, xizmat ancha tushunarli bo‘ladi.

Tajribasiz odam ham frilanserlikni boshlashi mumkin. Faqat mijoz topishdan oldin sotadigan ko‘nikma va ko‘rsatadigan ishlar bo‘lishi kerak.

Frilanser bo‘lish uchun 5 ta qadam

1. Avval bitta yo‘nalishni tanlang

Boshlanishida hamma narsani birdan o‘rganishga urinmang. SMM, dizayn, montaj, dasturlash va kopiraytingni bir vaqtda boshlash natijani sekinlashtiradi.

O‘zingizga yaqin bitta yo‘nalishni tanlang. Masalan, videolar bilan ishlash sizga yoqsa - montaj yoki mobilografiya, matn yozishga qiziqsangiz - kopirayting, texnik masalalarni yaxshi ko‘rsangiz - dasturlash yoki data analitikani ko‘rib chiqishingiz mumkin.

Yo‘nalish tanlashda faqat “qaysi kasbda ko‘p pul bor?” degan savolga emas, shu ishni bir necha oy davomida muntazam o‘rganishga tayyormisiz, shunga ham qarang.

2. Mijoz pul to‘laydigan darajada ko‘nikma o‘rganing

Frilans saytga profil ochishning o‘zi yetmaydi. Avval xizmatni sifatli bajara olish kerak.

Masalan, grafik dizayner Photoshop yoki Figmani bilishi, SMM mutaxassisi kontent reja tuza olishi, dasturchi real ishlaydigan loyiha yaratishi kerak.

Mukammal mutaxassis bo‘lib ketishni kutish ham shart emas. Boshlash uchun kichik vazifalarni mustaqil bajaradigan darajaga chiqish yetarli.

3. Mijoz bo‘lmasa ham amaliy loyihalar qiling

Boshlovchilarning eng ko‘p beradigan savoli: “Portfolio qilish uchun mijoz kerak, mijoz topish uchun esa portfolio kerak. Unda nima qilaman?”

Portfolio uchun birinchi ishlar albatta pullik bo‘lishi shart emas.

Grafik dizayner o‘ziga yoqqan mahalliy kafe uchun yangi menyu yoki Instagram dizaynini namuna sifatida tayyorlashi mumkin. SMM o‘rganuvchi Toshkentdagi biror kiyim do‘koni uchun bir haftalik namuna uchun kontent reja tuzishi mumkin. Kopirayter o‘quv markazi uchun Telegram post, reklama matni va landing page matnidan namunalar yozishi mumkin.

Dasturchi esa oddiy Telegram bot, internet do‘konining demo versiyasi yoki shaxsiy portfolio saytini yaratishi mumkin.

3–5 ta sifatli namuna boshlang‘ich portfolio uchun ko‘pincha o‘nlab tasodifiy ishlardan foydaliroq.

4. Portfolio va profilni tayyorlang

Portfolioni murakkab sayt qilish shart emas. Dizayner Behance yoki shaxsiy sahifadan, SMM mutaxassisi Google Drive yoki tartibli PDFdan, dasturchi GitHub va portfolio saytidan foydalanishi mumkin.

Muhimi, mijoz portfolioni ochganda uchta narsani tez tushunsin: siz nima qilasiz, qanday darajada qilasiz va unga qanday foyda bera olasiz.

“Men kreativ va mas’uliyatli mutaxassisman” kabi umumiy gaplardan ko‘ra, bajarilgan ishlarning o‘zi kuchliroq dalil bo‘ladi.

5. Frilans platformada profil oching

Portfolio tayyor bo‘lgach, frilans saytlar orqali xalqaro mijozlarni izlashni boshlash mumkin. Lekin bir vaqtning o‘zida beshta platformaga kirib, hech birini to‘liq yuritmaslikdan ko‘ra, bittasini tanlab yaxshilab tushunib olish foydaliroq.

Profilingizda haqiqiy ko‘nikmalaringizni yozing. Tajribangiz kam bo‘lsa, “10 yillik professional” deb ko‘rsatish shart emas. Yaxshi portfolio va aniq xizmat tavsifi ko‘proq foyda beradi.

O‘zbekistondan turib qaysi frilans saytlarda ishlash mumkin?

Frilans sayt tanlashda faqat loyihalar soniga emas, pul yechib olish imkoniyati, platforma qoidalari va sizning yo‘nalishingizga ham qarash kerak.

Upwork

Upwork dasturlash, dizayn, marketing, kopirayting, data analitika va boshqa ko‘plab yo‘nalishlardagi loyihalarni topish mumkin bo‘lgan yirik frilans platformalardan biri.

Bu yerda mijoz loyiha joylaydi, frilanser esa unga taklif yuboradi. Soatbay va loyiha asosidagi ishlar mavjud.

Upwork rasmiy ma’lumotiga ko‘ra, platforma 180 dan ortiq mamlakatdagi frilanslarni qo‘llab-quvvatlaydi. Pul yechish usullari foydalanuvchi mamlakatiga qarab farq qilishi mumkin; Upwork Direct to Local Bank, xalqaro bank o‘tkazmasi va AQShdan tashqaridagi foydalanuvchilar uchun Payoneer kabi variantlarni ko‘rsatadi. Profilingizda aynan qaysi usullar ochiqligini “Withdrawals” bo‘limidan tekshirish kerak.

Upworkning qiyin tomoni - yangi profil bilan dastlabki buyurtmani olish oson emas. Shuning uchun umumiy takliflarni ko‘plab yuborishdan ko‘ra, aynan sizning tajribangizga mos loyihalarga individual yozilgan taklif yuborish yaxshiroq.

Fiverr

Fiverrda ishlash usuli biroz boshqacha. Bu yerda ko‘pincha frilanser o‘z xizmatini oldindan paket shaklida joylashtiradi. Masalan, “Instagram uchun 10 ta post dizayn qilaman” yoki “1 daqiqalik Reels videosini montaj qilaman”.

Shu sababli grafik dizayn, tarjima, video montaj, kopirayting va turli raqamli xizmatlarda Fiverr tushunarli formatga ega.

Platformada O‘zbekistondan faol ishlayotgan frilanser profillari ham mavjud. Fiverr rasmiy yordam markazida pulni PayPal, Payoneer orqali bank o‘tkazmasi yoki Payoneer hisobiga chiqarish variantlari ko‘rsatilgan, lekin ayrim usullarning mavjudligi mamlakatga bog‘liq. Shu sababli profil ochgandan keyin aynan sizga mavjud “payout” usulini tekshirish muhim.

Fiverrda asosiy qiyinchilik - raqobat. Shunchaki “logo design” xizmatini qo‘yib kutishdan ko‘ra, aniqroq yo‘nalish tanlash foydali: masalan, “restoranlar uchun menyu dizayni”.

Freelancer.com

Freelancer com da ham mijozlar loyihalar joylaydi, frilanserlar esa ularga taklif yuboradi. Dasturlash, dizayn, marketing, kopirayting va boshqa yo‘nalishlarda minglab loyihalarni topish mumkin.

Pul yechish usullaridan biri Payoneer bo‘lib, platforma pul yechib olish variantlari foydalanuvchining joylashuviga qarab farq qilishini ochiq ko‘rsatadi. Shuning uchun ro‘yxatdan o‘tgach, mavjud usullarni hisob ichida tekshirish kerak.

Boshlovchilar uchun loyihalar ko‘p bo‘lishi yaxshi, lekin narx bo‘yicha kuchli raqobat ham uchraydi. Eng arzon frilanser bo‘lishga harakat qilish o‘rniga, xizmat sifati va aniq portfolio bilan farqlanish foydaliroq.

Frilans saytlar mijoz topishning yagona yo‘li emas

Ayniqsa O‘zbekistonda birinchi mijoz ko‘pincha Upworkdan emas, tanishlar, Telegram yoki Instagram orqali kelishi mumkin.

Masalan, dizayner portfolio ishlarini Instagram va Telegram kanalida ko‘rsatib boradi. SMM mutaxassisi mahalliy bizneslarga yozadi. Dasturchi LinkedInda loyihalarini chiqaradi. Birinchi mijoz yaxshi natija olsa, keyingi mijozni tavsiya qilishi mumkin.

Shuning uchun frilans platformani yagona imkoniyat sifatida ko‘rish shart emas.


Mijoz bilan qanday gaplashish kerak?

Frilanser uchun faqat ishni bilish kamlik qiladi. Mijoz bilan kelishib ishlash ham alohida ko‘nikma.

Ishni boshlashdan oldin vazifani aniqlashtiring: aynan nima tayyorlanadi, qachon topshiriladi, nechta tuzatish kiradi va narx qancha.

Masalan, “logo - 500 ming so‘m” deyishning o‘rniga “500 ming so‘mga 2 ta boshlang‘ich variant, tanlangan variant ustida 2 martagacha qayta edit va PNG/SVG fayllar topshiriladi” deyilsa, ikki tomon uchun ham tushunarli bo‘ladi.

To‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlayotgan yangi mijoz bilan katta loyiha bo‘lsa, ish hajmini bosqichlarga bo‘lish yoki oldindan to‘lov haqida kelishib olish xavfni kamaytiradi. Frilans platformada ishlaganda to‘lov va ish topshirishni imkon qadar platformaning o‘z tizimida olib borish xavfsizroq.

Frilanser xizmat narxini qanday belgilaydi?

Boshlovchi frilanser odatda ikki xatodan birini qiladi. Juda baland narx aytadi yoki mijozni yo‘qotib qo‘yishdan qo‘rqib deyarli tekin ishlaydi.

Narx belgilashda vazifaning hajmi, unga ketadigan vaqt, murakkablik, tuzatishlar soni va o‘z darajangizni hisobga oling.

Boshida bozorni o‘rganib, o‘zingizga mos boshlang‘ich narx belgilash mumkin. Bir nechta muvaffaqiyatli loyiha, kuchli portfolio va yaxshi mijoz fikrlari yig‘ilgach, narxni asta-sekin oshirish tabiiy jarayon.

Eng muhimi, narxni faqat “necha soat ishlayman?” bilan emas, qanday natija topshirayotganingiz bilan ham bog‘lashni o‘rganish.

Frilanser qancha pul topishi mumkin?

Bunga hammaga aniq javob yo‘q.

Frilanserning daromadi uning kasbi, tajribasi, portfolio sifati, mijoz topa olishi, muloqoti, xorijiy til darajasi, ish tezligi, obro‘si va qaysi bozorda ishlashiga bog‘liq.

Shuning uchun “frilansda oyiga aniq falon dollar topasiz” degan va’dalardan ehtiyot bo‘lish kerak.

Boshlovchi uchun birinchi maqsad minglab dollar emas, birinchi real mijozni olish, ishni sifatli topshirish va ikkinchi mijozni topishni osonlashtiradigan tajriba yig‘ish bo‘lgani ma’qul.

Ingliz tilini bilish shartmi?

Frilanserlikni boshlash uchun mukammal ingliz tilini bilish shart emas.

O‘zbek tilida ishlaydigan bizneslar, mahalliy mijozlar va rus tilidagi bozor bilan ham boshlash mumkin. Masalan, SMM, mobilografiya, grafik dizayn yoki video montajda O‘zbekistonda ham mijozlar mavjud.

Lekin ingliz tilini bilish xalqaro frilans saytlar, xorijiy mijozlar va kattaroq bozorga chiqish imkoniyatini oshiradi.

Shuning uchun “avval ingliz tilini mukammal o‘rganaman, keyin ishlayman” deyish o‘rniga, frilanserlikni boshlash va tilni parallel rivojlantirish tog'ri tanlov bo'ladi.

Agar hali qaysi kasbni o‘rganishni bilmasangiz yoki amaliy ko‘nikmangizni rivojlantirmoqchi bo‘lsangiz, Najot Ta’limdagi dasturlash, dizayn va marketing, data analitika kabi zamonaviy yo‘nalishlarni ham ko‘rib chiqishingizni tavsiya qilamiz. Masalan, grafik dizayn bo‘yicha kursda dizaynning amaliy ko’nikmalari va sun’iy intellekt vositalari bilan ishlash o‘rgatiladi.

Administratorga bog‘lanish
Telegram kanalga obuna bo'lish

78-888-9-888