Ish va o‘qishni bir vaqtda olib borish: vaqtni qanday to‘g‘ri boshqarish kerak?
Ko'pchiligimizga tanish bo'lgan odatiy holatni tasavvur qiling. Ertalab o'qishga yoki ishga borasiz, kechqurun charchab uyga qaytasiz. Birozdan keyin ertaga qilishingiz kerak bo'lgan vazifangiz borligini eslaysiz. O'qishni boshlashdan oldin besh daqiqa deb telefonni ochasiz va ijtimoiy tarmoqlarda qanday qilib bir soat vaqt o'tib ketganini sezmay qolasiz. Yoki ish kunidan so'ng kechki kurslarga qatnaysiz va uyga kech qaytib, har kuni kechasi 1 gacha dars qilishni rejalashtirasiz. Lekin bir necha haftadan so'ng bu reja ishlamaydi, charchoq sababli hech biriga diqqatingizni qarata olmay qolasiz.
Bu holatda muammo "menda umuman vaqt yo'q" deyishda emas. Ko'pincha asosiy qiyinchilik - vazifalarning haddan tashqari ko'pligi, haqiqatga to'g'ri kelmaydigan rejalar tuzish va uyquning yetishmasligidadir. Agar siz ham ish va o'qishni birga olib borayotgan bo'lsangiz, vaqtni qanday qilib to'g'ri rejalashtirish, charchab qolmaslik va barcha muhim ishlarga ulgurish mumkinligini ushbu maqolada ko'rib chiqamiz.
Ish va o‘qishni birga olib borish uchun 7 ta amaliy usul
Vaqtni boshqarish deganda hamma narsani bir kunga siqishni tushunmaslik kerak. Quyidagi oddiy, lekin hayotiy usullar sizga vaqtni to‘g‘ri taqsimlashda yordam beradi:
Haftalik reja tuzing. Faqat bir kunni emas, butun haftani oldindan ko'ra bilish ancha foydaliroq. Reja tuzishda eng avvalo aniq band bo'lgan vaqtlaringizni ish soatlari, dars vaqtlari, yo'lga ketadigan vaqt yozib chiqing. Shundan keyin qolgan bo'sh vaqtlarga mustaqil o'qish va vazifalar uchun vaqt ajrating. Har bir daqiqani rejalashtirishga urinmang, orada bo'sh vaqtlar qolishi shart.
Har kuni eng muhim. 2–3 vazifani tanlang Kunlik rejaga 15 ta ishni yozib qo'yish faqatgina stressni oshiradi. Buning o'rniga bugun uchun eng muhim va zarur bo'lgan 2-3 ta ishni ajratib oling. Masalan, bitta ish hisobotini tugatish va bitta universitet vazifasini bajarish. 15 ta ishni yarmida tashlab ketgandan ko'ra, 3 ta muhim ishni oxiriga yetkazish insonning unumli ishlash qobiliyatini oshiradi.
Katta vazifalarni kichik qismlarga ajrating. Miya katta vazifalarni ko'rganda ularni bajarishni ortga surishga harakat qiladi. Shuning uchun "Imtihonga tayyorlanish" deb yozish o'rniga, "20 bet mavzuni qayta ko'rish" deb yozing. Yoki "Portfolio yaratish" o'rniga "Bugun portfolio uchun bitta loyiha tavsifini yozib tugatish" deb reja qiling. Kichik qismlarga bo'lingan ishlarni boshlash doim osonroq bo’ladi.
Telefon va chalg‘itadigan narsalarni boshqaring. Diqqatni jamlash uchun barcha ijtimoiy tarmoqlarni o'chirib tashlash shart emas, bu ko'pincha imkonsiz. Faqatgina o'qish uchun ajratgan 45-60 daqiqalik vaqtingizda telefonni boshqa xonaga qo'ying yoki bildirishnomalarni o'chirib turing. Telegram va Instagram uchun alohida dam olish vaqtlarini ajratib, ish vaqtida ularga kirmaslikka harakat qiling.
Bir vaqtning o‘zida hamma narsani qilishga urinmang. Ishdagi xabarlarga javob berish bilan birga videodars ko'rish ko'rinishidan ko'p ish qilinayotgandek tuyulishi mumkin. Aslida bu jarayon e'tiborni bo'ladi va xatolarni ko'paytiradi. Amerika Psixologiya Assotsiatsiyasi (APA) tadqiqotlariga ko'ra, bir ishdan ikkinchisiga tez-tez o'tish bizni ko'proq charchatadi va jiddiy vaqt yo'qotilishiga sabab bo'ladi. Shuning uchun har bir ishni o'z vaqtida, alohida bajaring.
Dam olish va uyquni rejaning bir qismi deb hisoblang. Ko'p uxlashni vaqtni isrof qilish deb o'ylamang. Garvard universiteti tadqiqotchilari xulosasiga ko'ra, yetarli uyqu olmaslik insonning yangi ma'lumotlarni o'zlashtirish va xotiraga muhrlash qobiliyatini 40 foizgacha pasaytirib yuborishi mumkin. Biz kun davomida o'rgangan bilimlarimiz aynan uyqu vaqtida qisqa muddatli xotiradan uzoq muddatli xotiraga o'tadi. Kechasi bilan uxlamay o'qib chiqish asab tizimini charchatadi, biroq bilimlarni mustahkamlamaydi.
Rejani hayotga moslashtiring. Rejalar ko'pincha biz o'zimizning "ideal" versiyamiz uchun tuzganimiz sababli ishlamay qoladi. Agar siz soat 20:00 da ishdan charchab kelsangiz, har kuni kechasi 3 soat tinimsiz dars qilishni rejalashtirish mantiqsiz. Bunday jadvalga uzoq chidab bo'lmaydi. Ish kunlari 1 soat diqqat bilan o'qishni va dam olish kunlari kattaroq vaqt ajratishni sinab ko'ring. O'qishga vaqt topish uchun kam-kam, lekin har kuni muntazam harakat qilish kerak.
Haqiqiy hayotga moslashgan kun tartibi
Har kimning holati har xil. Ish bilan o‘qishni birga olib borish uchun muvozanatlashgan kunlik tartib taxminan quyidagicha bo'lishi mumkin:
-
09:00 – 18:00: Ish vaqti (shu jumladan tushlik va oradagi kichik tanaffuslar).
-
18:00 – 19:30: Ishdan qaytish, kechki ovqat va miyani biroz chalg'itish uchun hordiq.
-
19:30 – 20:30: 60 daqiqalik asosiy o'qish vaqti (videodars ko'rish yoki konspekt yozish).
-
20:30 – 20:45: Tanaffus. Oila a'zolari bilan suhbatlashish yoki choy ichish.
-
20:45 – 21:30: 45 daqiqalik amaliyot (o'rganilgan narsalarni takrorlash yoki vazifa qilish).
-
21:30 dan keyin: Shaxsiy ishlar, ijtimoiy tarmoqlar, ertangi kun uchun tayyorgarlik va uyqu.
Bu shunchaki namuna sifatida berildi. O'z jadvalingizni yashash tarzingizga moslashingiz muhim.
Agar haqiqatan ham hech narsaga ulgurmayotganingizni his qilsangiz, kichik bir mashq bajarib ko'ring. 3-5 kun davomida vaqtingiz nimalarga sarflanayotganini katta qismlarda yozib boring. Ish, transport, telefon o'ynash, uy ishlari kabi kategoriyalarga bo'ling.
Buning maqsadi o'zingizni ayblash emas. Siz haqiqiy holatni ko'rib, qayerda vaqtni tejash mumkinligini aniq ko'rasiz. Shuni ham unutmaslik kerakki, muammo ba'zida vaqtni rejalashtirishda emas, balki zimmangizdagi majburiyatlarning haddan tashqari ko'pligida bo'ladi. Bunday paytda qaysidir vazifalarni biroz ortga surish yoki kamaytirish qoidalari ish beradi.
Ish, o‘qish va charchab qolish
Tinim bilmay ishlash oqibatida inson o'zini ruhiy va jismoniy jihatdan qattiq charchatib qo'yishi mumkin. Jahon Sog'liqni Saqlash Tashkiloti (WHO) doimiy va boshqarib bo'lmaydigan ish stresini surunkali charchoq sindromi deb belgilagan.
Agar doimiy ravishda o'zingizni holsiz his qilsangiz, e'tiboringiz tez bo'linsa, arzimagan narsalarga tez asabiylashib ketsangiz, demak tana sizga dam olish kerakligini eslatmoqda. Dam olish - dangasalik emas, u o'z energiya zaxiralaringizni qayta tiklash uchun o'ta muhim jarayondir.
Foydali vositalar
Reja tuzish uchun murakkab dasturlar shart emas. Google Calendar yordamida uchrashuv va darslarni vaqtini belgilashingiz, Notion kabi dasturlarda vazifalarni yozib borishingiz mumkin. Yoki oddiygina qog'oz yon daftar ishlatsangiz ham bo'ladi. Asosiy maqsad asbobning o'zi emas, uni siz muntazam ishlata olishingizdir.
Vaqtni boshqarish bo'yicha noto'g'ri qarashlar
Yoshlar orasida tarqalgan ba'zi qoidalarga ko'r-ko'rona amal qilish ko'pincha foydadan ko'ra zarar keltiradi:
-
"Har kuni sahar 5 da turish kerak." Organizm o'zi uchun yetarli uyquni olishi kerak. Kechasi yotib, tonggi 5 da turish va uxlamaslik sizga yordam bermaydi.
-
"Har bir daqiqani yozib reja qilish shart." Hayotda kutilmagan vaziyatlar doim bo'lib turadi. Haddan tashqari qat'iy reja kutilmagan vazifa chiqib qolganda faqat stressga sabab bo'ladi.
-
"Bir vaqtning o'zida ko'p ish qilish foydali." Yuqorida aytib o'tganimizdek, e'tiborni tez-tez bo'lish miyani ko'proq charchatadi va tezlikni tushirib yuboradi.
Ko'p so'raladigan savollar (FAQ)
Ishdan keyin o‘qishga kuch qolmasa nima qilish kerak? Darsni kichik, masalan, 20-30 daqiqalik qismlarga bo'ling. Katta darsni boshlash qiyin, ammo kichikroq vazifaga kirishish psixologik jihatdan oson kechadi.
Talaba bir kunda necha soat mustaqil o‘qishi kerak? Bunda soatlar soni emas, e'tibor muhimroq. Telefon va chalg'itadigan narsalarsiz 1 soat sof o'qish, chalg'ib 3 soat kitob ustida o'tirishdan foydaliroq.
Ish va o‘qishni birga olib borishda uyquni qanday tashkil qilish kerak? Kuniga o'rtacha 7-8 soat uxlashga harakat qiling. Kech yotib erta turish faqat qisqa muddatda yordam beradi, uzoq muddatda esa diqqatingiz yo'qolishiga sabab bo'ladi.
Telefon chalg‘itmasligi uchun nima qilish mumkin? Dars qilayotgan vaqtingizda telefonni o'zingizdan uzoqroq, qo'lingiz yetmaydigan joyga olib qo'ying. Bildirishnomalarni ovozsiz rejimga tushiring.
Yangi kasb o'rganishni rejalashtiryapsizmi?
Dasturlash, grafik dizayn, marketing yoki SMM kabi zamonaviy kasblarni o'rganayotgan yoshlar ish va o'qishni birlashtirish jarayoniga ko'p to'qnash kelishadi. Bunday vaqtda insonga quyidagi ketma-ketlik yordam beradi: aniq maqsad → real reja → muntazam amaliyot → yetarli dam olish.
Agar siz ham kelajakda raqamli kasblarni o'rganib, yaxshi mutaxassis bo'lishni xohlasangiz, tartibli o'quv dasturiga ega bo'lish muhim. Ishlaydigan talabalar uchun Najot Ta'lim o'quv markazida taklif etilayotgan zamonaviy kasblar yordamchi bo'lishi mumkin. Qulay vaqt, aniq tizimli o’quv reja orqali Najot Ta’limda zamonaviy kasblarni o’rganishingiz mumkin.
Kurslarga ro’yxatdan o’tish
Administratorga bog‘lanish
78-888-9-888
