Yangiliklar
273

Inson temperamentlari kasb tanlashda qanchalik muhim?

Ushbu maqolada siz temperamentning hayotimizdagi oʻrni va kasb tanlash jarayoniga ta’siri haqida bilib olasiz.

Inson temperamentlari kasb tanlashda qanchalik muhim?

Ba’zi odamlar boshqalar bilan tez chiqishib ketadi va oson muloqot qila oladi. Ba’zilari esa jamoat oldida oʻzini noqulay sezadi va yolgʻiz boʻlishga intiladi. Shuningdek, ayrimlar tez qaror qabul qilsa, yana boshqalar bir qaror ustida uzoq oʻylab, tahlil qilib keyin qabul qiladi. 

Xoʻsh, nega odamlar bunchalik farq qiladi? Bu holatning sababi nimada? Aslida, bunday xususiyatlar insonning temperamentiga bogʻliq. Har bir insonda bu xususiyatlarning har biri bo‘yicha alohida moyillik bo‘ladi va ularning hammasi birlashib, bizning o‘ziga xos temperamentimizni hosil qiladi.


Temperament nima? 

Temperament — bu insonning tug‘ma xulq-atvori bo‘lib, shaxsiy xususiyatlari, oʻzini qanday tutishi va atrof-muhitga qanday javob berishi orqali namoyon boʻladigan tabiatidir. Har bir inson o‘ziga xos temperamentga ega bo‘lib, bu uning kundalik hayoti va xatti-harakatlarida yaqqol namoyon bo‘ladi. Bizning Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, temperamentning 20% dan 60% gacha qismi genetika bilan bogʻliq. Ya’ni sizning temperamentingiz qisman ota-onangiz temperamenti asosida shakllanishi mumkin. 


Temperament tushunchasining kelib chiqishi

Yillar davomida olimlar temperamentning to‘rtta aniq turini shakllantirib, uni yanada kengaytirib o‘rganishmoqda. To‘rt asosiy temperament nazariyasi esa bundan yuzlab yillar oldin paydo bo‘lgan. Gippokrat bu g‘oyani qadimgi Yunonistonda birinchi bo‘lib ilgari surgan bo‘lib, u inson xulq-atvori to‘rt tana suyuqligiga bog‘liq deb hisoblagan. Keyinchalik hozir biz foydalanadigan temperament ta’riflari Galen tomonidan shu “tana suyuqliklari” nazariyasi asosida rivojlantirilgan. Galenning to‘rt temperament nazariyasiga ko‘ra, insonlarning fe’l-atvori to‘rtta asosiy suyuqliklar: qon, balg‘am, sariq safro va qora safro hisoblanadi. Qaysi suyuqlik ustun bo‘lsa, insonning xarakteri ham shunga mos temperamentga ega bo‘ladi, deb qaralgan. Bugungi kunda bu ilmiy aniq tibbiy nazariya emas, lekin inson xulq-atvorini tushunish uchun qiziqarli psixologik model sifatida ishlatiladi.


Temperament turlari:

 • Sangvinik 
 • Xolerik 
 • Melanxolik
 • Flegmatik 

 1. Sangvinik — (sanguine, lotincha “qon” ) bu temperamentga ega inson tanasida qon miqdori ustun bo‘ladi. Sangvinik odamlar odatda juda quvnoq, energiyali, ijtimoiy va gapdon bo‘lishadi. Ular yangi odamlar bilan tez chiqishadi, muhitga oson moslashadi va optimistik qarashga ega bo‘lishadi. Ularning kuchli tomonlari: ular atrofdagilarni tez ilhomlantira oladi, muhitga jon kiritadi va ijodkor bo‘ladi. Lekin salbiy tomonlari ham bor: ular tez zerikadi, ishni oxirigacha yetkazmasligi mumkin, tartibsizlikka moyil bo‘ladi va ba’zan impulsiv qarorlar qabul qiladi.

 2. Xolerik — (kholerikos, yunoncha “safro” yoki “sariq-yashil oʻt” ) Bu sariq safro bilan bog‘langan temperamentdir. Bu turdagi odamlar tezkor, qat’iyatli, maqsadga yo‘naltirilgan va liderlikka moyil bo‘lishadi. Ular tez qaror qabul qiladi, mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishdan qo‘rqmaydi va maqsad sari kuchli intiladi. Ammo, ularning kamchiliklari ham bor: ular sabrsiz bo‘lishi mumkin, tez jahli chiqadi, boshqalarni nazorat qilishga moyil bo‘ladi va ba’zan juda qattiqqo‘l yoki murosasiz bo‘lishi mumkin.

 3. Melanxolik — qora safro bilan bog‘langan temperamentdir. Qadimda bu suyuqlik insonning ichki chuqur fikrlashi bilan bog‘langan deb qaralgan. Melanxolik odamlar tahlilchi, ehtiyotkor, sezgir va mukammallikka intiluvchi bo‘lishadi. Ular mayda detallarni ham ko‘ra oladi, vaziyatni chuqur tahlil qiladi va sifatga katta e’tibor beradi. Ularning kuchli tomoni — aniq fikrlash, mas’uliyat va chuqur tahlil qobiliyatidir. Ammo ular ko‘p o‘ylashi, o‘zini tanqid qilishi, tez tushkunlikka tushishi va ba’zan tortinchoq bo‘lishi mumkin. Ko‘p odamlar “melanxolik” so‘zini qayg‘u yoki tushkunlik holati bilan bog‘lashadi. Lekin, melanxolik temperament faqat yolg‘iz o‘tirib, qayg‘uga berilish bilan cheklanmaydi.

 

4. Flegmatik — bu temperament tanadagi balg‘am suyuqligi bilan bog‘lanadi. Flegmatik odamlar sokin, xotirjam, hislarda barqaror va sabrli bo‘lishadi. Ular odatda janjal va nizolardan uzoq yurishga harakat qiladi, tinch muhitni yoqtiradi va o‘zgarishlarga sekin moslashadi. Ularning kuchli tomoni: ishonchlilik, barqarorlik va stressga chidamlilikdir. Biroq kamchiliklari: sust harakat qilishi, passiv bo‘lishi, o‘zgarishlarni yoqtirmasligi va ba’zan motivatsiyasi past bo‘lishi mumkin.

• Temperament faqatgina insonning fe’l-atvorini koʻrsatmaydi, balki, ichki moyilliklariga koʻra qaysi kasblar unga mos kelishini ham koʻrsatadi. Keling, endi qaysi temperament vakillari qanday sohalarni egallasa, yanada muvaffaqiyatliroq boʻlishini koʻrib chiqamiz. 

 1. Sangvinik – kasbiy kuchli tomonlari:
Sangviniklar tabiiy kommunikator, kreativ, kontent yaratishni yaxshi koʻradi, energiyasi yuqori boʻlganligi uchun ular:  media, marketing, ta’lim, san’at, grafiy dizayn, mobilografiya, videografiya, SMM menejerlik va tashkilotchilikka moyilroq boʻladi. 

 2. Xolerik – kasbiy kuchli tomonlari:
Xoleriklar tezkor va natijaga yo‘naltirilgan muhitda yaxshi ishlaydi. Ular yetakchilik va strategiyada kuchli bo‘lib, mas’uliyatni o‘z zimmasiga olish, qaror qabul qilish va natijaga erishishda ustun bo‘lishadi. Shuning uchun ularga: tadbirkorlik, menejment, savdo, huquq, siyosat, operatsion boshqaruv, startap, loyiha boshqaruvi kabi sohalar mos keladi. 

 3. Melanxolik – kasbiy kuchli tomonlari: 
Melanxoliklar  har qanday ishga aniqlik va reja olib kiradi. Ular tahlil, rejalashtirish talab qiladigan kasblarda yaxshi: ilmiy tadqiqot, muhandislik, yozuvchilik, arxitektura, moliya, tibbiyot, data analitika, dasturchi, sun’iy intellekt mutaxassisi kabi sohalar mos keladi. 

 4. Flegmatik – kasbiy kuchli tomonlari: Flegmatiklar bosim ostida ham xotirjam qoladi, hissiy aql va sabr talab qiladigan kasblarda yaxshi natija ko‘rsatadi: ta’lim, HR, sog‘liqni saqlash, ma’muriy ishlar, data analitika, kiberxavfsizlik, buxgalteriya kabi sohalar mos keladi. 

Eng muhimi — bu yerda “har bir temperament faqat bitta kasbga mos keladi” degan qat’iy qoida yo‘q. Insonlar ko‘pincha bitta temperament bilan chegaralanmaydi, balki, bir nechta temperament aralashmasidan iborat bo‘ladi. Masalan, kimdadir sangvinikning ijtimoiyligi bilan flegmatikning sokinligi uyg‘unlashgan bo‘lishi mumkin, boshqasida esa xolerikning liderligi melanxolikning chuqur tahlili bilan birlashgan bo‘ladi.

Xulosa qilsak, temperamentga bu hukm chiqaruvchi emas, balki yo‘l ko‘rsatuvchi vosita deb qarash kerak. U sizga:
 • qaysi muhitda o‘zingizni qulay his qilishingizni
 • qaysi faoliyatni osonroq bajara olishingizni 
 • qayerda ko‘proq rivojlanishingiz mumkinligini anglashga yordam beradi.

Qaysi ish sizga zavq beradi? 
Qaysi muhit sizni rivojlantiradi? 
Qaysi vazifalar sizni charchatadi yoki ilhomlantiradi? Ana shu savollarga javob topish orqali siz qaysi sohaga moyil ekanligingizni bilish mumkin. 

Shuni ham unutmaslik kerakki, inson faqat temperamentiga bog‘lanib qolmaydi. U o‘z ustida ishlashi, zaif tomonlarini rivojlantirishi, yangi ko‘nikmalarni o‘rganishi va o‘z imkoniyatlarini kengaytirishi kerak.

Agar siz kuchli tomonlaringizdan toʻgʻri foydalana olsangiz va zaif tomonlaringiz ustida ishlasangiz, siz istalgan sohada muvaffaqiyatga erishishingiz mumkin. Eng asosiysi — o‘zingizni anglash, to‘g‘ri yo‘lni tanlash va o‘sha yo‘lda harakat qilishdir.

Administratorga bog'lanish
78-888-9-888

Muallif:

Najot Ta'lim

Muallif:

Najot Ta'lim

Tavsiya etamiz:

Sun'iy Intellekt qanday Ishlaydi? Machine Learning orqali AI o'qitish jarayoni

Sun'iy Intellekt qanday Ishlaydi? Machine Learning orqali AI o'qitish jarayoni

Batafsil