Ushbu maqola orqali IQ va EQ darajangizni qanday oshirish yoʻllarini bilib oling

Avvalgi qismda biz IQ va EQ nima ekanligini, ular orasidagi farqlar va hayotimizdagi rolini koʻrib chiqqan edik. Bu maqola uning davomi boʻlib, endi esa IQ va EQ ni amaliy usullar orqali qanday rivojlantirish mumkinligini koʻrib chiqamiz. IQ bu qobiliyat boʻlib, asosan genetika orqali shakllansa-da, zamonaviy neyrologiya mutaxassislari “IQ butunlay tugʻma emas va uni rivojlantirish mumkin” deb hisoblamoqda. EQ ni ham mashqlar va amaliyot orqali rivojlantirish mumkin. Xullas, ikkalasini rivojlantirib hayotda foydalana olish sizning oʻzingizga bogʻliq.
IQ ni keskin oʻzgartirish qiyin, ammo miyangiz umr davomida sekin-asta oʻzgarib boradi. Neyrologlar buni neyroplastiklik deb ataydi, yaʼni miya yangi tajriba va mashqlar orqali oʻzini qayta qurishga qodir. Demak, toʻgʻri faoliyatlar bilan shugʻullansangiz, miyangiz ancha samarali va tezroq ishlashga oʻrganadi.
Masalan, yangi til oʻrganish. Chunki yangi til oʻrgangan odam miyani bir vaqtning oʻzida ikki tizimda ishlashga majbur qiladi. Qaysi soʻzni qoʻllash kerak, qanday grammatika, qanday talaffuz, bularning barchasi miyaga xilma-xillik beradi. Musiqa asbobini chalishni oʻrganish esa miyaning bir necha qismini bir vaqtda ishlatadi: eshitish, harakat, xotira va hissiyot. Yoki shu kabi yangi sohalarda oʻzingizni sinab boring. Bularning barchasi miyani yangi vaziyatga moslashtiradi va neyron aloqalarni kuchaytiradi. Muhimi, oʻrganayotgan narsangiz sizni biroz qiynasin. Qulay zonadan chiqish, oʻsishga birinchi qadam.
Krossvord, sudoku va shu kabi mantiqiy oʻyinlar oʻynash miya uchun haqiqiy trening jarayoni. Har safar miya yangi boshqotirmalarga duch keladi va yangi hal qilish yoʻllarini oʻylab topadi. Shuningdek, telefoningizda kuniga 15-20 daqiqa vaqt sarflab Lumosity va Elevate kabi maxsus ilovalar orqali kognitiv qobiliyatingizni yaxshilash mumkin. Muhimi muntazam miyaga yangi chaqiriqlar taklif qilish.
Kitob oʻqish miyani rivojlantirishda eng kuchli usullardan biri. Ayniqsa matematika, falsafa yoki tarix kabi murakkab sohalardagi kitoblar miyangizni yuzaki emas, chuqur fikrlashga majbur qiladi. Har bir yangi tushuncha, har bir murakkab gʻoya miyangiz uchun yangi mashq boʻlib xizmat qiladi. Shuningdek, faqatgina kitob oʻqish bilan cheklanmaslik zarur. Kitobdan olgan yangi insaytlar va xulosalarni boshqalar bilan boʻlishing. Muhokama va munozara davralarida ishtirok eting. Bu orqali boshqalarning fikrini tinglaysiz va oʻz fikringizni dalillar bilan himoya qilishni oʻrganasiz. Kitob tanlayotganda doim bir xil janr yoki sohadagi kitoblar bilan cheklanmang. Vaqti-vaqti bilan mutlaqo yangi, miya uchun begona boʻlgan kitoblardan oʻqing. Shunda miya qulay zonadan chiqib, yangi maʼlumotlarni tahlil qilishni oʻrganadi.
Koʻpchilik IQ ni faqat kitob oʻqish yoki mashqlar bilan bogʻlaydi. Lekin bu toʻgʻri emas. Miyaning sifatli faoliyati sogʻlom turmush tarzi orqali taʼminlanadi. Inson sogʻlom odatlar bilan yashasa, sogʻlom ovqat, sifatli uyqu va harakatda boʻlsa, bu miyani yanada yaxshiroq ishlashiga koʻmak beradi.
Katta oʻzgarishlar ham kichik odatlardan boshlanadi. Miya uchun ham shunday. Sogʻlom va muntazam bajariladigan odatlar miyaga taʼsir qiladi. Masalan, uyqudan oldin va uygʻongandan soʻng darrov gadjetlardan foydalanmaslik, haftada 1-2 kun raqamli detoks, fikrlar tiniqlashishi uchun yozib borish, vaqti-vaqti bilan tabiatda vaqt oʻtkazish kabilar miyaga ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Shuningdek, tanani suvsizlikdan asrash lozim. Kun davomida faqat chanqaganda emas, tez-tez suv ichib yurish kerak. Suvsizlanish ham diqqat va xotiraga sezilarli taʼsir qiladi. Kuniga 1.5-2 litr toza suv ichish miyangizni toʻliq quvvatda saqlaydi. Bundan tashqari, faol harakatda boʻlish ham zarur. Jismoniy mashqlar miyaga qon oqimini kuchaytiradi va kislorod yetkazib berishni tezlashtiradi. Bu miyaning ishlash tezligini oshiradi. Muntazam harakat esa kortizol darajasini pasaytiradi, yaʼni stressga qarshi kurashadi. Shuning uchun kun davomida albatta jismoniy harakat uchun ham vaqt ajrating.
Uxlash bu shunchaki dam olish yoki yaxshi tavsiya emas, bu zarurat. Inson uxlayotganida uning miyasi kun davomida oʻrganilgan maʼlumotlarni qisqa muddatli xotiradan uzoq muddatli xotiraga oʻtkazadi. Yaʼni kechasi yaxshi uxlagan odam ertalab oʻsha maʼlumotni ancha yaxshi eslab qoladi. Ikkinchidan, miya uyqu paytida oʻzini tozalaydi, yaʼni neyronlar orasida toʻplangan zararli moddalar chiqarib yuboriladi. Bundan tashqari yangi neyron aloqalar mustahkamlanadi. Kam uxlagan odamda esa buning aksi bo‘ladi: diqqat tarqoq, fikrlash sekin va qarorlar notoʻgʻri qabul qilinadi.
Organizm nima qabul qilsa, uning taʼsirini miya ham qabul qiladi. Baliq, yongʻoq va zaytun moyidagi omega-3 yogʻ kislotalari neyronlar orasidagi aloqani mustahkamlaydi va xotira hamda diqqatni yaxshilaydi. Tuxum va dukkakli oʻsimliklardagi B vitamini esa miyaning asab tizimini qoʻllab-quvvatlaydi. Koʻp miqdorda shakar, qayta ishlangan oziq-ovqat va tez tayyorlanadigan taomlar miyada yalligʻlanish jarayonlarini keltirib chiqarib, fikrlash qobiliyatini pasaytiradi.
Xulosa qilib aytganda, IQ va aqliy salohiyatni rivojlantirish bir kunlik jarayon emas. Bu muntazam oʻrganish, miyani doimiy mashq qildirish va sogʻlom turmush tarziga amal qilish orqali asta-sekin shakllanadi. Yangi tillarni oʻrganish, kitob oʻqish, mantiqiy mashqlar bajarish va intellektual suhbatlarda qatnashish miyani faol ishlashga undaydi. Shu bilan birga, sifatli uyqu, sogʻlom ovqatlanish va jismoniy harakat miyaning samarali faoliyat yuritishida muhim rol oʻynaydi. Inson oʻz ustida muntazam ishlasa, uning fikrlash tezligi, xotirasi va muammolarni hal qilish qobiliyati sezilarli darajada rivojlanadi.
EQ ham IQ kabi tez rivojlanib ketmaydi, doimiy oʻz ustingizda ishlash va yangi tajribalar orqali rivojlanadi. Psixologlar fikricha, EQ tugʻma boʻlmaydi, u bolalikdan beri shakllanib boradi va uni ham muntazam mashqlar orqali rivojlantirish mumkin.
Koʻpchilik odamlar oʻz hissiyotlarini toʻliq tushunmaydi. EQ ning asosi avval oʻz hissiyotlarini tushunishdan boshlanadi. Masalan, inson faqat “jahlim chiqdi”, “xafa boʻldim” yoki “asabiylashdim” deya umumiy hislarni aytadi. Aslida esa hissiyotlar bundan ancha murakkab boʻladi. Masalan, insonning jahli chiqishining ortida eʼtiborsizlik, qoʻrquv yoki charchoq yotgan boʻlishi mumkin. Psixologiyada bu holat self-awareness, yaʼni oʻzini anglash deb ataladi. Chunki inson nimani his qilayotganini tushunmasa, uni boshqara ham olmaydi. Yoki yana bir misol: kimdir sizni tanqid qildi. Sizning darrov jahlingiz chiqdi va tez reaksiyaga kirishib oʻzingizni himoya qildingiz. Lekin biroz chuqurroq oʻylasangiz, aslida sizning jahlingiz emas, oʻzingizni qadrsiz his qilganingiz sizni ranjitgan boʻlishi mumkin. Kun davomida oʻzingizdan soʻrab boring:
— Men hozir yoki oʻsha paytda nimani his qildim?
— Nima sababdan bunday his qilyapman?
— Bu hissiyot qayerdan paydo boʻldi?
Tadqiqotlarga koʻra, hissiyotlarni nomlashning oʻzi ham miyani tinchlantiradi. Chunki miya noaniq hislarni emas, aniq maʼlumotni boshqarishni yaxshi koʻradi.
EQ past insonlar ko‘pincha hissiyot taʼsirida darhol reaksiya bildiradi. Jahli chiqsa baqiradi, xafa bo‘lsa gaplashmay qo‘yadi yoki stressda notoʻgʻri qaror qabul qiladi. Bu esa keyinchalik pushaymon bo‘lishga olib kelishi mumkin. EQ yuqori insonlar esa hissiyot va harakat orasida pauza qila oladi. Psixologiyada bunga response pause deyiladi. Yaʼni inson vaziyatga darhol javob bermasdan, bir necha soniya toʻxtab vaziyatni tahlil qiladi. Masalan, kimdir sizga qoʻpol gapirdi. Agar siz ham darhol qoʻpol javob qaytarsangiz, vaziyat yanada yomonlashadi. Lekin chuqur nafas olib, biroz jim tursangiz, miyangizning mantiqiy qismi faolroq ishlay boshlaydi. Psixologlar fikricha, kuchli EQ aynan hissiy impulslarni boshqarish qobiliyatida namoyon boʻladi. Bunday paytda chuqur nafas olish, 5 soniya kutish, suv ichish, vaziyatga tashqaridan qarash kabi usullar samarali hisoblanadi.
Kundalik tutsangiz yaxshi, agar tutmagan boʻlsangiz tutishni boshlang. Kundalik bu shunchaki kuningiz qanday oʻtganini yozish emas, endilikda u sizni tinglovchi va sizni yaqindan biluvchi sherikka aylansin. Ko‘pchilik o‘z hissiyotlarini ichida yigʻib yuradi. Natijada stress, ichki bosim va hissiy charchoq paydo bo‘ladi. Journaling, yaʼni kundalik yozish esa hissiyotlarni tashqariga chiqarishga yordam beradi. Psixologlar kundalik tutishni “miyani tozalash” usuli deb atashadi. Kundalikka yozilsa, fikrlar tartiblanadi va tiniqlashadi. Masalan, har kuni kechqurun quyidagilarni yozish mumkin:
— Bugun meni nima xursand qildi?
— Nima meni ranjitdi?
— Qaysi vaziyatda hissiyotimni boshqara olmadim?
— Men nimani oʻrganishim kerak?
Bu usul stressni kamaytiradi, oʻzini anglash va hissiy nazoratni kuchaytiradi.
Empatiya bu boshqa insonning his-tuygʻularini tushunish va uning holatini his qila olish qobiliyatidir. EQ yuqori insonlar odatda odamlarning kayfiyati, ichki holati va hissiyotlarini tezroq sezadi. Empatiyani rivojlantirishning eng muhim usullaridan biri insonlarni diqqat bilan tinglashdir. Ko‘pchilik suhbat paytida qarshisidagi odamni tushunish uchun emas, javob berish uchun tinglaydi. Aslida esa odamning gapini bo‘lmasdan oxirigacha eʼtibor bilan tinglash uning hissiyotlarini yaxshiroq tushunishga yordam beradi. Shuningdek, odamlarning yuz ifodasi, tana harakati va ovoz ohangiga eʼtibor berish ham muhim. Chunki inson hissiyotlarining katta qismi aynan tana tili orqali namoyon boʻladi. Masalan, kimdir “yaxshiman” desa ham, uning ovozi past yoki yuzida charchoq sezilsa, aslida kayfiyati yaxshi bo‘lmasligi mumkin. Empatiyani oshirish uchun insonlarni darhol hukm qilish odatini kamaytirish ham zarur. Har bir insonning o‘z muammosi va ichki kurashi bo‘lishi mumkinligini tushunish boshqalarni yanada yaxshiroq anglashga yordam beradi. Bundan tashqari, turli insonlar bilan muloqot qilish va badiiy kitoblar o‘qish ham empatiyani rivojlantiradi. Ayniqsa roman va hikoyalar o‘qiganda inson qahramonlarning his-tuyg‘ularini tasavvur qiladi va bu miya uchun empatiya mashqi vazifasini bajaradi. Kuchli empatiya insoniy munosabatlarni yaxshilaydi, janjallarni kamaytiradi va odamlar orasidagi ishonchni mustahkamlaydi.
Stress insonning nafaqat jismoniy holatiga, balki hissiyotlari va qarorlariga ham kuchli taʼsir qiladi. Psixologlarning aytishicha, stress kuchaygan paytda miyaning hissiyotlarga javob beruvchi qismi amigdala faollashadi. Natijada inson tez jahllashadi, xavotirga tushadi, diqqatini yoʻqotadi va vaziyatga haddan tashqari hissiy reaksiya bera boshlaydi. Shu sababli EQ ni rivojlantirish uchun avvalo stressni boshqarishni oʻrganish muhim hisoblanadi. Ko‘pchilik stressni butunlay yo‘q qilish kerak deb o‘ylaydi. Aslida esa stressni yo‘qotish emas, uni sogʻlom boshqarish muhim. EQ yuqori insonlar stress paytida hissiyotga berilib ketish o‘rniga o‘zini tinchlantirish usullarini biladi. Muntazam jismoniy harakat, sifatli uyqu va dam olish ham stressni boshqarishda juda katta rol o‘ynaydi. Chunki charchagan miya hissiyotlarni nazorat qilishda qiynaladi. Shuningdek, kun davomida gadjetlardan biroz uzoqlashish, tabiatda vaqt o‘tkazish ham miyani tinchlantiradi. Stressni boshqara olgan inson hissiyotlarini ham ancha yaxshi boshqara oladi.
EQ past insonlar tanqidni ko‘pincha hujum yoki kamsitish sifatida qabul qiladi. Natijada ular darhol himoyalanishga o‘tadi, jahli chiqadi yoki o‘zini oqlashga harakat qiladi. Aslida esa tanqid har doim ham yomon narsa emas. EQ yuqori insonlar tanqidni o‘sish va xatolarni anglash uchun imkoniyat sifatida qabul qiladi. EQ yuqori insonlar tanqidni hissiyot bilan emas, tahlil bilan qabul qilishga harakat qiladi. Masalan, kimdir sizning ishingiz haqida salbiy fikr bildirsa, darhol “meni hurmat qilishmayapti” deb o‘ylash o‘rniga “bu gapdan nimani o‘rgansam bo‘ladi?” deb qarash foydaliroq bo‘ladi. Bu insonning hissiy yetukligini ko‘rsatadi. Shunday qilib, tanqidni eshitganda avvalo hissiyot bilan emas, xotirjamlik bilan vaziyatni baholash kerak. Agar tanqid foydali bo‘lsa, undan xulosa chiqarish mumkin. Agar noo‘rin bo‘lsa, uni qalbga yaqin olish shart emas.
Ko‘pchilik EQ ni faqat boshqalarni tushunish yoki mehribon bo‘lish deb o‘ylaydi. Aslida esa hissiy intellektning muhim qismlaridan biri o‘z hissiy holatini himoya qila olishidir. Buning uchun inson shaxsiy chegaralar qo‘yishni bilishi kerak. EQ yuqori insonlar boshqalarga yordam beradi, lekin o‘zini unutib qo‘ymaydi. Ular kerak bo‘lganda muloyim tarzda rad javobini bera oladi. Masalan, insonning biror narsaga vaqti yoki energiyasi bo‘lmasa, o‘zini majburlab rozi bo‘lish o‘rniga ochiq va hurmat bilan “yo‘q” deyishni bilishi kerak. Bu qo‘pollik emas, balki o‘z ruhiy salomatligini himoya qilish hisoblanadi. Shuningdek, toksik insonlardan uzoqroq yurish, manipulyatsiyani tanish va boshqalarning hissiyotlari uchun o‘zini to‘liq javobgar his qilmaslik ham sog‘lom hissiy chegaralarga kiradi. Kuchli shaxsiy chegaralar insonning ruhiy barqarorligini va ichki xotirjamligini saqlashga yordam beradi.
Qoʻshimcha tarzda amerikalik psixolog va jurnalist Daniel Goleman tomonidan yozilgan “Hissiy intellekt” kitobini oʻqish ham tavsiya qilinadi. Ushbu kitob EQ tushunchasini ilmiy va hayotiy misollar orqali chuqur tushuntirib beradi. Unda insonning hissiyotlarini anglash, boshqarish va ijtimoiy munosabatlarda toʻgʻri foydalanish yoʻllari batafsil yoritilgan. Kitob EQ ni rivojlantirishga jiddiy qiziqadiganlar uchun juda foydali manba hisoblanadi.
Xulosa qilib aytganda, IQ va EQ insonning hayotdagi muvaffaqiyati uchun bir-birini to‘ldiradigan ikki muhim qobiliyat hisoblanadi. IQ ni rivojlantirish uchun doimiy o‘qish, yangi bilimlarni o‘zlashtirish, mantiqiy mashqlar bajarish va miyani turli vazifalar bilan shug‘ullantirish muhim. Kitob o‘qish, yangi tillarni o‘rganish va muammolarni tahlil qilish miya faoliyatini kuchaytiradi va fikrlash tezligini oshiradi. EQ ni rivojlantirish esa o‘z hissiyotlarini anglash, stressni boshqarish, empatiyani kuchaytirish, tanqidni to‘g‘ri qabul qilish va shaxsiy chegaralarni o‘rnatish orqali amalga oshadi. Bu jarayon insonni ruhiy jihatdan barqaror qiladi va boshqalar bilan sog‘lom munosabat qurishga yordam beradi. Eng muhim jihat shundaki, IQ va EQ bir-biridan alohida emas va doimiy shugʻullanish orqali rivojlantirish mumkin. Ular birgalikda rivojlansa, inson nafaqat aqlli, balki yetuk, muvozanatli va hayotda muvaffaqiyatli shaxsga aylanadi.
Muallif:
Muallif: