Yangiliklar
65

IQ va EQ: Qaysi biri muvaffaqiyatga erishishda muhimroq?

IQ va EQ nima? Qaysi biri muvaffaqiyatga olib boradi? Ularning farqi va hayotdagi oʻrnini real misollar orqali bilib oling.

IQ va EQ: Qaysi biri muvaffaqiyatga erishishda muhimroq?

IQ nima?

Intellektual koeffitsient (Intelligence Quotient) — bu insonning aqliy qobiliyatini baholash uchun ishlatiladigan mezon. IQ insonning mantiqiy fikrlashi (logika), muammo yechish qobiliyati, xotirasi va yangi ma’lumotlarni qanchalik tez o‘zlashtira olishini baholaydi. Tarixga yuzlansak, 1fransuz psixologi Alfred Binet va psixiatr Teodor Simon ham shu mavzu doirasida qator ilmiy izlanishlar olib borishgan.

 

IQ qanday o‘lchanadi?

Dastlab IQ darajasini aniqlash maktab bolalarining aqliy darajasini tekshirish uchun amalga oshirilgan edi. Keyinchalik keng yoyilib, hozirda ishga qabul qilishda ba’zi kompaniyalar, ayniqsa IT va moliya sohasidagilar, nomzodning mantiqiy fikrlash qobiliyatini aniqlash uchun IQ testdan foydalanadi. O‘qishga kirishda esa chet el universitetlari yoki iqtidorli bolalarga mo‘ljallangan maxsus dasturlar o‘quvchining salohiyatini baholash maqsadida bunday testlarni o‘tkazadi. Harbiy sohada ham IQ testi keng tarqalgan bo‘lib, bir qator mamlakatlarda xizmatchilarni muayyan lavozimga mosligini aniqlash uchun ishlatiladi.

 

IQ testlari qay tartibda olinadi?

IQ testlari maxsus ishlab chiqilgan savollar va topshiriqlar orqali o‘tkaziladi. Ularning asosiy maqsadi — insonning mantiqiy fikrlashi, tahlil qilish qobiliyati va muammo yechish tezligini baholashdan iborat. 

Odatda IQ testlari quyidagi turdagi topshiriqlardan iborat bo‘ladi:
• Figuralar va shakllar orqali mantiqiy bog‘lanishlarni aniqlash
• Sonlar ketma-ketligini davom ettirish
• So‘zlar va tushunchalar o‘rtasidagi aloqani topish
• Analogiyalar va o‘xshashliklarni aniqlash
• Vaqtga bog‘liq tezkor fikrlash topshiriqlari

IQ test jarayonida chalg‘ituvchi omillarsiz muhit juda muhim hisoblanadi. Ya’ni sokin va diqqatni jamlash mumkin bo‘lgan sharoit natijaning aniqligiga bevosita ta’sir qiladi. Shuningdek, ko‘p testlarda vaqt cheklovi mavjud bo‘lib, bu ishtirokchining tezkor fikrlash qobiliyatini ham baholash imkonini beradi. Odatda oddiy IQ testlari 20 daqiqadan 1 soatgacha davom etadi. Biroq professional psixologik baholash jarayonida ancha ko‘proq vaqt talab qilinishi mumkin.

 

IQ koʻrsatkichlari 

IQ darajasining oʻrtacha miqdori 100 deb olingan. Bunda: 
• 130+ — eng yuqori (dunyo aholisining 2%i)
• 120–129 — yuqori (7–10%)
• 110–119 — o‘rtachadan yuqori (16%)
• 90–109 — o‘rtacha (50%)
• 80–89 — o‘rtachadan past (16%)
• 70–79 — past (7%)
• 69↓ — juda past (2%)

Xulosa qilsak, insonlarning deyarli yarmi o‘rtacha IQ darajasiga ega. Eng yuqori va eng past darajalar esa kam uchraydi.

 

EQ nima?

Tasavvur qiling: ikkita xodim bir xil IQ va tajribaga ega. Lekin biri jamoada sevimli, mijozlar unga ishonadi, unga yangi loyihalar topshiriladi. Ikkinchisi esa bilimli, ammo muloqotda qiynaladi, stress kelganda o‘zini yo‘qotadi. Ko‘rinib turibdiki, birinchi xodimning muvaffaqiyati yaqinroq. Nima evaziga desangiz, unda EQ kuchli.

Emotsional koeffitsient (Emotional Quotient) — bu insonning o‘z hissiyotlarini anglashi, boshqarishi va boshqalarning his-tuyg‘ularini tushunish qobiliyatidir. IQ “Qanday fikrlayman?” savoliga javob bersa, EQ “Qanday his qilyapman?” savoliga javob beradi.

Bu tushuncha ilmiy jihatdan amerikalik psixolog, yozuvchi va jurnalist Daniel Goleman tomonidan keng ommaga tanitilgan bo‘lib, ko‘plab ilmiy izlanishlar ham olib borilmoqda. EQ inson hayotining deyarli barcha sohalarida muhim rol o‘ynaydi. Avvalo, bu qobiliyat odamga o‘z his-tuyg‘ularini nazorat qilish imkonini beradi. Masalan, stress, g‘azab yoki qo‘rquv kabi hissiyotlar paydo bo‘lganda, yuqori EQ ga ega inson ularni to‘g‘ri boshqara oladi va vaziyatni keskinlashtirmasdan hal qilishga harakat qiladi. Bu esa kundalik hayotda va ishda tinchlik va muvozanatni saqlashga yordam beradi. EQ ayniqsa insonlar bilan muloqotda juda zarur. Oila, do‘stlar va ish jamoasida boshqalarni tushunish, ularning hissiyotlarini sezish va to‘g‘ri munosabat bildirish orqali sog‘lom muhit yaratiladi.

 

EQ ning muhim 5 ta komponenti:

1. O‘z-o‘zini anglash (self-awareness)

O‘z-o‘zini anglash — EQ ning poydevori. Bunda inson o‘z his-tuyg‘ularini real vaqtda sezadi va tushunadi. Masalan, EQ darajasi yetarli bo‘lmagan odam g‘azablansa, himoyaga o‘tadi, ovozini ko‘taradi, barchani aybdor qiladi. Bunday vaziyatda EQ si baland odam esa o‘sha g‘azabning qayerdan kelayotganini, nima sabab bo‘lganini aniq tushuna oladi va tuzatishga harakat qiladi. 

2. O‘z-o‘zini boshqarish (self-regulation)

His-tuyg‘ular sizni emas, siz ularni boshqara olishingiz. Bu bosimli paytda o‘zni tutish, hissiy barqaror bo‘lish, tahlil qilib shoshilmay qaror qabul qilish va vaziyatga munosabat bildirish qobiliyati hisoblanadi. Bunda his-tuyg‘ularingizni bostirish emas, balki ularni to‘g‘ri vaqtda, to‘g‘ri joyda, to‘g‘ri ifoda eta olishdir.

3. Motivatsiya (motivation)

EQ dagi motivatsiya — bu tashqi omillar (maosh, maqtov, mukofot) kutmasdan, ichki istak va qiziqish bilan harakat qilish qobiliyati. Bunda odamlar qiyinchilik kelganda ham tashlab qo‘ymaydi, chunki ularni harakatga keltiruvchi narsa ichlarida, tashqarida emas.

4. Empatiya (empathy)

Boshqalarning his-tuyg‘ularini sezish va tushunish. Bu “rahm qilish” emas, balki boshqa odamning o‘rniga o‘zingizni qo‘yib ko‘rib, tushunishga harakat qilishdir.

5. Ijtimoiy ko‘nikmalar (social skills)

Ijtimoiy ko‘nikmalar yuqoridagi to‘rt komponentning amaliyotga chiqishidir. O‘zingizni anglasangiz, boshqarsangiz, motivatsiyangiz bo‘lsa va empatiya qila olsangiz — bu ko‘nikmalar o‘z-o‘zidan shakllanadi. Bu shunchaki “gaplasha olish” emas. Bu odamlarni tinglay olish, nizolarni hal qila olish, jamoani birlashtirib ketish va har kim bilan til topa olish mahoratidir.

 

“Aqlli bo‘lsam, muvaffaqiyatga erishaman” yoki aksincha: “Odamlar bilan til topishsam, hammasi yaxshi bo‘ladi” kabi fikrlarning ikkalasi ham to‘liq emas. Chunki hayot butunlay mantiq yoki his-tuyg‘udan iborat emas. Aslida ikkalasini o‘z vaqtida ishlata olgan odam yutadi.

IQ — bu sizning fikrlash kuchingiz, muammolarni tahlil qilish, yechim topish qobiliyatingiz. Lekin endilikda faqat aqlli bo‘lishning o‘zi yetarli emas. Chunki hayotda ko‘plab qarorlar faqat “to‘g‘ri javob” bilan emas, balki odamlar bilan qanday munosabat qurishingiz, qanday tushuntirishingiz va qanday ishonch uyg‘ota olishingiz bilan ham belgilanadi.

EQ esa aynan shu yerda kirib keladi. U sizga odamlarni tushunish, ularning his-tuyg‘ularini sezish, o‘zingizni boshqarish va eng muhimi boʻlgan o‘z fikringizni boshqalarga to‘g‘ri yetkazishni o‘rgatadi.

Shu sababli IQ va EQ bir-biriga raqib deb emas, aksincha, bir-birini to‘ldiradigan ikki qanot desa toʻgʻri boʻladi. Biri sizga yo‘lni ko‘rsatadi, ikkinchisi esa o‘sha yo‘lda qanday yurishga yordam beradi. Haqiqiy muvaffaqiyat aynan shu ikkisi birlashgan joyda boshlanadi. Shu sababli hozirgi zamonda faqat aqlli bo‘lish yoki faqat kommunikativ bo‘lish yetarli emas. Eng muhimi esa ikkalasini ham rivojlantirish.
Demak keyingi qadam aniq: IQ va EQ ni qanday rivojlantirishni o‘rganish. Navbatdagi maqolada esa aynan shu haqida batafsil gaplashamiz. Shunday foydali ma’lumotlarni o‘tkazib yubormaslik uchun sahifamizni doimiy kuzatib boring.

Muallif:

Najot Ta'lim

Muallif:

Najot Ta'lim

Tavsiya etamiz:

Inson temperamentlari kasb tanlashda qanchalik muhim?

Inson temperamentlari kasb tanlashda qanchalik muhim?

Batafsil