“Hurmatli mijoz, kartangiz vaqtincha bloklandi. Blokdan chiqarish uchun quyidagi havolaga o‘ting.” Bunday xabar kelsa, ba’zilar uni shunchaki o‘chirib yuboradi. Lekin hamma ham bunday qilmaydi. Kimdir shoshib havolani ochadi, “tasdiqlash” uchun karta raqamini va SMS kodni kiritadi. Bir necha daqiqadan keyin hisobdagi pul yo’qolib qolganini ko‘radi.
Bunday holatlar faqat sodda odamlar bilan yuz beradi, deb o‘ylash xato. Firibgarlar bank, yetkazib berish xizmati yoki hatto yaqin do‘stingiz nomidan yozishi mumkin. Shuning uchun kiberxavfsizlik bugun faqat dasturchilar yoki yirik kompaniyalarning ishi emas. Telefon ishlatadigan, onlayn to‘lov qiladigan yoki ijtimoiy tarmoqda akkaunti bor har bir inson uchun kundalik savodxonlikning bir qismi.
Bu maqolada kiberxavfsizlik nima ekanini, internetda qanday xavflar borligini va eng muhimi o‘zingizni bugunoq qanday himoya qilishingiz mumkinligini sodda tilda tushuntiramiz.
Kiberxavfsizlik nima?
Kiberxavfsizlik bu - qurilmalar, akkauntlar, tarmoqlar va ulardagi ma’lumotlarni raqamli hujumlardan himoya qilish. Microsoft jarayonlar, amaliy qoidalar va texnologik yechimlar to‘plami deb ta’riflaydi. Ya’ni bu bitta dastur emas, balki odatlar, sozlamalar va vositalar birga ishlaydigan tizim.
Uy qulfini olaylik. Eshikda mustahkam qulf bor, lekin kalitni begona odamga berib qo‘ysangiz, qulf hech narsani hal qilmaydi. Antivirus ham shunday: u foydali, ammo soxta saytga parolingizni o‘zingiz kiritsangiz, antivirus buni har doim to‘xtata olmaydi.
Bu mavzuda yana ikki tushuncha tez-tez uchraydi:
-
Axborot xavfsizligi — ma’lumotni har qanday ko‘rinishda himoya qilish, xoh u serverda, xoh qog‘ozda bo‘lsin. Bu kengroq tushuncha.
-
Shaxsiy raqamli xavfsizlik — oddiy foydalanuvchining o‘z telefoni, akkauntlari va ma’lumotlarini himoya qilish uchun qiladigan ishlari. Yevropa Ittifoqining kiberxavfsizlik agentligi ENISA buni "kiber gigiyena" deb ataydi, hammamiz qila oladigan oddiy amaliyot va qadamlar.
Internetda qanday xavflar bor?
Fishing
Fishing bu ishonchli tashkilot nomidan yuborilgan soxta xabar orqali odamni aldash. AQShning standartlar instituti NIST ma’lumotiga ko‘ra, bunday xabarlar ko‘pincha bank yoki tanish kompaniya nomidan keladi va odamni shoshiltirishga urinadi. Fishing elektron pochta orqaligina emas, SMS, qo‘ng‘iroq va ijtimoiy tarmoqdagi xabarlar orqali ham keladi.
Oddiy misol: “Buyurtmangiz omborda qoldi, yetkazib berish uchun to‘lovni amalga oshiring” degan SMS va havola. Havola rasmiy saytga juda o‘xshash sahifani ochadi. Siz karta ma’lumotlarini kiritasiz - ular to‘g‘ridan to‘g‘ri firibgarga ketadi.
Zaif va takroriy parollar
Tug‘ilgan sana, "12345678" yoki farzandingiz ismi bunday parollarni topish oson. Lekin asosiy muammo boshqa: bitta parolni hamma joyda ishlatish. Bitta saytning ma’lumotlar bazasi sizib chiqsa, firibgar shu login va parolni pochtangiz, Instagram yoki bank ilovangizda sinab ko‘radi. ENISA o‘z tavsiyalarida parollarni qayta ishlatmaslikni birinchi o‘ringa qo‘yadi: hujumchilar odamlar aynan shunday qilishini biladi.
Akkauntni egallab olish
Telegram, Instagram yoki pochtangiz buzilsa, zarar faqat sizga yetmaydi. Buzg‘unchi sizning nomingizdan do‘stlaringizga "Tezda qarz berib tur, kechqurun qaytaraman" deb yozishi mumkin. Xabar tanish akkauntdan kelgani uchun odamlar ishonadi. Microsoft bunday usulni ijtimoiy muhandislik deb ataydi: hujumchi odamlarning ishonchidan foydalanadi va ularni shoshiltiradi.
Zararli dasturlar
Zararli dastur (malware) qurilmaga zarar yetkazish yoki ma’lumot o‘g‘irlash uchun yaratilgan har qanday dastur. Bunga viruslar, josuslik dasturlari va to‘lov talab qiluvchi dasturlar (ransomware) kiradi. Ransomware fayllaringizni shifrlab qo‘yadi va ularni qaytarish uchun pul talab qiladi. Bunday dasturlar ko‘pincha “bepul” o‘yin, pullik ilovaning buzilgan versiyasi yoki noma’lum fayl ko‘rinishida keladi.
Shaxsiy ma’lumotlarning tarqalishi
Telefon raqamingiz, manzilingiz, pasport nusxangiz, yaqinlaringizning ismi - alohida olganda arzimasdek tuyuladi. Lekin birlashtirilsa, firibgar ular yordamida sizning nomingizdan ishonchli xabar tuzishi yoki parolni tiklash savollariga javob topishi mumkin. Shuning uchun ENISA parolni tiklash savollariga uy hayvoni nomi yoki tug‘ilgan sana kabi oson topiladigan javoblarni ishlatmaslikni maslahat beradi.
Soxta investitsiya va “oson pul” takliflari
“Kuniga bir soat ishlab, oyiga ming dollar”, “kriptovalyutaga kiriting, pulingiz bir haftada ikki barobar bo‘ladi”. Bunday takliflar odatda ikki narsadan birini so‘raydi: oldindan pul yoki shaxsiy ma’lumot. Qoida oddiy: kafolatlangan katta daromad va’da qilib, sizni shoshiltirayotgan har qanday taklif - qizil chiroq.
Kiberxavfsizlik nega muhim?
1. Shaxsiy hayotimiz raqamga ko‘chgan
Telefonimizda yillar davomidagi suratlar, yozishmalar, hujjat nusxalari va ish fayllari saqlanadi. Ular begona qo‘lga tushsa, tovlamachilikka, nomingizdan aldov xabarlari tarqalishiga yoki shunchaki noqulay vaziyatga sabab bo‘lishi mumkin. Eng og‘iri shundaki, tarqalib ketgan ma’lumotni qaytarib bo‘lmaydi. Parolni almashtirish mumkin, lekin internetga chiqib ketgan suratni “o‘chirib” bo‘lmaydi. Shuning uchun shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish haqida muammo yuz bergandan keyin emas, oldindan o‘ylash kerak.
2. Pulimiz ham raqamli
Kommunal to‘lovlar, onlayn xaridlar, pul o‘tkazmalari - hammasi telefonda. Bu juda qulay, lekin endi firibgarga cho‘ntagingiz emas, SMS kodingiz kerak. Shuni yodda tuting: tasdiqlash kodi, bu sizning raqamli imzongiz. Uni so‘ragan odam o‘zini kim deb tanishtirishidan qat’i nazar, bermang. Masalan, Google akkauntingiz yuzasidan sizga hech qachon qo‘ng‘iroq qilmasligini ochiq aytadi.
3. Akkaunt bu sizning obro‘yingiz
Buzilgan akkauntdan tarqalgan soxta e’lon, qo‘pol xabar yoki qarz so‘rovi sizning nomingizga dog‘ tushiradi. Agar bu biznes sahifasi yoki blog bo‘lsa, mijoz va obunachilarni yo‘qotish degani. Akkauntni qaytarib olgandan keyin ham odamlarning ishonchini tiklash ancha vaqt oladi.
4. Biznes uchun ish to‘xtab qolish xavfi
Kichik onlayn do‘kon yoki o‘quv markazi uchun bitta buzilgan pochta yoki shifrlangan kompyuter katta muammo. Mijozlar bazasi yo‘qoladi, ish to‘xtaydi, mijozlar ma’lumotlari tarqalsa, ishonch pasayadi. AQShning NIST instituti kichik biznes uchun alohida kiberxavfsizlik qo‘llanmalarini yuritadi - bu muammo faqat yirik kompaniyalarga tegishli emasligining yaxshi belgisi. CISA esa tadbirkorlarga qurilma va dasturlardagi zavod parollarini albatta almashtirishni tavsiya qiladi, chunki ular ko‘pincha qurilmaning o‘zida yoki internetda ochiq turadi.
5. O‘qish va masofaviy ish
Talabaning kurs ishi va diplom loyihasi ko‘pincha bitta noutbukda turadi. Masofadan ishlaydigan xodimning ish pochtasi va mijoz fayllari esa uydagi Wi-Fi orqali ochiladi. Bunday sharoitda bitta zaif nuqta faqat sizni emas, butun jamoani xavf ostiga qo‘yadi: shaxsiy telefondagi buzilgan pochta orqali kompaniya tizimiga ham yo‘l ochilishi mumkin.
O‘zingizni qanday himoya qilasiz?
Internet xavfsizligi murakkab texnik bilim talab qilmaydi. Quyidagi qadamlarning ko‘pi bir necha daqiqa oladi. Hammasini birdaniga qilish shart emas, eng muhimlaridan boshlang.
Har bir muhim akkaunt uchun alohida, uzun parol
AQSh kiberxavfsizlik agentligi CISA kuchli parol uchun uchta mezonni beradi: kamida 16 belgi, tasodifiy va faqat bitta akkaunt uchun ishlatilgan. Belgilar aralashmasini eslab qolish qiyin bo‘lsa, 5-7 ta tasodifiy so‘zdan iborat parol-ibora tuzing, masalan: choynak-bulut-anor-velosiped-qalam.
Hammasini yodlash shart emas. Parol menejeri - parollarni yaratib, saqlab, saytlarga o‘zi kiritib beradigan dastur. Uni ishlatsangiz, faqat bitta asosiy parolni eslab qolasiz.
Ikki bosqichli autentifikatsiyani yoqing
Ikki bosqichli autentifikatsiya (2FA) - tizimga kirish uchun paroldan tashqari ikkinchi tasdiq so‘raladi: SMS kod, ilovadagi kod yoki barmoq izi. CISA ta’kidlaganidek, bu begonalarning akkauntga kirishiga to‘sqinlik qiladi. Parolingiz o‘g‘irlansa ham, ikkinchi qadamsiz kirib bo‘lmaydi.
Qayerdan boshlash kerak? Avval elektron pochtadan, chunki boshqa akkauntlarning paroli aynan pochta orqali tiklanadi. Keyin Telegram (u yerda bu funksiya Two-Step Verification deb ataladi), bank ilovasi va ijtimoiy tarmoqlar. ENISA imkon bo‘lsa SMS o‘rniga autentifikator ilova, passkey yoki xavfsizlik kalitini tanlashni maslahat beradi.
Havolani bosishdan oldin to‘xtang
NIST fishing xabarning asosiy belgilarini sanab o‘tadi:
-
shoshiltirish: “hoziroq”, “1 soat ichida”, “karta bloklanadi”;
-
g‘alati yoki tanish nomga o‘xshatilgan jo‘natuvchi manzili;
-
kutilmagan fayl yoki havola;
-
karta, hisob raqami yoki shaxsiy ma’lumotni so‘rash.
Shubha tug‘ilsa, xabardagi havola yoki raqamga emas, rasmiy ilova yoki kartangiz orqasidagi raqamga murojaat qiling. Bank yoki boshqa muhim xizmatdan kelgan har qanday g‘alati xabarni shu yo‘l bilan tekshiring.
Kodlarni hech kimga bermang
Tasdiqlash kodlarini ulashmang va o‘zingiz boshlamagan kirish so‘rovlarini tasdiqlamang. Agar telefoningizga siz so‘ramagan kod kelgan bo‘lsa, demak kimdir akkauntingizga kirishga urinyapti, parolni almashtirish vaqti keldi.
Yangilanishlarni kechiktirmang
CISA ogohlantirishicha, dasturdagi xatolar jinoyatchilarga fayl va akkauntlaringizga yo‘l ochishi mumkin. Dasturchilar bunday xatolarni yangilanish orqali tuzatadi. Telefon, kompyuter, brauzer va ilovalarda avtomatik yangilashni yoqib qo‘ying.
Kichik, lekin muhim odatlar
-
Ochiq Wi-Fi: kafe yoki aeroportdagi bepul tarmoqlar shifrlanmagan bo‘lishi mumkin. Google bunday tarmoqda maxfiy ma’lumot kiritmaslikni maslahat beradi. Bank va to‘lov ishlari uchun mobil internet xavfsizroq tanlov.
-
Ijtimoiy tarmoqlar: manzil, hujjat surati yoki chipta kabi ma’lumotlarni joylashdan oldin o‘ylang va maxfiylik sozlamalarini ko‘rib chiqing.
-
Ish va shaxsiy akkauntlar: ularni imkon qadar ajrating. Shunda bittasi buzilsa, ikkinchisi xavf ostida qolmaydi.
Akkauntingiz buzib kirilsa, nima qilish kerak?
Aniq qadamlar platformaga qarab farq qiladi, shuning uchun avvalo o‘sha xizmatning rasmiy yordam sahifasiga qarang. Google va NIST tavsiyalaridagi umumiy tartib quyidagicha:
-
Parolni almashtiring, iloji boricha boshqa, ishonchli qurilmadan. Shu parol boshqa xizmatlarda ham ishlatilgan bo‘lsa, ularni ham yangilang.
-
Begona qurilmalarni chiqarib yuboring. Ko‘p xizmatlarda faol seanslar ro‘yxati bor; tanimagan qurilmani o‘chirib tashlang.
-
Tiklash sozlamalarini tekshiring. Zaxira telefon raqami va pochta o‘zgartirilmaganmi? Akkauntga notanish ilovalarga ruxsat berilmaganmi?
-
Ikki bosqichli himoyani yoqing yoki qayta sozlang.
-
Pul bilan bog‘liq bo‘lsa, darhol bankka murojaat qiling faqat bankning rasmiy raqami yoki ilovasi orqali.
-
Qurilmani zararli dasturga tekshiring. Muammo takrorlansa, qurilmani tozalash kerak bo‘lishi mumkin oldin fayllarning nusxasini oling.
-
Yaqinlaringizni ogohlantiring, ayniqsa sizning nomingizdan pul so‘ralgan bo‘lsa. Platformaning yordam xizmatiga va huquqni muhofaza qilish organlariga xabar bering.
Akkauntga umuman kira olmasangiz, faqat xizmatning rasmiy tiklash sahifasidan foydalaning. “Akkauntingizni tiklab beraman” deb yozadigan notanish odamlar ko‘pincha o‘zlari firibgar bo‘lib chiqadi.
Kiberxavfsizlik faqat IT mutaxassislariga kerakmi?
Yo‘q. Dasturchilar, tizim administratorlari va kiberxavfsizlik mutaxassislari kompaniya serverlari, tarmoqlari va ilovalarini himoya qiladi. Lekin eng mustahkam tizim ham parolini begonaga aytib qo‘ygan bitta xodim tufayli ochilib qolishi mumkin. Shu ma’noda har bir foydalanuvchi himoyaning birinchi qatlami.
Mavzu sizni chuqurroq qiziqtirsa, bu sohada turli kasblar bor: xavfsizlik markazida tahdidlarni kuzatadigan SOC tahlilchisi, tizimlarni ruxsat bilan "buzib" zaifliklarini topadigan pentester, tarmoq xavfsizligi mutaxassisi va boshqalar. Bularning hammasi bitta tamoyilga tayanadi: xavfni hujumchidan oldin ko‘rish.
Kiberxavfsizlik bir marta o‘rnatib qo‘yiladigan dastur emas, balki har kungi odat. ENISA uni bejiz "gigiyena" deb aytmaydi: qo‘lni yuvish kabi, oddiy harakatlar muntazam takrorlansagina foyda beradi.
Boshlash uchun bugun uchta ish qiling: pochtangiz uchun yangi, uzun parol qo‘ying, unda va Telegram’da ikki bosqichli tasdiqlashni yoqing, keyingi safar shoshiltiruvchi xabar kelganda havolani bosishdan oldin bir to‘xtab o‘ylang. Shu uch qadamning o‘zi onlayn firibgarlik qurboni bo‘lmaslik uchun mustahkam poydevor bo‘ladi.
Agar zaifliklar qanday topilishi va tizimlar qanday himoyalanishi sizni kasb sifatida qiziqtirsa, Najot Ta’limning Kiberxavfsizlik kursi bilan tanishib chiqishingiz mumkin. Unda Linux, tarmoq asoslari va veb-ilovalar xavfsizligi qonuniy, amaliy yondashuvda o‘rgatiladi.
Kurslarga ro’yxatdan o’tish
Administratorga bog‘lanish
78-888-9-888
