"NAJOT TAʼLIM MARKAZI" direktori A.B.Adhamjonov (bundan keyin “IJROCHI” deb yuritiladi) mazkur ommaviy oferta (bundan keyin “Oferta”) orqali Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 367 va 369-moddalariga muvofiq Ofertani aksept qilgan har qanday jismoniy shaxsga (bundan keyin “BUYURTMACHI” deb yuritiladi) quyidagi shartlarda taʼlim xizmatlarini koʻrsatish toʻgʻrisida shartnoma tuzishni taklif qiladi:
1. Oferta predmeti va uni aksept qilish tartibi
1.1.Ijrochi Buyurtmachiga Buyurtmachi tomonidan tanlangan kurs (yoʻnalish) boʻyicha taʼlim xizmatlarini (bundan keyin matnda xizmatlar deb yuritiladi) taqdim etadi va Buyurtmachi xizmatlar uchun haq toʻlash majburiyatini oladi.
1.2.Ijrochi tomonidan oʻqitiladigan kurslar roʻyxati, har bir kursning nomi, davomiyligi (oʻquv oylari soni), bir oʻquv oyidagi darslar soni, bir darsning davomiyligi, mazkur kurs uchun mavjud toʻlov uslublari (oyma-oy, ikkiga boʻlib yoki bittada toʻlov), har bir toʻlov uslubi boʻyicha kurs narxi, shuningdek kursga xos qoʻshimcha imtiyozlar (bundan keyin birgalikda “Kurs shartlari”) Ijrochining rasmiy veb-saytida, mobil ilovasida va boshqa rasmiy platformalarida, shu jumladan Buyurtmachining shaxsiy kabinetida eʼlon qilinadi. Kurs narxlari mazkur Ofertada koʻrsatilmaydi va Ijrochining veb-sayti hamda platformalarida eʼlon qilingan Kurs shartlari orqali belgilanadi.
1.3.Buyurtmachi tanlagan kurs boʻyicha Oferta aksept qilingan paytda amalda boʻlgan Kurs shartlari Shartnomaning ajralmas qismi hisoblanadi va Buyurtmachining shaxsiy kabinetida, SMS yoki elektron pochta orqali qayd etiladi. Kurs shartlari va mazkur Oferta qoidalari oʻrtasida ziddiyat yuzaga kelgan taqdirda, kurs narxi, davomiyligi, toʻlov uslublari va qoʻshimcha imtiyozlar qismida Kurs shartlari, qolgan barcha masalalarda mazkur Oferta qoidalari qoʻllaniladi.
1.4.Mazkur Oferta Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 369-moddasiga muvofiq ommaviy oferta hisoblanadi va Ijrochining rasmiy veb-saytida, mobil ilovasida va filiallarida eʼlon qilinadi. Oferta aksept qilingan paytdan boshlab Ijrochi va Buyurtmachi oʻrtasida taʼlim xizmatlarini koʻrsatish toʻgʻrisidagi shartnoma (bundan keyin “Shartnoma”) tuzilgan hisoblanadi. Mazkur Ofertada “shartnoma” soʻzi Oferta aksept qilinishi natijasida tuzilgan Shartnomani anglatadi.
1.5.Buyurtmachi quyidagi harakatlardan birini amalga oshirish orqali Ofertani aksept qiladi (Fuqarolik kodeksining 370-moddasi): Ijrochining veb-sayti, mobil ilovasi yoki filialida roʻyxatdan oʻtib, kursni tanlash va shaxsga doir maʼlumotlarini (F.I.SH., pasport maʼlumotlari, JSHSHIR, yashash manzili, telefon raqami) taqdim etish hamda Oferta shartlariga roziligini elektron shaklda (tegishli belgini qoʻyish, SMS-kod yoki elektron raqamli imzo orqali) tasdiqlash yoxud tanlangan kurs uchun birinchi toʻlovni (toʻliq yoki qisman) amalga oshirish.
1.6.Aksept toʻliq va soʻzsiz boʻlishi lozim. Ofertani aksept qilish orqali Buyurtmachi uning barcha shartlari, shu jumladan tanlangan kurs boʻyicha Ijrochining veb-sayti va platformalarida eʼlon qilingan Kurs shartlari va narxlar bilan tanishib chiqqanini va ularni toʻliq qabul qilganini tasdiqlaydi. Ofertani aksept qilish Shartnomaning yozma shaklda tuzilganiga tenglashtiriladi.
1.7.Aksept qilingan har bir Shartnomaga Ijrochining axborot tizimida raqam, Buyurtmachiga esa identifikatsiya raqami (ID) beriladi va bu haqida Buyurtmachiga SMS, elektron pochta yoki shaxsiy kabinet orqali xabar yuboriladi. Roʻyxatdan oʻtishda Buyurtmachi tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlar Shartnomaning ajralmas qismi hisoblanadi va ularning toʻgʻriligi uchun Buyurtmachi javobgar boʻladi.
1.8.14 yoshga toʻlmagan shaxs uchun Oferta uning qonuniy vakili (ota-onasi, farzandlikka oluvchisi yoki vasiysi) tomonidan, 14 yoshdan 18 yoshgacha boʻlgan shaxs tomonidan esa qonuniy vakilining roziligi bilan aksept qilinadi. Bunday hollarda qonuniy vakil roʻyxatdan oʻtishda masʼul shaxs sifatida oʻz maʼlumotlarini koʻrsatadi.
1.9.Ofertani aksept qilish orqali Buyurtmachi (uning qonuniy vakili) “Shaxsga doir maʼlumotlar toʻgʻrisida”gi Qonunga muvofiq oʻz shaxsga doir maʼlumotlariga Shartnomani bajarish hamda ushbu Ofertaning 2.1.18-bandida nazarda tutilgan maqsadlarda ishlov berilishiga rozilik bildiradi.
2. Ijrochining huquqlari va majburiyatlari
2.1. Ijrochining huquqlari:
2.1.1.Guruhlarga oʻz imkoniyatidan kelib chiqqan holda oʻqituvchi biriktirish. Oʻquvchilar oʻqituvchi tanlash imkoniyatiga ega emas;
2.1.2.Butun oʻqish davrida, oʻqish dasturining davomiyligini saqlagan holda, oʻqituvchilar tarkibiga oʻzgartirish kiritish;
2.1.3.Qogʻoz, programma va elektron shakldagi oʻquv dasturlar hamda mualliflik huquqi asosida ishlab chiqilgan qoʻllanma-namunalarga intellektual mulk obyekti sifatida mulkiy huquqlarga ega boʻlish;
2.1.4.Buyurtmachi tomonidan oʻtkazib yuborilgan darslarning oʻrnini qoplamaslik;
2.1.5.Agar darslar uchun toʻlov oʻz vaqtida toʻlanmagan boʻlsa, oʻquvchini darslardan chetlashtirish. Toʻlov oʻz vaqtida toʻlanmagan sababli darsdan chiqarilgan oʻquvchi toʻlovni amalga oshirganda boshqa guruhda oʻqishni davom ettiradi. Yoki oʻquvchi 4 (toʻrt) kalendar kuni ichida oʻz guruhida qolishni soʻrab murojaat qilishi mumkin, bunda u darslardan chetlashtirilgan muddat davomida qoldirilgan darslarni onlayn tarzda yoki videodarslar orqali mustaqil oʻzlashtirib olish masʼuliyatini oʻz zimmasiga oladi. Mazkur holatda oʻquvchi oʻz guruhiga qayta qoʻshilishi mumkin. Bunday imkoniyat videodarslar mavjud boʻlgan darslarga tegishli. Bu holatda videodarslarning qiymati oflayn darslarning qiymatiga tenglashtiriladi;
2.1.6.Oʻquvchining bilimi va oʻzlashtirishini muntazam ravishda hisobga olish, nazorat qilish va voyaga yetmagan oʻquvchilarning ota-onalarini (qonuniy vakillarini) oʻquvchining natijalari haqida SMS, qoʻngʻiroq yoki shaxsiy kabinet orqali xabardor qilish;
2.1.7.Oʻzlashtirish darajasi qoniqarsiz, oʻqishga ishtiyoqi yoʻq oʻquvchilarning ota-onalari bilan suhbatlar oʻtkazish;
2.1.8.Bir oʻquv oyi davomida uy vazifa bajarmaslik holati 60% yoki darsda qatnashmaslik holati 50% dan oshsa, oʻquv oyi yakuniga yetgach oʻquvchini mazkur guruhda oʻqishni davom ettirish huquqidan mahrum etish. Shu bilan birga, oʻquvchi imtihonda qatnashishi va imtihon javobini bilishga haqli boʻladi, lekin imtihon natijasi qanday boʻlishidan qatʼiy nazar inobatga olinmaydi. Shuningdek, oʻquvchi mazkur oy uchun toʻlov qilib, qaytadan oʻqish huquqini saqlab qoladi;
2.1.9.Oraliq nazorat, oraliq saralash va yakuniy imtihonlarni baholash mezonlarini, shakllarini, tartibini va davomiyligini mustaqil ravishda tanlash, hamda dastur boshlangach unga oʻzgartirish kiritish;
2.1.10.Darslar jadvalini buyurtmachilarga bildirishnoma orqali, darslar boshlanishidan 1 (bir) ish kunidan kechiktirmasdan, bir tomonlama oʻzgartirish;
2.1.11.Guruhdagi oʻquvchilar soni 12 (oʻn ikki) yoki 11 (oʻn bir) kishi qolsa, ijrochi buyurtmachi bilan oʻzaro kelishgan holda, guruhni ayni shu yoʻnalishdagi boshqa guruhga butunlay qoʻshib yuborish yoki qismlarga boʻlib taqsimlab yuborish;
2.1.12.Guruhdagi oʻquvchilar soni 10 (oʻn) va undan kam kishi boʻlsa, guruhni vaqtincha muzlatish yoki tarqatib yuborish va buyurtmachiga boshqa guruhlarda oʻqishni davom ettirishning muqobil variantlarini taklif qilish;
2.1.13.Taʼtil, Oʻzbekistonda nishonlanadigan bayramlar va boshqa shunga oʻxshash sabablarga koʻra (masalan, binoga kirish taqiqlangan boʻlsa) oʻtilmagan darslar toʻlovini keyingi darslar toʻloviga oʻtkazish orqali darslarni vaqtincha toʻxtatib turish huquqini saqlab qolish. Bunday holda, oʻtilmagan darslarning vaqti buyurtmachi bilan kelishilgan holda belgilanadi;
2.1.14.Agar obyektiv zarurat tugʻilsa, mashgʻulot oʻtiladigan filialni oʻzgartirish (ijara shartlari yoki muddatining oʻzgartirilishi, ijaraga olingan bino-xonalarni taʼmirlash, boʻsh xona yoki oʻqituvchi yoʻqligi va boshqa sabablar tufayli);
2.1.15.Kurs davomida saralash imtihonlarini oʻtkazish, imtihondan yiqilgan oʻquvchilar bilan avvalgi oyni yoki oylarni qayta oʻqitish uchun guruhlar tashkil qilish yoki oʻquvchi bilan kelishgan holda uni boshqa guruhga qoʻshish;
2.1.16.Yakuniy imtihondan muvaffaqiyatli oʻta olmagan oʻquvchilarga bitirganligi haqida sertifikat emas, balki dasturni tinglaganligi haqida maʼlumotnoma berish;
2.1.17.Guruhning darslari qaysi filialda boʻlib oʻtishini mustaqil belgilash. Bu holatda Buyurtmachiga Ijrochi tomonidan xizmat koʻrsatilishi mumkin boʻlgan ehtimoliy manzillar haqida shartnoma tuzish paytida maʼlumot berilgan boʻlishi shart;
2.1.18.Marketing maqsadida Buyurtmachining ism-familiyasi, yoshi, jinsi va ish joyi nomi kabi maʼlumotlardan foydalanish.
2.2. Ijrochining majburiyatlari:
2.2.1.Buyurtmachini oʻquv dasturi asosida sifatli taʼlim bilan taʼminlash;
2.2.2.Taʼlim xizmatlarining oʻquv dasturi asosida oʻz vaqtida koʻrsatilishini taʼminlash;
2.2.3.Taʼlim xizmatlari koʻrsatilish jarayoniga masʼuliyat bilan yondashish;
2.2.4.Buyurtmachi yoki uning nomidan murojaat qiladigan vakillarga hurmat bilan munosabatda boʻlish;
2.2.5.Taʼlim xizmatlari ijrochi tomonidan dars jadvalida belgilangan soatlarda koʻrsatilishini taʼminlash. Dars vaqti 20 daqiqagacha kechikib boshlanishi yoki tugatilishi tomonlar oʻrtasida moliyaviy majburiyatlarni keltirib chiqarmaydi. Ijrochi taʼlim dasturining kamchiliksiz oʻtilishini oʻz zimmasiga oladi. Ammo buyurtmachi tomonidan talab qilingan hollarda Ijrochi kechikib boshlangan darslarni oʻsha dars kunida yoki jamlagan holda boshqa kuni qoplab berishga majbur;
2.2.6.Buyurtmachi tomonidan darslarga sogʻligʻiga bogʻliq jiddiy sabab tufayli qatnashmaganlikni tasdiqlovchi hujjat (tibbiy maʼlumotnoma) taqdim etilganda, buyurtmachiga darslarni onlayn tarzda yoki videodarslar orqali oʻzlashtirishga ruxsat berish. Bu holatda onlayn/videodarslarning qiymati oflayn darslarning qiymatiga tenglashtiriladi. Darsda oʻtilgan mavzuning oʻziga xos xususiyatidan kelib chiqqan holda videodars yozishning zarurati yoki imkoniyati boʻlmaganligi sababli yozib olingan videodarslar mavjud boʻlmasa, Buyurtmachi qoldirilgan darslarni mustaqil oʻzlashtirib olish masʼuliyatini oʻz zimmasiga oladi;
2.2.7.Ijrochiga tegishli binolar hududida qorovul xizmati va doimiy videokuzatuv amaliyoti orqali buyurtmachining xavfsizligini taʼminlash choralarini koʻrish;
2.2.8.Ijrochiga tegishli binolar hududida mast qiluvchi yoki tamaki mahsulotlarining isteʼmol qilinmasligini taʼminlash choralarini koʻrish;
2.2.9.Kurs shartlarini, shu jumladan kurs narxlari va toʻlov uslublarini oʻzining rasmiy veb-sayti, mobil ilovasi va boshqa rasmiy platformalarida ochiq va tushunarli tarzda eʼlon qilish hamda Buyurtmachiga Oferta aksept qilingan paytda amalda boʻlgan Kurs shartlarini shaxsiy kabinet yoki boshqa elektron vosita orqali taqdim etish.
3. Buyurtmachining huquqlari va majburiyatlari
3.1. Buyurtmachining huquqlari:
3.1.1.Taʼlim jarayonida "co-working" hududlaridan 4.1.2-bandda koʻrsatilgan tartibda imtiyozli ravishda foydalanish;
3.1.2.Oʻquv xonalaridan va jihozlardan tegishli dars jadvaliga koʻra bepul foydalanish;
3.1.3.Ijrochi hududida joylashgan kutubxona va u yerdagi oʻquv materiallaridan bepul foydalanish. Kutubxona mavjudligi filialdan-filialga qarab farqlanishi mumkin;
3.1.4.Ushbu Ofertaning 5-bobiga muvofiq taʼlim xizmatlari uchun belgilangan toʻlovni oʻz vaqtida amalga oshirishning iloji boʻlmasa, filial menejeriga murojaat qilgan holda 7 ish kunidan kechiktirmasdan amalga oshirish sharti bilan qismlarga boʻlib toʻlash imkoniyatini qoʻlga kiritish. Kurs shartlarida ushbu huquqdan foydalanish uchun qoʻshimcha shartlar (muayyan oʻquv oylarini muvaffaqiyatli tugatganlik, foydalanishlar soni va boshqalar) belgilanishi mumkin;
3.1.5.Agar oʻqitish jarayonida ijrochining aybi bilan bir yoki bir nechta mashgʻulotlar bekor qilingan boʻlsa, ushbu mashgʻulotlarni oʻtkazishni talab qilish;
3.1.6.Buyurtmachi uzrli sabablarga koʻra qoldirgan darslari uchun ushbu darajadagi boshqa guruhlarda oyiga Kurs shartlarida belgilangan miqdorda, agar bunday miqdor belgilanmagan boʻlsa, 2 (ikki) tadan koʻp boʻlmagan adadda qoʻshimcha darslar olish. Bunda Ijrochi qoʻshimcha darslarning aniq jadvalini oʻz imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda belgilaydi;
3.1.7.Buyurtmachining xohishiga koʻra yoki Ijrochining imkoniyati cheklanganligi sababli 3.1.6- bandda koʻrsatilgan huquqdan foydalanishning imkoniyati boʻlmagan taqdirda qoldirilgan darslarni videodarslar orqali oʻzlashtirib olish. Videodarslarning qiymati oflayn darslarning qiymatiga tenglashtiriladi;
3.1.8.Uzrli sababga koʻra surunkali dars qoldirish ehtiyoji paydo boʻlganda darslarni vaqtincha muzlatib turish talabi bilan filial menejeriga murojaat qilish. Filial menejeri holatni oʻrganib murojaatni qondirishi yoki uni rad etishi mumkin;
3.1.9.Buyurtmachi 6.3.4-bandda koʻrsatilgan sabablardan biriga koʻra guruhdan chetlatilgach, boshqa guruhda qayta oʻqish istagini bildirsa va oʻsha guruhda oʻqitilayotgan kurs narxi Buyurtmachining shartnomasiga nisbatan kamroq summani tashkil qilsa, mavjud shartnomani bekor qilib, arzon narxdagi yangi shartnoma tuzish boʻyicha murojaat qilish;
3.1.10.Buyurtmachi 6.3.4-bandda koʻrsatilgan sabablardan biriga koʻra guruhdan chetlatilgach, boshqa guruhda qayta oʻqish istagini bildirsa va oʻsha guruhda oʻqitilayotgan kurs narxi Buyurtmachining shartnomasiga nisbatan koʻproq summani tashkil qilsa, mavjud shartnoma shartlariga koʻra toʻlov qilishni davom ettirish.
3.2. Buyurtmachining majburiyatlari:
3.2.1.Ijrochi tomonidan koʻrsatilayotgan xizmatlarga masʼuliyat bilan yondashish;
3.2.2.Koʻrsatiladigan xizmatlar uchun toʻlovni oʻzi tanlagan toʻlov uslubiga muvofiq 5.2-bandda belgilangan muddatlarda amalga oshirish;
3.2.3.Ijrochining pedagogik jamoasi tomonidan berilgan darslar boʻyicha topshiriqlarni, uyga vazifalarni, amaliy vazifalarni va amaliyot ishlarini toʻliq va oʻz vaqtida bajarish;
3.2.4.Ijrochining pedagogik, texnik va boshqa xodimlariga hurmatda boʻlish;
3.2.5.Oʻquv markazida dars vaqtida, xonada yoki co-working hududlarida darslarga kerak boʻlmagan videolar, har xil rasmlar, oʻyin oʻynash kabi amallarni bajarmaslik. Agar bunday holat bir marta aniqlansa, buyurtmachining bir hafta davomida co-working hududidan foydalanishi cheklanadi. Ikki marotaba takrorlansa, bu huquqdan bir oy muddatga mahrum etiladi;
3.2.6.Ijrochini darsga kelmaganligining asosli sabablari toʻgʻrisida xabardor qilish va surunkali (ketma-ket 3 tadan koʻp) dars qoldirilganda ularni tasdiqlovchi hujjatni oʻz vaqtida taqdim etish;
3.2.7.Ijrochi mol-mulkiga gʻamxoʻrlik qilish va uning mulkiga yetkazilgan moddiy zararni qoplash;
3.2.8.Ijrochiga tegishli hududga mast qiluvchi mahsulot ichgan yoki psixotrop moddalarni isteʼmol qilgan holda kelmaslik, markaz hududi va uning 50 metr radiusida tamaki mahsulotlarini chekmaslik;
3.2.9.Ijrochining ichki tartib qoidalariga rioya qilish, filial hududida joylashgan shaxsni aniqlash (FaceID, turniket va h.k.) uskunasidan oʻtish qoidalariga amal qilish, dars vaqtida mobil aloqa vositalaridan foydalanmaslik;
3.2.10.Oʻqish davrida taʼlim jarayoniga salbiy taʼsir oʻtkazishi mumkin boʻlgan taʼlim yoki ish safarlariga chiqmaslik;
3.2.11.Taʼlim markazidagi xona va jihozlardan oʻqishdan tashqari boshqa maqsadlarda foydalanmaslik;
3.2.12.Oʻquv kurslarida olgan bilimlaridan noqonuniy yoki axloqqa zid maqsadlarda, shu jumladan, xakerlik faoliyati, axborotga ruxsatsiz kirish, zararli dasturlarni yaratish va tarqatish, intellektual mulk huquqlarini buzish uchun foydalanmaslik.
4. Buyurtmachiga taqdim etiladigan qoʻshimcha imtiyozlar
4.1.Buyurtmachiga quyidagi qoʻshimcha imtiyozlar taqdim etilishi mumkin:
4.1.1.Taʼlim xizmatlari koʻrsatiladigan hududda Kurs shartlarida belgilangan hajmda Internet trafik;
4.1.2.Taʼlim xizmatlari koʻrsatiladigan hududda joylashgan co-working hududida bir kishilik oʻrinni har kuni Kurs shartlarida belgilangan vaqt davomida band qilish imkoniyati.
4.2.Qoʻshimcha imtiyozlarning aniq hajmi va tartibi kurs turiga va filialga qarab farqlanishi mumkin hamda Ijrochining rasmiy veb-sayti va platformalarida eʼlon qilinadi.
5. Xizmatlar narxlari, shartlari va ularni toʻlash tartibi
5.1.Xizmatlar narxi Buyurtmachi tanlagan kurs va toʻlov uslubiga qarab Ijrochining rasmiy veb- sayti, mobil ilovasi va boshqa rasmiy platformalarida eʼlon qilingan Kurs shartlariga muvofiq belgilanadi. Kurs qismlarga boʻlib sotiladigan oʻquv oylaridan iborat. Bir oʻquv oyidagi darslar soni va bir darsning davomiyligi Kurs shartlarida koʻrsatiladi.
5.2.Toʻlov Buyurtmachi tanlagan toʻlov uslubiga qarab quyidagi muddatlarda har qanday qonuniy toʻlov shaklida amalga oshiriladi:
5.2.1.oyma-oy toʻlov uslubida: har bir oʻquv oyi uchun toʻlov ushbu oʻquv oyining birinchi darsi boshlanishidan oldin;
5.2.2.ikkiga boʻlib toʻlash uslubida: kurs umumiy narxining 50% (ellik foizi) birinchi dars boshlanishidan oldin, qolgan 50% (ellik foizi) kursning ikkinchi yarmidagi birinchi dars boshlanishidan oldin;
5.2.3.bittada toʻlov uslubida: kurs umumiy narxining 100% (yuz foizi) birinchi dars boshlanishidan oldin.
5.3.Har bir kurs uchun qaysi toʻlov uslublari mavjudligi Kurs shartlarida koʻrsatiladi. Ijrochi muayyan kurs uchun ayrim toʻlov uslublarini taklif qilmasligi mumkin.
5.4.Ijara narxlarining keskin koʻtarilishi, soliqqa oid qonunchilikning oʻzgarishi yoki milliy valyutaning keskin qadrsizlanishi kabi Ijrochi ixtiyoridan tashqarida boʻlgan holatlar yuz berganda kurs narxi Ijrochi tomonidan 20% dan koʻp boʻlmagan miqdorda oshirilishi mumkin. Narx oshirilishi haqida Buyurtmachi shaxsiy kabinet, SMS yoki Ijrochining rasmiy veb-sayti orqali oldindan xabardor qilinadi. Buyurtmachi oshirilgan narx boʻyicha oʻqishni davom ettirishni istamasa, Shartnoma bekor qilinadi va toʻlov 6.7-bandda belgilangan tartibda qaytariladi.
5.5.Bittada toʻlov uslubida toʻlov toʻliq amalga oshirilgandan soʻng kurs narxi Buyurtmachi uchun, shu jumladan 5.4-bandda koʻrsatilgan holatlar yuz berganda ham, oʻzgarishsiz qoladi. Agar oyma- oy yoki ikkiga boʻlib toʻlov uslubi tanlangan boʻlsa, toʻlab boʻlingan muddat uchun kurs narxi oʻzgarishsiz qoladi. Kurs shartlarida eʼlon qilingan narxlarning keyinchalik oʻzgarishi, 5.4-bandda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno, ilgari tuzilgan Shartnomalarga nisbatan qoʻllanilmaydi.
5.6.Shartnoma tuzilgach, kurs boshlanguncha yoki boshlangandan keyin taʼlim xizmatini koʻrsatish Buyurtmachi tomonidan maʼlum muddatga muzlatilsa va Buyurtmachi taʼlimni davom ettirish uchun qayta murojaat qilgan paytda kurs narxi oʻzgargan boʻlsa, Buyurtmachi oʻzgargan narxdagi farqni toʻlaydi.
5.7.Buyurtmachi birinchi oʻquv oyi uchun 3-darsga, keyingi oʻquv oylari uchun esa har bir oʻquv oyining 1-darsiga qatnashish orqali mazkur oʻquv oyi uchun taʼlim xizmatlarini toʻliq xarid qilgan hisoblanadi.
5.8.Agar Buyurtmachi oyma-oy toʻlov uslubini tanlagan holda Shartnoma tuzsa va kurs davomida bittada toʻlov uslubiga oʻtishga qaror qilsa, xizmat koʻrsatib boʻlingan muddat uchun toʻlov qayta hisoblanmaydi va Buyurtmachi yangi oʻquv oyidan boshlab qolgan muddat uchun Kurs shartlariga koʻra qoʻshimcha toʻlovni amalga oshiradi. Agar Buyurtmachi bittada toʻlov uslubini tanlagan boʻlsa, kurs boshlangach oyma-oy toʻlov uslubiga oʻtishga ruxsat berilmaydi.
6. Shartnomani oʻzgartirish va bekor qilish uchun asoslar
6.1.Ijrochi Oferta shartlariga oʻzgartirish kiritishga haqli. Oʻzgartirishlar Ofertaning yangi tahriri Ijrochining rasmiy veb-saytida eʼlon qilingan kundan boshlab kuchga kiradi va shu kundan keyin aksept qilingan Shartnomalarga nisbatan qoʻllaniladi. Ilgari tuzilgan Shartnomalar shartlari Buyurtmachining roziligi bilan oʻzgartiriladi, bundan 5.4-bandda nazarda tutilgan hollar mustasno.
6.2.Shartnoma Buyurtmachining iltimosiga binoan muddatidan oldin bekor qilinishi mumkin. Bu haqida Buyurtmachi Shartnoma bekor qilinishi kutilayotgan sanadan kamida 7 ish kuni oldin yoki yangi oʻquv oyi boshlanishidan avval filial menejeriga yozma ravishda xabar berishi lozim.
6.3.Shartnoma Ijrochining tashabbusi bilan quyidagi hollarda bir tomonlama bekor qilinishi mumkin:
6.3.1.Buyurtmachi tomonidan toʻlov oʻquv oyining 2-darsigacha amalga oshirilmaganda;
6.3.2.Buyurtmachining 3.2.3, 3.2.4, 3.2.9-bandlardagi harakatlari (yoki harakatsizligi) natijasida Ijrochi taʼlim xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha majburiyatlarini toʻgʻri bajara olmaganda;
6.3.3.Buyurtmachi tomonidan 3.2.7, 3.2.8, 3.2.9-bandlar qoidalari takroran buzilganda;
6.3.4.Buyurtmachi oʻzi tanlagan yoʻnalish doirasida oʻtish balini toʻplay olmaslik, uy vazifa qilmaslik, darsga yetarlicha qatnashmaslik, imtihonga kelmaslik va boshqa shu kabi sabablarga koʻra oraliq imtihonlardan 3 (uch) marta ketma-ket yiqilgan deb topilganda. Bunday holda Buyurtmachi ushbu kursdan chetlatiladi va Ijrochi uni ushbu kursda qayta oʻqitish majburiyatini olmaydi (boshqa yoʻnalishdagi kursda oʻqish tavsiya qilinadi). Mazkur sabablarning aniq mezon va koʻrsatkichlari Ijrochining ichki tartib qoidalari bilan belgilanadi;
6.3.5.Buyurtmachi 3.2.12-bandda belgilangan majburiyatlarni buzganda.
6.4.Buyurtmachining tashabbusi bilan Shartnomani bekor qilish uchun Buyurtmachi filiallardan biriga tashrif buyurib, filial menejeriga murojaat qiladi va tegishli soʻrovnomani toʻldiradi.
6.5.Buyurtmachining tashabbusi bilan Shartnomani bekor qilishga faqat yangi oʻquv oyi boshlanishidan avval yoʻl qoʻyiladi. Tugatilmagan oʻquv oyi davomida Shartnoma Buyurtmachi tashabbusi bilan bekor qilingan taqdirda 5.7-bandga asosan mazkur oʻquv oyi uchun taʼlim xizmatlari Buyurtmachi tomonidan xarid qilingan deb hisoblanadi va tugatilmagan oydagi qatnashmagan darslar uchun toʻlov qaytarilmaydi.
6.6.6.5-bandda keltirilgan qoidadan birinchi oʻquv oyi mustasno. Buyurtmachi birinchi oʻquv oyining 3-darsi boshlanishigacha boʻlgan muddatda Shartnomani bekor qilish va 100% toʻlovni qaytarib olish huquqiga ega. 3-dars boshlanguncha Shartnomani bekor qilmagan Buyurtmachi 100% toʻlovni qaytarib olish huquqini yoʻqotadi.
6.7.Buyurtmachining tashabbusi bilan Shartnoma bekor qilingandan soʻng, Ijrochi Buyurtmachiga ushbu Shartnoma boʻyicha koʻrsatilgan xizmatlar qiymati va majburiyatlarni bajarish bilan bogʻliq haqiqatda qilingan xarajatlarni chegirib tashlagan holda, Shartnoma bekor qilingan kundan boshlab 30 (oʻttiz) bank kuni ichida toʻlov miqdorini plastik karta orqali qaytaradi.
6.8.Agar taʼlim xizmatlarini koʻrsatishda kamchiliklar aniqlansa yoki Ijrochi xizmat koʻrsatish shartlarini (xizmatni koʻrsatish boshlanishi va (yoki) tugashi shartlarini) buzgan boʻlsa, Buyurtmachi oʻz tanloviga koʻra koʻrsatilgan xizmat boʻyicha kamchiliklarni bartaraf etishni talab qilishga yoki, agar xizmat kamchiliklari 7 (yetti) kun ichida Ijrochi tomonidan bartaraf etilmasa, Shartnomani bajarishni rad etib, oʻtilmagan darslar uchun toʻlov miqdorini qaytarishni talab qilishga haqli.
6.9.Kursning umumiy toʻlovi ikkiga boʻlib yoki bittada toʻlov uslubida oldindan 50% yoki 100% toʻlangan holatda, Shartnoma 4-oʻquv oyining 1-darsi boshlanguncha boʻlgan muddatda bir yoki ikki tomonning tashabbusiga koʻra bekor qilinsa, koʻrsatilgan taʼlim xizmatlarining narxi Kurs shartlarida belgilangan oyma-oy toʻlov uslubi narxiga koʻra hisoblanadi va ortib qolgan summa Buyurtmachiga qaytarib beriladi.
7. Ijrochi va Buyurtmachining javobgarligi
7.1.Shartnoma boʻyicha oʻz majburiyatlarini bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik uchun tomonlar Shartnoma va Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq javobgar boʻladilar.
7.2.Kurs mobaynida oraliq nazorat yoki yakuniy imtihonlardan oʻta olmagan, darslarni yaxshi oʻzlashtira olmagan oʻquvchilar tegishli oʻquv oyi yoki oylarini qayta oʻqish istagida boʻlsa, qayta oʻqilayotgan muddat uchun toʻlov oyma-oy toʻlov shaklida qabul qilinadi. Bunda birinchi marta qayta oʻqiganda oyma-oy toʻlov narxining 60% ini toʻlagan holda qayta oʻqishga ruxsat etiladi. Qayta oʻqish holati bir martadan oshganda chegirma taqdim etilmaydi.
7.3.Buyurtmachi 3.2.12-bandda nazarda tutilgan xatti-harakatlarni sodir etganligi uchun shaxsan javobgar boʻladi va Ijrochiga bunday harakatlar oqibatida yetkazilgan zararni qoplab beradi.
8. Shartnomaning muddati
8.1.Shartnoma Buyurtmachi tomonidan Oferta aksept qilingan kundan boshlab kuchga kiradi va 365 kalendar kuni davomida, Shartnoma boʻyicha majburiyatlar toʻliq bajarilguncha yoki Shartnoma tomonlarning oʻzaro kelishuvi bilan muddatidan avval tugatilgunga qadar amal qiladi. Bu muddat ichida tomonlardan biri oʻz majburiyatlarini toʻliq bajarib tugatmasa, qoʻshimcha shartnoma tuziladi.
8.2.Oferta Ijrochi tomonidan chaqirib olingunga yoki uning yangi tahriri eʼlon qilingunga qadar amal qiladi. Ofertaning chaqirib olinishi yoki yangi tahririning eʼlon qilinishi undan oldin tuzilgan Shartnomalarning amal qilishini toʻxtatmaydi.
9. Fors-major va boshqa holatlar
9.1.Tomonlar Shartnoma tuzilgandan keyin oldindan koʻra bilmagan va oqilona choralar bilan toʻsqinlik qila olmagan holda yuzaga kelgan favqulodda hodisalar natijasida Shartnoma boʻyicha oʻz majburiyatlarini qisman yoki toʻliq bajarmaganligi uchun javobgarlikdan ozod qilinadi. Favqulodda xarakterga ega boʻlgan bunday hodisalarga quyidagilar kiradi: embargo, epidemiya, zilzila, yongʻin, toshqin va boshqa tabiiy hodisalar, davlat organlari tomonidan yangi qonun hujjatlari, qonun osti koʻrsatmalar, qoidalar, xatlar qabul qilinishi, shuningdek, hokimiyat organlarining aralashuvi yoki taqiqlovchi harakatlari. Bunday holda Shartnoma boʻyicha majburiyatlarni bajarish muddati holatlar va ularning oqibatlari davomiyligiga mutanosib ravishda keyinga qoldiriladi.
9.2.Shartnoma boʻyicha majburiyatlarni bajarish imkonsizligi yuzaga kelgan tomon yuqoridagi holatlarning paydo boʻlishi, kutilayotgan davomiyligi va tugashi toʻgʻrisida boshqa tomonga 5 kalendar kuni ichida xabar beradi.
9.3.Agar koʻrsatilgan holatlar va ularning oqibatlari ketma-ket 1 (bir) oydan koʻproq vaqt davom etsa, tomonlar xizmat koʻrsatishning onlayn rejimiga oʻtadilar yoki Shartnomani bajarish yoki uni bekor qilishning muqobil usullarini aniqlash uchun qoʻshimcha muzokaralar oʻtkazadilar. Agar majburiyatlarni toʻliq yoki qisman bajarish imkonsizligi 2 (ikki) oydan koʻproq vaqt davomida mavjud boʻlsa, Ijrochi Buyurtmachining mumkin boʻlgan zararlarini (shu jumladan xarajatlarini) qoplash majburiyatini olmasdan Shartnomani toʻliq yoki qisman bekor qilishga haqlidir.
9.4.Tomonlar Buyurtmachining toʻlovga qodir emasligi fors-major holati emasligini tan olishadi.
10. Nizolarni hal etish
10.1.Shartnoma boʻyicha vujudga kelishi mumkin boʻlgan barcha nizo va kelishmovchiliklar tomonlar tomonidan Ijrochining ichki hujjatlarida belgilangan tartibda, shu jumladan oʻzaro muzokaralar (sulh) oʻtkazish orqali hal etiladi.
10.2.Agar nizoni muzokaralar yoʻli bilan hal etish imkonsiz boʻlsa yoki tomonlar sulh asosida kelishuvga erisha olmasalar, tomonlar nizoni hal qilish uchun Ijrochi joylashgan hududdagi vakolatli sudiga murojaat qiladi. Ushbu sudning qarori tomonlar uchun yakuniy hisoblanadi.
11. Boshqa qoidalar
11.1.Xizmatlar tugagandan soʻng koʻrsatilgan xizmatlar toʻgʻrisida dalolatnoma yoki qabul qilish akti tuzilmaydi va imzolanmaydi. Oxirgi pullik taʼlim xizmati tugaganidan keyin 7 ish kuni ichida Buyurtmachi tomonidan taʼlim xizmati sifati toʻgʻrisida yozma ravishda eʼtiroz kelib tushmagan boʻlsa, xizmatlar Ijrochi tomonidan toʻgʻri va toʻliq taqdim etilgan deb hisoblanadi.
11.2.Ushbu Ofertada qayd etilmagan boshqa barcha holatlarda tomonlar Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligi qoidalari va normalarini qoʻllaydilar.
11.3.Oʻquvchining ota-onasi yoki qonuniy vakili Ofertani aksept qilishda (roʻyxatdan oʻtishda) koʻrsatilgan telefon raqamlari orqali Ijrochining Aloqa Markaziga (+998-78-888-9-888) soʻrov kelib tushgan oʻrinlarda oʻquvchining bilimi va oʻzlashtirishi toʻgʻrisida Ijrochi tasarrufida mavjud boʻlgan maʼlumotlar bilan tanishtirilishiga rozilik bildiradi.
11.4.Oferta elektron shaklda tuziladi va Ijrochining rasmiy veb-saytida doimiy ravishda joylashtiriladi. Buyurtmachi aksept qilgan paytdagi Oferta matnini va tanlangan kurs boʻyicha Kurs shartlarini yuklab olishi yoki Ijrochidan ularning nusxasini talab qilishi mumkin. Shartnoma qogʻoz shaklida alohida imzolanishini talab qilmaydi.