Red Team sertifikatlari IT bozorida eng qiymati baland hujjatlar: eJPT, PNPT, OSCP, CRTP, OSEP haqida to’liq ma’lumot.

Dunyo bo'ylab 4.8 million kiberxavfsizlik ish o'rni hozir bo'sh turibdi va 2023-yildan beri bu boʻsh ish oʻrinlari 19% ga oshib kelmoqda. Bundan tashqari dunyoda taxminan har 39 soniyada kiberhujum sodir etiladi. Masalan,
• Microsoft o‘z tizimlarida har kuni 600 milliondan ortiq xavfli signalni (phishing, zararli dasturlar, bruteforce hujumlar) aniqlaydi.
• Cloudflare har kuni 225 milliarddan ortiq ehtimoliy hujumlarni (botlar, kod kiritish urinishlari va boshqalar) kuzatadi.
• Har kuni taxminan 560 000 ta yangi zararli dastur varianti aniqlanadi. Bu misollar shuni koʻrsatadiki, kiberxavfsizlik sohasi ish bozorida tobora qiymati baland va talabgir kasbga aylanib bormoqda.
O'zbekistonda esa bank tizimlari, davlat xizmatlari va ta'lim platformalari onlayn muhitga o'tayotgani mahalliy bozorda ham kiberxavfsizlik mutaxassislariga bo'lgan talab oshishiga olib keladi. Red Team sertifikatlari — IT bozorida kam tarqalgan, lekin eng qimmat baholanadigan hujjatlar hisoblanadi. To'g'ri sertifikat bilan bu sohada ishlash karyerangizni 2–3 barobar qimmatlashtirishi aniq.
Kiberxavfsizlik — bu internetdagi “qoʻriqchi”ga oʻxshaydi: raqamli tizimlar, tarmoqlar va ma'lumotlarga ruxsatsiz kirish hamda kiberhujumlardan himoya qilish sohasi. Hayotimiz tobora internet bilan bogʻliq boʻlib ketayotgani uchun kiberhujumlar ham koʻpaymoqda. Bu soha bugungi kunda dunyoning eng tez rivojlanayotgan va eng yuqori maosh to'lanadigan IT yo'nalishlaridan biriga aylangan. Statistikaga ko‘ra, yaqin 10 yil ichida bu kasbga talab 33% ga oshadi. Bu esa boshqa IT yo‘nalishlariga qaraganda ancha tez o‘sish degani.
Red Team mutaxassislari kompaniya tizimini real xaker ko'zi bilan tekshirish orqali zaif joylarni haqiqiy hujum sodir bo'lmasdan oldin topadi. Shu sababli banklar, yirik kompaniyalar va davlat tizimlari bu mutaxassislarga katta ehtiyoj sezadi. Bitta kichik zaiflik millionlab foydalanuvchi ma'lumotlarini xavf ostiga qo'yishi mumkin. Aynan Red Team shu xatarni oldindan bartaraf etadi.
Red Team sohasida sertifikat — bu shunchaki qog'oz emas, nazariy va amaliy ko'nikmangizning isboti hisoblanadi. Sertifikat uchun tarmoqlar, operatsion tizimlar, veb-ilovalar, Active Directory va ijtimoiy muhandislik texnikalari kabilarni chuqur tushunish kerak.
Sertifikatlangan mutaxassis:
• Ishga qabul jarayonida ustunlikka ega bo'ladi
• Sertifikatsiz hamkasbiga nisbatan koʻproq daromad oladi
• Xalqaro bozorda ham raqobatbardosh bo'ladi
eJPT — Red Team yo'nalishiga endigina qadam qo'yayotganlar uchun eng to'g'ri boshlang'ich sertifikat. Imtihon 100% online formatda, browser orqali o'tkaziladi. Faqat kompyuter va internetning oʻzi yetarli. Imtihon open-book formatida o'tkaziladi, ya'ni imtihon davomida internet va o'z konspektlaringizdan foydalanish mumkin. Sertifikat INE Security platformasida olinadi: avval ro'yxatdan o'tiladi, keyin ~$249 to'lab voucher sotib olinadi va belgilangan vaqt ichida imtihon topshiriladi. Natija bir necha soat ichida avtomatik chiqadi. Sertifikat 3 yil amal qiladi.
PNPT — OSCP sertifikatiga o'tishdan oldin eng zo'r tramplin sertifikat hisoblanadi. Imtihon 100% online formatda o'tkaziladi va ikki bosqichdan iborat: birinchi bosqichda 5 kun davomida amaliy imtihon topshiriladi, ikkinchi bosqichda esa 2 kun ichida professional hisobot yoziladi. Eng qiziqarli tomoni — imtihon oxirida senior mutaxassislar bilan 15 daqiqalik live debrief, ya'ni topilmalarni jonli tushuntirish sessiyasi bo'ladi. Bu format oddiy imtihondan farqli ravishda haqiqiy ish muhitini to'liq aks ettiradi. Sertifikat TCM Security platformasida olinadi: kurs o'qib bo'lingach, imtihonga ro'yxatdan o'tiladi va ~$249 to'lanadi. Sertifikat muddatsiz amal qiladi.
OSCP — Red Team dunyosining eng kuchli sertifikatidan biri boʻlib, IT xavfsizlik bozorida eng ko'p tanilgan va ish e'lonlarida eng ko'p talab qilinadigan hujjat hisoblanadi. Imtihon 100% online formatda o'tkaziladi va ikki qismdan iborat: birinchi qismda 23 soat 45 daqiqa davomida real tizimlar buzib kiriladi, ikkinchi qismda esa 24 soat ichida professional hisobot yozib topshiriladi. Sertifikat OffSec platformasida PEN-200 kursi bilan birga olinadi: kurs va imtihon uchun $1,749 to'lanadi, bu 90 kunlik kurs + 1 urinishni o'z ichiga oladi. Agar birinchi urinishda o'tmasa, qayta urinish $249 turadi. OSCP egalarining AQSHdagi o'rtacha yillik maoshi $119,895, yuqori daraja mutaxassislari esa $158,500 gacha ishlaydi.
OSEP — OSCP ni muvaffaqiyatli topshirganlar uchun keyingi qadam. Bu sertifikat haqiqiy senior Red Team mutaxassisining belgisi hisoblanadi. Imtihonda antivirus va EDR tizimlarini chetlab o'tish, murakkab Active Directory muhitlarini to'liq nazorat ostiga olish va maxsus exploit hamda payload ishlab chiqish ko'nikmalari tekshiriladi. Imtihon 100% online formatda o'tkaziladi: 48 soatlik amaliy imtihon va 24 soatlik hisobot yozish talab qilinadi. Sertifikat OffSec platformasida PEN-300 kursi bilan birga olinadi va $1,649 turadi. OSCP bo'lmagan holda bu sertifikatga kirishish tavsiya etilmaydi. Sertifikat muddatsiz amal qiladi.
Xulosa qilsak, Red Team yo‘nalishida faqat “hacking”ni bilish yetarli emas. Bu tizimli bilim, kuchli amaliy tajriba va to‘g‘ri tanlangan sertifikatlar orqali shakllanadigan professional karyera yo‘li. Bugungi kunda banklar, IT kompaniyalar, telekommunikatsiya sohalari va davlat tashkilotlari o‘z tizimlaridagi zaifliklarni oldindan topa oladigan mutaxassislarga katta ehtiyoj sezmoqda. Aynan Red Team mutaxassislari bu jarayonda muhim rol o‘ynaydi. Sertifikatlar esa bu yo‘ldagi “ishonch belgisi” hisoblanadi. Ular sizning bilimlaringiz tasodifiy emas, balki tekshirilgan va amaliy sinovdan o‘tgan ekanini ko‘rsatadi. Shu sababli sertifikatlar sizga ish bozorida kuchli ustunlik ham yaratadi.
🎯 Red Team yoʻnalishida karyera qilishga qaror qildingizmi? Najot Ta'limning Kiberxavfsizlik kursida Kiberxavfsizlik asoslarini oʻrganib, sertifikatlarga ham tayyorgarlikni hozirdan boshlang.
Muallif:
Muallif: