Dasturlash
144

No Code nima?

Ushbu maqolada No Code nima ekani, u qanday ishlashi, kimlar uchun foydali bo‘lishi va aynan sizga qanday imkoniyatlar berishi haqida so‘z yuritamiz.

No Code nima?
  1. Dasturchi bo‘lish uchun kod yozishni bilish shartmi?
  2. No Code nima?
  3. Mashhur No Code platformalari
  4. No Code platformalarining kamchiliklari
  5. No Code platformalarining afzalliklari
  6. Qaysi sohalar uchun qulay?
  7. Xulosa



Dasturchi bo‘lish uchun kod yozishni bilish shartmi?


Yaqin yillargacha bunga ha deb javob berilar edi. Ammo bugungi kunda bu soha anchagina o‘zgardi. Endilikda No Code deb ataluvchi platformalar yordamida oddiy foydalanuvchilar ham dastur yoki sayt tayyorlamoqda. Kod yozmasdan ham veb-ilova tayyorlash, hatto murakkab tizimlarni avtomatlashtirish mumkin bo‘lib qoldi. Keling, No Code nima ekanligi haqida biroz suhbatlashamiz.


No Code nima?

No Code — bu dastur, sayt yoki ilova tayyorlashda kod yozmasdan ishlashga imkon beruvchi platforma yoki texnologiyalar to‘plami. Bu texnologiyalar odatda drag-and-drop usulida ishlaydi, ya'ni tayyor funksiyalardan foydalanib sozlamalarni tanlaysiz va natijada to‘liq ishlovchi mahsulotga ega bo‘lasiz. IBM Think  maqolasida qayd etilishicha, No Code texnologiyalari aynan texnik bilimga ega bo‘lmagan foydalanuvchilar uchun tayyorlangan. Bu esa ularni tez, oson va arzon narxda yechim topishga undaydi.


Mashhur No Code platformalar

Bugungi kunda ko‘plab No Code platformalari mavjud. Quyida eng mashhur No Code platformalari bilan tanishib chiqamiz. 


#1 Tilda — bu kod yozmasdan veb-sayt tayyorlash imkonini beradigan No Code platforma. Tilda platformasi marketing, biznes egalari uchun qulay hisoblanib, undan sotuvchi saytlar tayyorlash mumkin. Bundan tashqari, landing page, blog, do‘kon sahifalari, portfolio shakllantirishda ham tez va oson yordam beradi.


Tilda - No Code platformasi


#2 WordPress — bu eng mashhur CMS (Content Management System), ya’ni kontent boshqaruv tizimi. Bu platforma orqali, blog, sayt, korporativ saytlar tayyorlash, ularga postlar joylash, yangiliklar ulashish mumkin.


WordPress - No Code platformasi


#3 Bubble – veb-ilovalarni tayyorlash uchun eng yaxshi platformalardan biri. Bu platforma orqali frontend va backend qismlarni bir joyda boshqarish mumkin. Startaplar, ichki tizimlar va onlayn servislar uchun eng yaxshi No Code platformasidir. Bubble'da HTML/CSS darajadagi dizaynlarni kod yozmasdan tayyorlash imkoniyati mavjud.

Bubble - No Code platformasi



🔴 No Code platformalarining kamchiliklari

Integratsiya va kengaytirish qiyinligi
Maxsus API yoki tashqi tizimlar bilan chuqur integratsiyalar talab qilingan holatlarda, No Code platformalari yetarli bo‘lmasligi mumkin.

Ishlash samaradorligi (performance)
Murakkab ilovalar uchun ishlash tezligi va samaradorlik No Code platformalarida pastroq bo‘lishi mumkin.

Vendor lock-in (platformaga bog‘lanib qolish)
No Code platformasini tanlaganingizdan so‘ng, u bilan ishlashda boshqa tizimga o‘tish qiyin bo‘lishi mumkin.



🟢 No Code platformalarining afzalliklari

Tez ishlab chiqish
No Code platformalari orqali ilovalarni ishlab chiqish an’anaviy dasturlashga qaraganda tez amalga oshadi, chunki ular kod yozishni talab qilmaydi. 

Arzon narx:
Dasturchilarni yollash xarajatlaridan qochish mumkin, bu esa kichik bizneslar va startaplar uchun qulaylik yaratadi.

Moslashuvchanlik imkoniyati
O‘zgarishlar kiritish va yangi funksiyalarni sinab ko‘rish oson va tez amalga oshiriladi.



💡 No Code'dan foydalanish mumkin bo‘lgan sohalar


Biznes jarayonlarini avtomatlashtirish

Ichki ish jarayonlari, approval tizimlari, mijozlar bilan aloqa kabi jarayonlarni soddalashtirish.

Veb-ilovalar va mobil ilovalar
Ma’lumotlar bazasi bilan ishlaydigan foydalanuvchi interfeyslarini tezda yaratish.

CRM va ERP tizimlari
Kompaniyaning mijozlar bilan ishlash jarayonlarini boshqarish.

Onlayn do‘kon saytlari
Sotuvchilar va xaridorlar o‘rtasida vositachilik qiladigan platformalarni yaratish.

Dashboard va reporting vositalari
Analitik va ma’lumotlarga asoslangan ko‘rsatkichlar paneli yaratish.


Xulosa

No Code platformalari sizga vaqtni tejash, g‘oyalarni tezda hayotga tatbiq etish, dasturchilarga bo‘lgan qaramlikni kamaytirish va AyTi olamiga kirish uchun eshik ochadi. Agar sizda biror g‘oya bo‘lsa, endi uni amalga oshirish uchun kod yozishni o‘rganishga yillar sarflash shart emas. No Code vositalari orqali siz hech qanday texnik bilimlarsiz ham loyihalarni tayyorlay olasiz.


No Code orqali sayt tayyorlashning vaqti ko‘p omillarga bog‘liq. Oddiy saytni bir necha soat yoki kun ichida tayyorlashingiz ham mumkin. Agar sizda tayyor dizayn va ma’lumotlar bo‘lsa, saytingizni tezda ishlab chiqasiz. Murakkabroq tizimlar va funksiyalarni tayyorlashda esa bir necha hafta yoki oy davom etishi mumkin.


Shu joyida bir savol paydo bo‘ladi. Agar No Code platformalari orqali sayt, ilovalar, landing pagelar tayyorlay olsak, nega dasturlash sohasi kerak? Dasturlash sohasiga 1,5-2 yil vaqt sarflab, o‘rganishdan foyda nima? Keyingi maqolada shu mavzu haqida bafurja gaplashamiz. Bizni kuting :)


78-888-9-888
Administratsiyaga bog'lanish

Muallif:

Najot Ta'lim

Muallif:

Najot Ta'lim

Tavsiya etamiz:

Dasturchilar yo‘l qo‘yadigan 7 xato

Dasturchilar yo‘l qo‘yadigan 7 xato

Batafsil