Yangiliklar
261

Sun’iy intellekt xatosi: SI gallyutsinatsiyasi nima va undan qanday himoyalanish mumkin?

ChatGPT va boshqa SI tizimlari nega noto‘g‘ri ma’lumot beradi? Real misollar va xatolarni kamaytirish usullari

Sun’iy intellekt xatosi: SI gallyutsinatsiyasi nima va undan qanday himoyalanish mumkin?

Sun’iy intellekt nega notoʻgʻri javob beradi?

Hozirgi kunda sun’iy intellekt texnologiyalari hayotimizning ajralmas qismiga aylanishga ulgurdi. Millionlab insonlar ChatGPT, Gemini, Claude kabi sun’iy intellekt tizimlaridan faol foydalanmoqda. SI tizimlari inson vaqtini tejashi, ish unumdorligini oshirishi va murakkab vazifalarni soddalashtirishi sababli koʻpgina sohalarda ham ommalashdi. Ayrim kompaniyalar kundalik ishlarning katta qismini SI yordamida avtomatlashtirishni boshladi. Ammo sun’iy intellekt imkoniyatlari qanchalik rivojlanmasin, u mukammal emas. U doim ham savollarga toʻgʻri javob bermaydi. U ba’zan mavjud boʻlmagan faktlarni yozadi va notoʻgʻri ma’lumotni xuddi haqiqatdek bayon etadi. Eng qizigʻi shundaki, SI bularni professional tarzda yozgani uchun foydalanuvchi buni haqiqatligiga ishonadi. Sun’iy intellektning ba’zan yanglishishiga sabab: u inson kabi fikrlamaydi, ya’ni ma’lumotning to‘g‘riligini aslida tushunmaydi. Agar ma’lumot yetarli bo‘lmasa yoki savol chalkash bo‘lsa, u bilmaganini tan olishdan ko‘ra bo‘sh joyni o‘zi “to‘ldiradi”. U internetdagi ulkan datalar yoki matnlar asosida keyingi eng ehtimolli so‘zni hisoblaydi. Shu sababli u noto‘g‘ri javob kelib chiqishi mumkin. Shu sababli ko‘rinishidan chiroyli, ammo fakt jihatdan noto‘g‘ri javob paydo bo‘ladi. Masalan, ilmiy murakkab savollarda sinovdan o‘tgan 40 ta modeldan uchtasidan tashqari qolgan hammasi to‘g‘ri javob berishdan ko‘ra gallyutsinatsiya qilish ehtimoli yuqoriligi aytilgan.

 

Sun’iy intellekt gallyutsinatsiyasi nima?

SI gallyutsinatsiyasi — bu sun’iy intellekt tizimining aslida mavjud boʻlmagan yoki notoʻgʻri ma’lumotni haqiqat sifatida taqdim etishidir. Masalan, soxta statistikalar, faktlar chiqarib beradi. Ma’lumotlarga uydirma ilmiy manbalar koʻrsatishi yoki tarixiy faktlarni notoʻgʻri bayon etishi mumkin. 2024-yil hisobotiga koʻra SI gallyutsinatsiyalaridan global biznesda yoʻqotishlar 67,4 milliardga yetgan. Shuningdek MIT tadqiqotlariga koʻra SI modellari fakt ma’lumotlarni aytishdan koʻra, “albatta”, “shubhasiz” kabi soʻzlardan foydalanib yanada ishonchli shaklda taqdim etishga urgʻu beradi.

 

SI gallyutsinatsiyasining real hayotga xavfi

AI gallyutsinatsiyasi ko‘p sohalarga ta’sir qiladi. Chunki hozir ko‘plab tashkilotlar matn yozish, ma’lumotlarni tahlil qilish va qaror qabul qilishda sun’iy intellektdan foydalanmoqda. Bu esa ko‘pgina xavflarni keltirib chiqaradi. Ayniqsa, tibbiyot, huquq, moliya ishlarida gallyutsinatsiya to‘lovi qimmat bo‘ladi. Masalan, Stanford universiteti tadqiqotiga ko‘ra, katta til modellari huquqiy masalalar bo‘yicha so‘rovlarga javob berishda 69% dan 88% gacha hollarda gallyutsinatsiya ishlab chiqaradi. Bu shuni ko‘rsatadiki, SI huquqiy hujjat tayyorlashda yordam bera olsa ham, inson nazoratisiz undan foydalanish xavfli hisoblanadi.

Tibbiyot sohasida ham SI gallyutsinatsiyasiga uchragan ma’lumotlar noto‘g‘ri diagnoz qo‘yilishiga, xavfli dori tavsiyasiga, mavjud bo‘lmagan simptom va kasallik haqida ma’lumot berilishiga sababchi bo‘ladi. Shu sababli tibbiyot sohasida ham albatta tekshiruvlar va tasdiqlardan o‘tishi kerak bo‘ladi.
Moliya sohasida ham kichik xatolar katta zararga sababchi bo‘ladi, masalan, noto‘g‘ri moliyaviy hisobot, soxta prognoz, noto‘g‘ri investitsiya maslahatlari. Shuningdek SI modellar tarixiy aksiyalar narxlari, moliyaviy terminlar va iqtisodiy tushunchalarni ham xato talqin etgan holatlar kuzatilgan.
Xulosa qilsak, sun’iy intellekt xatolari oddiy texnik kamchilik emas, balki ayrim sohalarda real xavf manbai hisoblanadi. Aniqlik talab qiladigan yo‘nalishlarda gallyutsinatsiya sabab noto‘g‘ri qarorlar, moliyaviy zarar, ilmiy xatolar va hatto inson salomatligiga tahdid olib kelishi mumkin.

 

Sun’iy intellekt xatolarini kamaytirish usullar

Sun’iy intellekt tizimlari inson ishini tezlashtirishi va ma’lumot topishni osonlashtirishi mumkin. Biroq ba’zan noto‘g‘ri yoki uydirma ma’lumot yaratishi sababli undan ehtiyotkor foydalanish muhim hisoblanadi. Mutaxassislarning fikricha, SI dan samarali foydalanishning eng yaxshi yo‘li — uni mustaqil emas, balki yordamchi vosita sifatida ishlatishdir. Ayniqsa: ilmiy ish, huquqiy hujjat, tibbiy ma’lumot, moliyaviy hisobot kabilarni tayyorlashda SI javoblarini tekshirish zarur. Quyida SI gallyutsinatsiyasi xavfini kamaytirishning eng samarali usullarini bilib oling:

 

1. Faktlarni qayta tekshirish

Sun’iy intellekt yozgan har qanday statistika, sana, iqtibos yoki manba qo‘lda tekshirilishi kerak. Masalan, siz SI dan internet foydalanuvchilari soni yoki SI bozori hajmi haqida statistika so‘rasangiz, u eski yoki noto‘g‘ri raqam berishi mumkin. Shu sababli bunday ma’lumotlarni rasmiy platformalar orqali qayta tekshirish tavsiya etiladi.

2. Manba so‘rash

Oddiy savol berganingizda SI tez javob beradi, lekin ba’zan u ma’lumotni o‘zi to‘qib qo‘yishi mumkin. Agar siz manba so‘rasangiz, SI aniqroq ishlashga majbur bo‘ladi. Masalan, oddiy “SI bozori hajmi qancha” emas, balki “2025-yilda SI bozori hajmi haqida Statista yoki McKinsey manbalari asosida ma’lumot ber va link keltir” kabi aniq so‘rash kerak. Shunda sizga aniq manbalardan topadi va tekshirishingiz uchun manba ham beradi.

3. To‘g‘ri prompt yozish

SI javobining sifati 70–80% promptga bog‘liq. Ya’ni siz qanday savol bersangiz, shunga yarasha javob olasiz. Yaxshi prompt nima qiladi: mavzuni aniq belgilaydi, maqsadni ko‘rsatadi, formatni tushuntiradi, kerakli darajani belgilaydi. Masalan, “Yaxshi telefon tavsiya qil” emas, “700$ gacha video montaj uchun eng yaxshi telefonlarni solishtir”. Yoki noutbuk olmoqchi bo‘lsangiz: “Sifatli noutbuk tavsiya qil” emas, “Talabaman, ofis ishlari bilan ishlayman, shunga mos bo‘lgan 500$ gacha eng yaxshi noutbuk qaysi?”

4. Bir nechta manbadan solishtirish

SI bergan ma’lumotni hech qachon yolg‘iz manba sifatida ishlatish to‘g‘ri emas. Chunki sun’iy intellekt ba’zan noto‘g‘ri manba bilan ham javob berishi mumkin. Shu sababli har doim bir nechta ishonchli manba bilan solishtirib tekshirish kerak. Buning uchun eng avvalo SI bergan javobni Google qidiruvi orqali tekshirish mumkin. Keyin esa rasmiy saytlar, ilmiy maqolalar va ekspert fikrlarini ham ko‘rib chiqish kerak bo‘ladi. Har xil manbalarni solishtirish orqali ma’lumotning qanchalik to‘g‘ri yoki noto‘g‘riligini aniq bilib olish mumkin. Masalan, SI sizga “bu telefon eng yaxshi” deb aytishi mumkin. Lekin siz bunga darhol ishonmasligingiz kerak. Siz uni tekshirish uchun YouTube’dagi review videolarini ko‘rasiz, rasmiy texnik xususiyatlarini (specs) o‘rganasiz va foydalanuvchilarning fikrlarini ham o‘qiysiz. Shundan keyin sizda to‘liqroq va real tasavvur paydo bo‘ladi. Natijada esa siz faqat SI fikriga emas, balki bir nechta manbaga tayangan holda to‘g‘ri qaror qabul qilgan bo‘lasiz.

 

Xulosa qilsak, sun’iy intellekt bugungi kunda juda kuchli va foydali texnologiya bo‘lsa-da, u hali mukammal tizim emas. Shuning uchun inson nazorati doim kerak bo‘ladi. U tez, qulay va samarali javoblar berishi mumkin, lekin ba’zi holatlarda noto‘g‘ri ma’lumotni ham ishonchli ko‘rinishda taqdim etadi. Aynan shu holat “SI gallyutsinatsiyasi” deb ataladi va u turli sohalarda jiddiy muammolarga sabab bo‘lishi mumkin. Shu bilan birga, sun’iy intellektdan qo‘rqish emas, balki uni to‘g‘ri va ongli ishlatish muhim hisoblanadi. Agar foydalanuvchi har doim faktlarni tekshirib borsa, bir nechta ishonchli manbalarni solishtirsa, aniq va tushunarli prompt yozishga e’tibor bersa hamda rasmiy ma’lumotlarga tayansa, sun’iy intellekt oddiy vositadan chiqib, samarali yordamchiga aylanadi.

Demak, sun’iy intellektdan foydalanish kerak, lekin unga ko‘r-ko‘rona ishonish kerak emas.

Chunki sun’iy intellekt qanchalik rivojlangan texnologiya bo‘lmasin, uni to‘g‘ri yo‘naltirish va nazorat qilish har doim insonning tanqidiy fikrlashi va mas’uliyatli yondashuviga bog‘liq bo‘lib qoladi.

 

Administratorga bog'lanish
78-888-9-888

Muallif:

Najot Ta'lim

Muallif:

Najot Ta'lim

Tavsiya etamiz:

Inson temperamentlari kasb tanlashda qanchalik muhim?

Inson temperamentlari kasb tanlashda qanchalik muhim?

Batafsil