Ushbu maqolada siz ish bozorida sun’iy intellekt va robotlarning oʻrni va ta’sirini bilib olasiz

Zamon rivojlangani sari yangi texnologik innovatsiyalar sahnaga chiqmoqda. Sun’iy intellekt, robotlar, avtomatlashtirish tizimlari bugungi kunda nafaqat yirik kompaniyalarda, balki oddiy ish jarayonlarida ham keng qo‘llanilmoqda. Ma’lum vazifalar sun’iy intellekt va robotlar tomonidan amalga oshirilayotganini koʻrgan holda, odamlarda bir savol paydo boʻlyapti: “Endi odamlar ishsiz qoladimi?”
Bu savol oʻrinli albatta. Keling, haqiqatni ochamiz: sun’iy intellekt va robotlar 100% ishni olib qoʻya olmaydi, balki ish jarayonini o‘zgartiradi: ayrim vazifalarni avtomatlashtiradi, tezlashtiradi, lekin inson mehnatini to‘liq almashtirish darajasiga hali yetmagan. Ular shunchaki takroriy va odamlar uchun ogʻir boʻlgan ishlarni qiladi. Masalan, ilgari bir xodim kun davomida ma’lumot kiritish, hisob-kitob qilish yoki oddiy hujjatlarni tayyorlash bilan shug‘ullangan bo‘lsa, hozir bu jarayonlarning katta qismini avtomatlashtirish mumkin. Natijada o‘sha xodim o‘z vaqtini tahlil qilish, qaror qabul qilish yoki yangi g‘oyalar ustida ishlashga sarflaydi. Bu esa ish sifatini oshiradi. Bu o‘zgarishlar alohida bir sohada emas, balki deyarli barcha kasblarda kuzatilmoqda.
🔹 Sun’iy intellekt ta’sir qilayotgan kasblar
SI asosan aqliy, raqamli va ma’lumot bilan ishlaydigan kasblarda faol qo‘llanilmoqda. Masalan:
• Tarjimonlik: SI oddiy matnlarni tez tarjima qilib bera oladi, lekin murakkab iboralar, madaniy kontekst va nozik ma’nolarni to‘g‘ri yetkazish hali ham inson tajribasini talab qiladi. Shu sababli tarjimonlar endi faqat tarjima qiluvchi emas, balki tahrir qiluvchi va sifat nazoratchisiga aylanmoqda.
• Marketing: SI reklama va brendni oʻrganadi, auditoriyani tahlil qiladi va mos kontent ham taklif qiladi. Lekin kreativ g‘oyalar, brend strategiyasi va inson psixologiyasini tushunish hali ham marketolog zimmasida qolmoqda.
• Kopirayter: ilgari butun matnni boshidan oxirigacha o‘zi yozgan bo‘lsa, hozir SI qisqa vaqt ichida matnning bir nechta variantini taklif qila oladi. Lekin bu yakuniy mahsulot emas: uni o‘qish, tuzatish va strategiya tuzish hali ham mutaxassis zimmasida qolmoqda. Demak, kopirayterning vazifasi yo‘qolmagan, balki yanada sifatliroq bosqichga o‘tgan.
• Dasturchilik: bu soha uchun ham SI katta yordamchi vositaga aylangan. U oddiy kodlarni yozib beradi, xatolarni topadi va jarayonni tezlashtiradi. Lekin murakkab tizimlarni yaratish, tahliliy fikrlash va muammolarni hal qilish hali ham insonga bogʻliq. Bu esa dasturchining rolini kamaytirmaydi, aksincha ishini osonlashtirib yangi pogʻonaga koʻtarilishiga xizmat qiladi.
Shunday qilib, sun’iy intellekt insonni ishdan butunlay siqib chiqarmaydi, aksincha uning rolini o‘zgartiradi. Oddiy va takroriy aqliy ishlar avtomatlashtirilgach, insonlar ko‘proq tahlil qilish, strategiya tuzish, kreativ fikrlash va muhim qarorlar qabul qilish bilan shug‘ullana boshlaydi. Bu esa ish sifatini yanada yuqori darajaga olib chiqadi.
🔸 Robotlar ta’sir qilayotgan kasblar
SI koʻproq aqliy mehnat asosida ishlayotgan boʻlsa, robotlar asosan jismoniy mehnat talab qiladigan, takroriy va aniq tartib asosida bajariladigan sohalarda juda tez rivojlanmoqda. Masalan, Amazon omborlarida robotlar kechayu kunduz ishlaydi. Bir xil jarayonni million marta takrorlash ular uchun muammo emas.
Nega kompaniyalar robotlarni tanlamoqda?
1. Robotlar 24/7 uzluksiz ishlay oladi. Inson kun davomida ma’lum soat ishlagandan keyin charchaydi, diqqat pasayadi va xatolik ehtimoli oshadi. Robotlarda esa bunday cheklov yo‘q va dam olishga ham extiyoj yoʻq. Ular bir xil ishni soatlab, kunlab, hatto oylar davomida bir xil aniqlikda bajarishi mumkin. Shu sababli ishlab chiqarish, logistika va ombor tizimlarida robotlardan foydalanish juda tez kengaymoqda. Robotlar oldindan dasturlashtirilgan tartib asosida ishlaydi va har bir harakatni aniq bajaradi. Masalan, avtomobil ishlab chiqarish zavodlarida bir dona kichik detalning noto‘g‘ri o‘rnatilishi katta muammoga olib kelishi mumkin. Robotlar esa bu jarayonni millimetr aniqligida bajaradi, bu esa mahsulot sifatini sezilarli darajada oshiradi.
2. Robotlar xavfli sharoitlarda ishlay oladi. Kimyoviy moddalar, yuqori harorat, og‘ir yuklar yoki xavfli sanoat muhitida inson hayoti doim xavf ostida
bo‘ladi. Robotlar esa bunday sharoitlarda xavfsiz ishlashi mumkin. Masalan, kon sanoatida yoki yong‘in xavfi bo‘lgan joylarda robotlar inson o‘rniga kirib, tekshiruv yoki oddiy ishlarni bajaradi. Bu esa inson hayotini saqlab qolishda juda muhim rol o‘ynaydi.
3. Robotlar uzoq muddatda samaradorlik bilan ishlaydi. Dastlab robotlarni joriy qilish qimmat bo‘lishi mumkin, lekin vaqt o‘tishi bilan ular ishchi kuchi xarajatlarini kamaytiradi, xatoliklarni kamaytiradi va ishlab chiqarish tezligini oshiradi. Natijada kompaniyalar kamroq resurs sarflab, ko‘proq mahsulot ishlab chiqarish imkoniga ega bo‘ladi.
Shuncha ishni robotlar bajarsa, inson nima ishni qiladi?
Aslida robotlar insonni ishdan butunlay siqib chiqarmaydi, balki uning rolini o‘zgartiradi. Oddiy va takroriy ishlar avtomatlashtirilgach, insonlar ko‘proq nazorat qilish, boshqarish, rejalashtirish va muhim qarorlar qabul qilish bilan shug‘ullana boshlaydi. Masalan, omborlarda robotlar mahsulotlarni tashish va saralashni bajaradi, lekin butun tizimni boshqarish va logistika jarayonini rejalashtirish hali ham inson zimmasida qoladi. Zavodlarda robotlar yig‘ish ishlarini bajaradi, ammo texnik nazorat va muammolarni hal qilish mutaxassislar tomonidan amalga oshiriladi. Qishloq xo‘jaligida robotlar sug‘orish va ekin ekishda yordam beradi, lekin umumiy boshqaruv inson tajribasiga tayanadi. Shunday qilib, robotlar inson mehnatini yengillashtiradi va yangi imkoniyatlar yaratadi. Oldin vaqt va kuch talab qilgan oddiy ishlar avtomatlashtirilgani sababli, insonlar endi o‘z bilimini oshirish, yangi ko‘nikmalar o‘rganish va murakkabroq vazifalar bilan shug‘ullanish imkoniga ega bo‘ladi. Shu sababli robotlar davri qo‘rqinchli emas, aksincha rivojlanish va yangi imkoniyatlar davridir.
Ba’zi kasblar asta-sekin robotlar va sun’iy intellekt qo‘liga o‘tib, insonlar qoʻlidan chiqib borgani bilan birga, bir haqiqat bor: eski ishlar yoʻqolgani sari yangi kasblar ham paydo bo‘lyapti. Endilikda SI va robototexnika sohalariga oid kasblarga keskin talab oshmoqda. Quyida shu kasblar haqida oʻrganib chiqamiz:
1. Sun’iy intellekt (AI) mutaxassisi Ular SI tizimlarini yaratadi va ularni real hayotdagi muammolarni hal qilish uchun moslashtiradi. Masalan, banklarda firibgarlikni aniqlaydigan tizim, YouTube yoki Instagram’da sizga video va post tavsiya qiladigan algoritmlar aynan SI muhandislari tomonidan yaratiladi. Oddiy qilib aytganda, SI muhandisi kompaniyalar uchun “aqlli tizimlar” quradi va ishni tezroq va samaraliroq qilishga yordam beradi.
2. Robototexnika muhandisi (Robotics engineer ) kasbi esa robot ishlab chiqaruvchi kompaniyalarda ishlaydi. Ularning vazifasi robotlarni loyihalash, yasash, sinash va yig‘ishdan iborat. Ular zavodlarda ishlaydigan avtomatik robot qo‘llar, omborlarda yuk tashiydigan robotlar yoki tibbiyotda operatsiya qiladigan robotlarni ishlab chiqadi. Robototexnika muhandislari olimlar bilan birga ishlab, maxsus sanoat ehtiyojlariga mos robotlar yaratishi mumkin. AQSh ma’lumotlariga ko‘ra, bu kasbning o‘rtacha yillik maoshi taxminan $89+ming dollar. Bu kasb mexanika, elektronika va dasturlashni birlashtiradi. Kelajakda robotlar ko‘paygani sari bu kasb yanada muhim bo‘lib boradi.
3. Prompt injinering esa eng yangi va tez rivojlanayotgan yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. Bu kasb sun’iy intellekt bilan samarali ishlashni o‘rgatadi. Prompt engineerlar SI tizimlariga to‘g‘ri va aniq buyruq berishni biladi, natijada SI dan maksimal sifatli javob olish mumkin bo‘ladi. Masalan, matn yozdirish, rasm yaratish, kod yozdirish yoki biznes jarayonlarini avtomatlashtirish uchun to‘g‘ri prompt yozish juda muhim. Hozir ko‘plab kompaniyalar SI dan foydalanishni boshlagan, lekin undan qanday qilib maksimal foyda olishni hamma ham bilmaydi. Shu sababli prompt engineerlarga talab tez oshib bormoqda.
4. Data analitika va Data science hozir juda muhim kasblarga aylanmoqda. Data analitiklar kompaniyaga hozir nima bo‘layotganini tushunishga yordam beradi. Masalan, qaysi mahsulot ko‘p sotilayapti yoki qaysi xizmat foydaliroq boʻlayotganini aniqlaydi. Data scientistlar esa ma’lumotlarga qarab kelajakni taxmin qiladi. Masalan, qaysi mahsulot keyin mashhur bo‘lishi mumkin yoki qaysi mijoz ketib qolishi mumkinligini oldindan bilishga yordam beradi. Hozir deyarli hamma soha: bank, tibbiyot, marketing, ta’lim ham ma’lumot bilan ishlaydi. Shuning uchun bu kasblarga talab juda tez oshib, kelajakda ham juda kerak bo‘ladi. Bu kasblarning ahamiyati ayniqsa SI rivojlanishi bilan yanada oshib bormoqda. Chunki sun’iy intellekt ishlashi uchun ko‘p va sifatli ma’lumot kerak bo‘ladi. Data analitik va data scientistlar aynan shu ma’lumotlarni tayyorlaydi va tahlil qiladi. Xulosa qilib aytganda, SI va data bir-biriga chambarchas bog‘liq: ma’lumotsiz SI ishlamaydi, SI rivojlangani sari esa data mutaxassislariga talab yanada oshadi.
Xulosa qilsak, SI va robototexnika rivojlanib borar ekan, eski kasblar o‘zgaradi va yangilari paydo bo‘ladi. Shu sababli ularga moslashib, yangi texnologik kasblarni o‘rganish hozir eng muhim ehtiyojlardan biriga aylandi. Bu kasblar yo‘qolib ketmaydi, aksincha ish bozorida talab yuqori mutaxassisga aylanadi va kelajakda barqaror daromad hamda katta imkoniyatlarga ega bo‘ladi. Shu yo‘nalishda esa Najot Ta’lim ham oʻzining zamonaviy kasblarga yo‘naltirilgan kurslarni taklif qiladi. Bu yerda siz Prompt injinering , Data analitika va Data science kurslarida hozirda talab yuqori bo‘lgan sohalarni o‘rganishingiz mumkin. Ushbu kurslar orqali siz nazariy bilim bilan birgalikda real loyihalar ustida ishlash, amaliy ko‘nikmalarni shakllantirish, SI hamda data bilan ishlashni oʻrganasiz. Natijada siz ish bozorida oddiy kuzatuvchi emas, balki texnologiyalar bilan ishlay oladigan va ulardan samarali foydalanadigan mutaxassisga aylanasiz.
Qiziqishlaringizni aniqlab, o‘zingizga mos yo‘nalishni tanlang va zamonaviy kasblarni o‘rganishni bugunoq boshlang. SI, data va texnologiyalar olamida o‘z o‘rningizni topish uchun birinchi qadamni tashlashda Najot Ta’lim sizga yordam beradi!
Muallif:
Muallif:
Tavsiya etamiz:
