2027-yilda IT sohasida eng koʻp sunʼiy intellekt bilan ishlay oladigan mutaxassislar qidiriladi: AI muhandislari, AIʼni kompaniya tizimiga joriy qiladigan dasturchilar, kiberxavfsizlik va maʼlumotlar bilan ishlaydigan mutaxassislar. Ammo bu IT kasblarning hammasiga talab oshyapti degani emas. Baʼzi yoʻnalishlarda vakansiyalar, aksincha, sezilarli kamaydi.

Agar kasb tanlayotgan yoki IT sohasiga oʻtishni rejalashtirayotgan boʻlsangiz, bu farqni hozirdan bilganingiz maʼqul. Chunki bugun boshlagan oʻqishingiz natijasi aynan 2027-yilda ish bozoriga chiqadi. Bu maqolada talab oshayotgan va pasayayotgan kasblarni, Oʻzbekistondagi vaziyatni hamda oʻzingizga mos yoʻnalishni qanday tanlashni koʻrib chiqamiz.

Maqolada:

  • IT ish bozori 2027-yilga qarab qanday oʻzgaryapti?
  • 2027-yilda talab yuqori boʻladigan 5 ta IT kasb
  • Oʻzbekistonda vaziyat qanday?
  • Qaysi kasblarga talab pasaymoqda?
  • Oʻzingizga mos yoʻnalishni qanday tanlash mumkin?

IT ish bozori 2027-yilga qarab qanday oʻzgaryapti?

Qisqasi, kompaniyalar endi “hamma narsadan bir oz biladigan” xodimni emas, aniq muammoni hal qila oladigan mutaxassisni qidirmoqda.

Buni yaqinda chiqqan ikki tahlil yaxshi koʻrsatadi. AQShning Pave kompaniyasi 2026-yil 17-noyabrda eʼlon qilgan Hot Jobs Index reytingida AI muhandisi uchinchi chorak ketma-ket eng talabgir kasb boʻldi. Ikkinchi oʻrinni esa AI mahsulotlarini mijoz tizimiga joriy qiluvchi muhandislar egalladi. Shu reytingda frontend dasturlash “sovub borayotgan” kasblar roʻyxatiga tushdi.

Lenny’s Newsletter 10-noyabrda eʼlon qilgan tahlilda (TrueUp vakansiyalar bazasi asosida) ham shunga oʻxshash manzara bor: bir yil ichida mobil va frontend dasturchilarga talab deyarli yarmiga kamaygan, mahsulot dizaynerlari uchun ochiq vakansiyalar esa rekord darajada past.

Bu maʼlumotlar AQSh bozoriga tegishli. Lekin Oʻzbekistondagi koʻplab IT kompaniyalar xorijiy buyurtmachilar bilan ishlaydi. Shuning uchun u yerdagi oʻzgarishlar bizning bozorga ham tez yetib keladi.

2027-yilda talab yuqori boʻladigan 5 ta IT kasb

1. AI muhandisi 

AI muhandisi - sunʼiy intellekt modellaridan foydalanib, ishlaydigan mahsulot yaratadigan dasturchi. U tayyor modellarni (GPT, Claude, Gemini va boshqalar) real vazifaga moslaydi, kerak boʻlsa esa oʻz modelini oʻqitib, uni ishga tushiradi.

Masalan, Toshkentdagi onlayn doʻkon mijozlar savollariga kechayu kunduz javob beradigan Telegram bot istaydi. Bot doʻkondagi mahsulotlar, narxlar va yetkazib berish shartlarini bilishi kerak. Mana shu botni modelga ulab, kompaniya maʼlumotlari bilan ishlaydigan qilib beradigan odam - AI muhandisi.

Bu kasb uchun asosan Python, mashinali oʻqitish (machine learning) asoslari, API bilan ishlash va RAG (modelga kompaniyaning oʻz hujjatlaridan javob topishni oʻrgatish usuli) kerak boʻladi.

AI muhandisi boʻlishni oʻrganing. Najot Taʼlimning Machine Learning kursida Python, neyron tarmoqlar va deep learningni oʻrganib, modelni noldan real loyihada ishga tushirishgacha olib borasiz.
Machine Learning kursi bilan tanishish

2. AIʼni biznesga joriy qiluvchi muhandis 

Bu kasbning oʻzbekcha nomi hali yoʻq, lekin mohiyati oddiy. Bunday muhandis mijoz kompaniyasining ichiga kirib, AI mahsulotini uning tizimlariga ulaydi va ishlab ketguncha yonida turadi.

Masalan, bank kredit arizalarini dastlabki tekshirishni AIʼga topshirmoqchi. Modelni bankning maʼlumotlar bazasiga ulash, xatolarni tekshirish, xodimlarga yangi tizimdan foydalanishni koʻrsatish kerak. Buni kod yozishni ham, biznes jarayonlarni ham tushunadigan odam qila oladi.

Shu sababli bu kasbda texnik bilim bilan birga muloqot qobiliyati ham juda qadrlanadi. Odamlar bilan gaplashishni yoqtiradigan dasturchilar uchun bu yaxshi yoʻnalish.

AI yordamida mahsulot yaratishni oʻrganing. AI Coding kursida Cursor va Claude Code kabi vositalar bilan Telegram bot, CRM tizimi va AI agentlar yaratib, gʻoyani MVP darajasidagi mahsulotgacha olib borasiz. Kod yozishni bilmasangiz ham boshlash mumkin.
AI Coding kursi bilan tanishish

3. Full stack dasturchi - lekin AI vositalari bilan

Bu yerda aniq gapirish kerak: faqat sahifa va tugmalar yasaydigan frontend dasturchiga talab kamaydi. Bu ishning katta qismini endi Cursor yoki Claude Code kabi vositalar ancha tez bajaradi.

Ammo mahsulotni boshidan oxirigacha — interfeys, server qismi, maʼlumotlar bazasi va toʻlov tizimi bilan birga — qura oladigan dasturchi kerakligicha qolmoqda. Faqat endi u AI vositalaridan unumli foydalanishni ham bilishi kerak.

Masalan, Samarqanddagi kichik mehmonxona onlayn bron qilish tizimini istaydi. Full stack dasturchi saytni, administrator panelini va Click yoki Payme orqali toʻlovni AI yordamida bir necha haftada yolgʻiz oʻzi tayyorlab bera oladi. Ilgari bunga butun jamoa kerak boʻlardi.

Full stack dasturchi boʻling. Kursda React bilan frontend, Node.js bilan backend va OpenAI integratsiyasini oʻrganasiz, yakunda esa toʻliq loyihangizni real domenga joylashtirasiz.
Full stack kursi bilan tanishish

4. Kiberxavfsizlik mutaxassisi

Kiberxavfsizlik mutaxassisi — kompaniya tizimlari va mijozlar maʼlumotlarini buzib kirishdan himoya qiladigan odam. Onlayn toʻlovlar va elektron xizmatlar koʻpaygan sari bu kasbga ehtiyoj ham ortib boryapti.

Bunga yana bir sabab bor: AIʼdan firibgarlar ham foydalanmoqda. Ilgari xatolarga toʻla soxta xabarlarni osongina tanib olish mumkin edi. Endi AI yozgan soxta SMS yoki Telegram xabarini haqiqiysidan ajratish qiyin. Masalan, bank nomidan “kartangiz bloklandi” degan ishonarli xabar keladi. Bunday hujumlarni oldindan aniqlash va toʻxtatish aynan kiberxavfsizlik mutaxassisining ishi.

Batafsil: Kiberxavfsizlik nega muhim?

Kiberxavfsizlik mutaxassisi boʻling. Kursda Linux, tarmoq hujumlari va veb-saytlardagi zaifliklarni topishni amaliy laboratoriyalarda oʻrganasiz, yakunda real infratuzilmada pentest oʻtkazasiz.
Kiberxavfsizlik kursi bilan tanishish

5. Maʼlumotlar bilan ishlovchi mutaxassislar

Har qanday AI tizimi maʼlumotga tayanadi. Maʼlumot tartibsiz boʻlsa, eng kuchli model ham notoʻgʻri javob beradi. Shuning uchun maʼlumotlarni yigʻadigan, tozalaydigan va tahlil qiladigan mutaxassislarga — data analitik va data muhandislariga talab saqlanib qolmoqda.

Masalan, marketpleys qaysi viloyatda qaysi mahsulot yaxshi sotilayotganini, mijozlar nima uchun buyurtmani bekor qilayotganini bilmoqchi. Data analitik shu savollarga raqamlar orqali javob topadi, kompaniya esa qarorni taxmin bilan emas, maʼlumotga qarab qabul qiladi.

Data analitik boʻling. Kursda SQL, Excel, Python va Power BI yordamida maʼlumotlarni tahlil qilib, ularni biznes uchun tushunarli hisobot va dashboardlarga aylantirishni oʻrganasiz.
Data analitika kursi bilan tanishish

Oʻzbekistonda vaziyat qanday?

Oʻzbekistonda ham IT eng tez oʻsayotgan sohalardan biri boʻlib qolmoqda. HeadHunter platformasi maʼlumotlariga koʻra, IT sohasidagi vakansiyalar bir yilda 26,9 foizga koʻpaygan. Bu mamlakatdagi eng yuqori oʻsish koʻrsatkichlaridan biri.

Davlat ham AI yoʻnalishiga katta eʼtibor qaratmoqda. “Besh million sunʼiy intellekt yetakchilari” loyihasi doirasida faqat 2026-yilning oʻzida 500 ming kishini oʻqitish rejalashtirilgan. Bu yerda bir muhim xulosa bor: AIʼdan oddiy foydalanish tez orada hamma biladigan koʻnikmaga aylanadi. Demak, ChatGPTʼda savol bera olish sizni boshqalardan ajratib turmaydi. Ish beruvchi AI yordamida aniq natija chiqara oladigan odamni qidiradi.

Yana bir yangi signal ham bor. 2026-yil 9-noyabrda Nurafshon shahrida “Kelajak texnologiyalari markazi” tashkil etilishi eʼlon qilindi. Markaz robotlar, elektronika va texnologik uskunalar ishlab chiqaruvchi korxonalarga IT Park rezidentlari bilan bir xil imtiyozlar beradi. Bu yoʻnalish hozircha kichik, lekin qurilmalar uchun dastur yozadigan muhandislarga talab yaqin yillarda oshishi mumkin.

Qaysi kasblarga talab pasaymoqda?

Koʻpchilik maqolalar faqat “talabgir kasblar”ni sanab oʻtadi. Ammo kasb tanlashda qaysi yoʻnalish qiyinlashayotganini bilish ham shunchalik foydali.

  • Faqat frontend yoki faqat mobil dasturlash. Yuqorida aytganimizdek, bu yoʻnalishlarda xorijda talab sezilarli kamaydi. Ular yoʻqolib ketmaydi, lekin kam vakansiyaga koʻp nomzod toʻgʻri keladi.
  • Klassik grafik va mahsulot dizayni. Oddiy banner, logotip va maket yasash ishining bir qismini AI vositalari oʻz zimmasiga oldi. Dizaynga qiziqsangiz, AI bilan birga ishlaydigan dizayner boʻlishni maqsad qiling. Bu haqda sunʼiy intellekt va grafik dizayn maqolamizda batafsil yozganmiz.

Bundan bitta xulosa chiqadi: gap kasb nomida emas. Oʻz yoʻnalishida AIʼdan foydalanishni biladigan odam qisqarayotgan sohada ham ish topadi. Bilmagan odamga esa oʻsayotgan sohada ham qiyin boʻladi.

Oʻzingizga mos yoʻnalishni qanday tanlash mumkin?

Eng talabgir kasbni emas, oʻzingizga mos va talabi bor kasbni tanlang. Quyidagi jadval birinchi qadamni aniqlashga yordam beradi:

Agar siz… Qaysi yoʻnalishga qarang Nimadan boshlash kerak
Hali kod yozmagan boʻlsangiz Full stack yoki AI Coding JavaScript asoslari yoki AI vositalari bilan bitta kichik loyiha
Sonlar va mantiqiy masalalarni yoqtirsangiz Data analitika, Machine Learning Python, SQL, oddiy jadval tahlili
Texnikani ham, odamlar bilan ishlashni ham yoqtirsangiz AIʼni biznesga joriy qilish AI yordamida kod yozish va biror sohaning ish jarayonini oʻrganish
Dizayner boʻlsangiz AI dizayn Figma bilan birga AI vositalari, portfolioni yangilash
Tartib va tekshirishni yoqtirsangiz Kiberxavfsizlik Linux va kompyuter tarmoqlari asoslari

Yoʻnalishni tanlagach, quyidagilarga amal qiling:

Bitta yoʻnalishga kamida 6 oy shug'illaning

Har oy yangi kasbga oʻtib yurish eng koʻp uchraydigan xato. Natija uzluksiz mashq qilganda keladi.

 

  • 2027-yilda AI muhandislari, AIʼni biznesga joriy qiluvchilar, kiberxavfsizlik va maʼlumotlar mutaxassislariga talab eng yuqori boʻladi.
  • Faqat frontend, faqat mobil dasturlash va klassik dizaynga kirish qiyinlashmoqda.
  • Oʻzbekistonda IT vakansiyalari oʻsishda davom etmoqda, AI esa tez orada hamma biladigan asosiy koʻnikmaga aylanadi.
  • Qaysi kasbni tanlamang, unda AI vositalaridan foydalanishni oʻrganing.

Agar IT sohasini mustaqil oʻrganish qiyin boʻlsa, Najot Taʼlimda Machine Learning, AI Coding, Full stack, Kiberxavfsizlik yoki Data analitika yoʻnalishlarida amaliy loyihalar bilan oʻqishingiz mumkin. Qaysi yoʻnalish sizga mosligini bilmasangiz, administratorimiz bilan maslahatlashing.

Barcha kurslar bilan tanishish

Administratorga bogʻlanish
78-888-9-888