Onlayn kurs yaxshimi yoki oflayn kurs? Bu savolga hamma uchun bir xil javob yo‘q. Agar vaqtingiz tig‘iz bo‘lsa, mustaqil o‘qiy olsangiz yoki o‘quv markaziga qatnash imkoniyatingiz bo‘lmasa, onlayn ta’lim qulayroq bo‘lishi mumkin. Agar sizga aniq jadval, o‘quv muhiti va mentor bilan yuzma-yuz ishlash muhim bo‘lsa, oflayn kurs ko‘proq mos keladi.

Lekin kurs tanlashda faqat dars onlayn yoki oflayn o‘tishiga qarash yetarli emas. O‘zingizni qanchalik nazorat qila olishingiz, kursga qancha vaqt ajratishingiz, mentor yordami, amaliy topshiriqlar va o‘quv dasturining sifati ham natijaga bevosita ta’sir qiladi.

Keling, ikki formatning farqlarini ko‘rib chiqib, aynan sizga qaysi biri mosligini aniqlaymiz.

Onlayn va oflayn kursning asosiy farqi nimada?

Onlayn kursda darslarni internet orqali o‘rganasiz. Ko‘p hollarda qayerda yashashingizdan qat’i nazar, kerakli kursni tanlash va o‘zingizga qulay vaqtda o‘qish imkoniyati bo‘ladi.

Oflayn kursda esa ma’lum kun va vaqtda o‘quv markaziga borasiz. Dars davomida mentor va guruhdoshlar bilan bevosita ishlaysiz.

Farq faqat “uyda o‘qish” va “markazda o‘qish” bilan tugamaydi.

2013-yilda e’lon qilingan yirik meta-tahlilda onlayn, aralash va oflayn ta’lim natijalari solishtirilgan. Tadqiqotchilar faqat to‘liq onlayn va faqat oflayn ta’limni taqqoslaganda bir formatning ikkinchisidan doimiy va aniq ustunligini aniqlamagan. Yaxshi natijaga dars formati bilan birga o‘quv jarayoni qanday tashkil etilgani ham ta’sir qilgan.

Demak, “qaysi format yaxshi?” degan savoldan ko‘ra “qaysi formatda men yaxshiroq o‘qiyman?” degan savol muhimroq.

Onlayn kurs kimlar uchun qulay?

Onlayn ta’limning eng katta afzalliklaridan biri - moslashuvchanlik.

Masalan, siz kun davomida ishlaysiz. Oflayn kursga borish uchun ishdan chiqib, yo‘lga vaqt sarflash, darsda qatnashish va yana uyga qaytish kerak. Ayniqsa Toshkentda tirbandlikni hisobga olsak, ikki soatlik dars kuningizning ancha katta qismini olishi mumkin.

Onlayn kursda esa bu vaqtning katta qismini tejash mumkin.

Bu imkoniyat viloyatlarda yashaydiganlar uchun ham muhim. Siz yashaydigan shaharda kerakli yo‘nalish bo‘yicha kurs bo‘lmasligi mumkin. Onlayn ta’lim orqali boshqa shahardagi mutaxassislardan ham bilim olish imkoniyati paydo bo‘ladi.

Shuning uchun onlayn kurs quyidagi holatlarda qulay:

  • ish yoki o‘qish sabab jadvalingiz tig‘iz bo‘lsa;

  • hududingizda kerakli yo‘nalish bo‘yicha kurs topilmasa;

  • mustaqil o‘qishga odatlangan bo‘lsangiz;

  • darslarni o‘zingizga qulay vaqtda o‘rganishni xohlasangiz.

Lekin onlayn ta’limning qulayligi bir vaqtning o‘zida uning eng katta qiyinchiligiga ham aylanishi mumkin.

Onlayn o‘qishda “keyinroq ko‘raman” muammosi bor

Dars istalgan payt ochiq bo‘lsa, uni aynan bugun ko‘rishga nima majbur qiladi?

“Bugun charchadim, ertaga ko‘raman.”

Ertaga boshqa ish chiqadi.

Keyin dam olish kuniga qoldiriladi.

Shu bilan bitta dars ortidan ikkinchisi yig‘ilib borishi mumkin.

Onlayn ta’limda o‘quvchi o‘z vaqtini va o‘qish jarayonini ko‘proq mustaqil boshqaradi. Broadbent va Poon o‘tkazgan ilmiy tahlilda ham vaqtni boshqarish, o‘z faoliyatini kuzatish va o‘qishni muntazam davom ettirish kabi ko‘nikmalar onlayn ta’limdagi natijalar bilan bog‘liqligi ko‘rsatilgan.

Shuning uchun mustaqil o‘qish sizga qiyin bo‘lsa, faqat “onlayn qulay ekan” degan sabab bilan bu formatni tanlash to‘g‘ri bo‘lmasligi mumkin.

Oflayn kurs kimlar uchun mos?

Oflayn ta’limning asosiy kuchli tomoni - aniq tartib va muhit.

Masalan, siz haftaning dushanba, chorshanba va juma kunlari soat 19:00 da dars bo‘lishini bilasiz. Shu vaqtni oldindan o‘qishga ajratasiz.

Darsni ertaga ko‘raman deb surish imkoniyati yo’q.

Ayniqsa yangi yo‘nalishni noldan o‘rganayotgan odam uchun bunday tartib foydali bo‘lishi mumkin.

Oflayn kurs sizga mosroq bo‘lishi mumkin, agar:

  • mustaqil o‘qish ko’nikmasi yo’q bo’lsa;

  • sizga aniq dars jadvali kerak bo‘lsa;

  • uyda dars qilish uchun yetarli sharoit bo‘lmasa;

  • yangi tanishlar va professional muhit siz uchun muhim bo‘lsa.

Bu ayniqsa uyda tez chalg‘iydigan odamlar uchun seziladi. Uyda telefon, boshqa ishlar yoki oila a’zolari diqqatingizni bo‘lishi mumkin. O‘quv markaziga kelganda esa ma’lum vaqtni faqat darsga ajratasiz.

O‘quv muhiti ham muhim

Ba’zi odamlar yolg‘iz o‘qiganda juda yaxshi ishlaydi.

Boshqalar esa atrofida bir xil maqsaddagi odamlar bo‘lmasa, motivatsiyasini tez yo‘qotadi.

Oflayn kursda guruhdoshlaringiz qanday ishlayotganini ko‘rasiz, birga topshiriq bajarasiz, tushunmagan mavzularni muhokama qilasiz. Vaqt o‘tishi bilan bu tanishuvlar professional aloqalarga ham aylanishi mumkin.

Yaxshi tashkil qilingan onlayn kurslarda ham guruhlar, mentor bilan muloqot, vazifalarni tekshirtirish va boshqa o‘quvchilar bilan aloqa qilish imkoniyatlari bo‘lishi mumkin.

Shuning uchun formatning nomiga emas, kurs ichidagi o‘quv jarayoniga qarash kerak.

Mentor yordami qaysi formatda yaxshiroq?

Ko‘pchilik oflayn kursda mentor bilan ishlash yaxshi, onlayn kursda esa o‘quvchi yolg‘iz qoladi deb o‘ylaydi.

Bu har doim ham to‘g‘ri emas.

Kuchli onlayn kursda yordamchi ustoz vazifalarni tekshirishi, savollarga javob berishi va o‘quvchini yo‘naltirib borishi mumkin.

Aksincha, sifatsiz oflayn kursda mentor faqat mavzuni tushuntirib, o‘quvchining amaliy ishlariga yetarlicha e’tibor bermasligi ham mumkin.

Masofaviy ta’lim bo‘yicha o‘tkazilgan 74 tadqiqotni birlashtirgan meta-tahlilda o‘quvchi va ustoz, o‘quvchilarning o‘zaro hamda o‘quvchi va material o‘rtasidagi faol aloqa o‘qish natijalari uchun muhim ekani ko‘rsatilgan.

Shuning uchun kurs tanlayotganda quyidagilarni ham so‘rang:

  • vazifalarni kim tekshiradi?

  • mentor bilan qanday aloqa qilaman?

  • savollarimga javob olamanmi?

  • amaliy topshiriqlar bormi?

  • qilgan xatolarim bo‘yicha feedback beriladimi?

Onlayn kurs arzonroqmi?

Har doim emas.

Onlayn kursda transport va tashqarida ovqatlanish kabi xarajatlarni tejashingiz mumkin. Lekin sifatli internet, noutbuk yoki ayrim yo‘nalishlarda kuchliroq kompyuter kerak bo‘lishi mumkin.

Oflayn kursda esa oylik to‘lovdan tashqari:

  • transport;

  • yo‘lda ketadigan vaqt;

  • tashqarida ovqatlanish;

  • ba’zan boshqa qo‘shimcha xarajatlar

ham paydo bo‘ladi.

Shuning uchun faqat eng arzon kursni qidirish yaxshi mezon emas.

Yaxshiroq savol:

“Qaysi kursni oxirigacha o‘qib, kerakli ko‘nikmani amalda o'rgana olaman?”

Qaysi format sizga mosligini aniqlash uchun savollar

Tanlov qilishdan oldin o‘zingizga quyidagi savollarni bering:

Mustaqil o‘qiy olamanmi?

Oldin mustaqil boshlagan kurslar, kitoblar yoki boshqa rejalarni eslang.

Ularni muntazam davom ettirganmisiz?

Agar ha bo‘lsa, onlayn ta’lim sizga yaxshi mos tushishi mumkin. Agar ko‘p narsani boshlab, keyin qoldirib ketgan bo‘lsangiz, aniq jadvalga ega oflayn kurs foydaliroq bo‘lishi mumkin.

Kursga qatnash uchun qancha vaqtim bor?

Faqat darsning o‘zini emas, borish va qaytishga sarflanadigan vaqtni ham hisoblang.

Agar haftasiga bir necha marta o‘quv markaziga borish jadvalingizga bemalol sig‘sa, oflayn ta’lim muammo tug‘dirmaydi.

Agar buning uchun doim ish yoki o‘qishdan shoshishingizga to‘g‘ri kelsa, onlayn format qulayroq bo‘lishi mumkin.

Uyda o‘qish uchun sharoitim bormi?

Faqat internet borligi yetarli emas.

Tinch joyingiz bormi? Kompyuteringiz kerakli dasturlarni ishlata oladimi? Bir-ikki soat chalg‘imasdan o‘qiy olasizmi?

Agar javob “yo‘q” bo‘lsa, o‘quv markazidagi muhit sizga yordam berishi mumkin.

Men tanlagan yo‘nalishda qaysi kurs kuchliroq?

Formatni kurs sifatidan ustun qo‘ymang.

Agar siz qiziqqan yo‘nalishda kuchli dastur, tajribali mentor va yaxshi amaliyot onlayn formatda bo‘lsa, faqat oflayn yaxshi deb undan voz kechish shart emas.

Aksincha, kuchli oflayn dastur sizga yaqin joyda mavjud bo‘lsa, faqat onlayn o‘qish trend bo‘lgani uchun uni tanlash ham shart emas.

Onlayn o‘qishni tanlasangiz - Edfix

Agar sizga o‘z vaqtingizni mustaqil rejalashtirish, istalgan joydan o‘qish va o‘quv markaziga qatnamasdan yangi ko‘nikma egallash qulayroq bo‘lsa, Edfix platformasidagi onlayn kurslarni ham ko‘rib chiqishingiz mumkin.

Edfix - Najot Ta’lim bilan bog‘liq onlayn ta’lim platformasi bo‘lib, unda dasturlash, dizayn, marketing, video yo‘nalishlari va boshqa mavzulardagi kurslar mavjud. Hozirgi platformada, masalan, dasturlash asoslari, SMM, dizayn, mobilografiya va sun’iy intellektga oid kurslarni ko‘rish mumkin.

Platformada faqat videodarsni ko‘rib chiqish bilan cheklanib qolmaslikka harakat qilingan. Kurslarda amaliy topshiriqlar, yordamchi ustoz ko‘magi, onlayn hamjamiyat va kursni muvaffaqiyatli yakunlaganlar uchun sertifikat kabi imkoniyatlar ham bor.

Oflayn o‘qishni tanlasangiz - Najot Ta’lim

Agar yuqoridagi savollardan keyin sizga aniq dars jadvali, ustozlar bilan bevosita muloqot, o‘quv muhiti va guruh bilan birga ishlash kerakligini tushungan bo‘lsangiz, Najot Ta’limdagi oflayn kurslarni ko‘rib chiqishingiz mumkin.

Kurslarga ro’yxatdan o’tish

Administratorga bog‘lanish

78-888-9-888