Ushbu maqolada ish unumdorligini oshirishga yordam beradigan 7 samarali texnikani ko‘rib chiqamiz. Bu texnikalar turli ish sharoitlarida amaliy qo‘llanilishi va qisqa hamda uzoq muddatda aniq natijalar berishi bilan ajralib turadi.
Dinamik ish muhitida samarali harakat qilish insonning o‘z sohasida yetuk mutaxassis sifatida shakllanishiga imkon beradi. Ishdagi unumdorlik — bu vaqtdan maksimal darajada samarali foydalanib, sifatli va tez ishlarni bajarishdir. Shaxsiy farovonlik va ish-hayot muvozanatini buzmagan holda optimal natijalarga erishish aynan samaradorlikka bog'liq.
Pomodoro usuli 1980-yillar oxirida Franchesko Cirillo tomonidan ishlab chiqilgan vaqtni boshqarish metodikasi hisoblanadi. Ushbu usul 25 daqiqalik ish sessiyalariga — "pomodori" deb ataladigan qismlarga va qisqa tanaffuslarga asoslanadi. Ushbu texnika diqqatni jamlashni va vaqtni samarali boshqarishni osonlashtiradi, miya charchoqlarini kamaytiradi va faol ishlashga yordam beradi. Pomodoroni samarali qo‘llash uchun quyidagi bosqichlarga amal qilish kerak:
Vazifalar ro‘yxatini tuzing
Taymerni 25 daqiqaga o‘rnating
Taymer tugaguncha hech qanday chalg‘ituvchi omillarsiz ishlang
5 daqiqalik tanaffus oling
Ushbu siklni to‘rt marta takrorlang
Har to‘rt “pomodori”dan keyin 15–30 daqiqa davomida uzunroq tanaffus qiling
SMART maqsadlari (specific — aniq, measurable — o‘lchab bo‘ladigan, achievable — erishib bo‘ladigan, relevant — muhim, time-bound — muddatli) aniq va amalga oshiriladigan maqsadlarni belgilashga qaratilgan tizimli yondashuvdir. Bu metod nafaqat individual darajada, balki jamoaviy ishlarda ham aniqlik va motivatsiyani kuchaytiradi, katta maqsadlarni kichik qadamlar orqali amalga oshirishni osonlashtiradi.
SMART maqsadlari quyidagi xususiyatlarga ega bo‘lishi kerak:
Aniq: maqsad ravshan va tushunarli bo‘lishi kerak
O‘lchab bo‘ladigan: natijalarni baholash uchun aniq mezonlar belgilanadi
Erishib bo‘ladigan: mavjud resurslar bilan amalga oshiriladigan bo‘lishi kerak
Muhim: maqsad umumiy rejalarga mos kelishi kerak
Muddatli: bajarilish muddati aniq belgilanadi
Ko‘p hollarda ish paytida bir gapni qayta-qayta o‘qib chiqishga to‘g‘ri keladi, chunki fikrimiz boshqa narsada bo‘ladi. Bu esa unumdorlikni pasaytiradi. Asosiy chalg‘ituvchi omillar - ijtimoiy tarmoqlar bildirishnomalari, elektron pochta va ishdagi uzilishlar. Ulardan qutulish uchun nima qilishni aytish shart emas, bilasiz. Lekin aytamiz :)
“Chuqur ish” vaqtlarini belgilab, bu paytda hech qanday uzilishga yo‘l qo‘ymang
Ish joyini tartibga keltirib, vizual chalg‘ituvchi narsalarni olib tashlang
Murakkab loyihalar va qisqa muddatlar sharoitida samarali ishlash uchun ish yuklamasini boshqarish juda muhim. Asosiy tavsiyalar:
Vazifalarni muhimlik va shoshilinchlik darajasiga qarab ustuvorlik bilan tartiblang
Iloji boricha vazifalarni delegatsiya qiling, ya’ni jamoa a’zolariga topshiring
Katta loyihalarni kichik vazifalarga ajrating
Loyihalarni boshqarish uchun onlayn vositalardan foydalaning (masalan, Trello, Asana)
Tadqiqotlar ko‘rsatadiki, insonlar uzoq vaqt bir narsaga diqqat qaratganida, miyadagi faollik pasaya boshlaydi. Bu attention fatigue deb ataladi. Miyadagi glyukoza asosiy energiya manbai hisoblanib, u cheklangan miqdorda bo'ladi. Kunning yarmigacha bu energiya deyarli sarflanadi. Har kuni soat 14:00 da hamma narsadan uzoqlashing, 10-15 daqiqa hech narsani o'ylamay, ko'zingizni yumib dam oling. Bu mashqni har kuni takrorlasangiz, natijasini albatta ko'rasiz.
Samaradorlikni ta’minlash uchun qulay va tartibli ish joyi zarur. Sizni ruhlantiradigan dekorativ elementlar bilan ish joyingizni bezang. Ko'pchilik mitti kaktuslar bilan ishlashni yoqtiradi. Tabiiy yorug'likdan foydalaning, stolni tartibli saqlang, shovqinni kamaytirish uchun naushniklardan foydalaning. Masalan, Mozart yoki Beethoven yaxshi variant :)
Erishilgan natijalarni qadrlash — motivatsiyani oshirish va sog‘lom ish muhiti yaratish uchun zarur. Kichik yutuqlar uchun ham o'zingizni mukofotlang. Jamoaviy muvaffaqiyatlarni birgalikda nishonlang. Natijalarni doim tahlil qilib boring va kamchiliklar bo'lsa, birgalikda yechim topish uchun teambuildinglar tashkil qiling. Bu orqali qiziqarli o'yinlar o'ynab, dam olasiz. Dam olish bilan birga yangi g'oyalarga ham ega bo'lasiz.
Xulosa
Samaradorlikni oshirish doimiy mehnat va tajriba talab qiladi. Ushbu maqolada berilgan yetti texnika sizga samaradorlikni oshirish va ish faoliyatingizni optimallashtirish uchun ishonchli asos bo‘lib xizmat qiladi. Kamida bitta texnikani tanlab hayotingizda joriy qiling va uni uzliksiz bajarib boring. Ko‘p o‘tmay, natijani o‘zingiz his qilasiz.
78-888-9-888
Administratsiyaga bog'lanish
Muallif:
Muallif: